Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:29

Turgiston qaerda? Netflix'ning Turkmanistonni eslatadigan “ekshn” filmida diktator lavozimidan chetlatiladi


Byudjeti 150 million dollarlik “Olti sharpa” filmida amerikalik texno-milliarder qanday qilib to‘qima mamlakat Turgistonga uning yovuz diktatorini ag‘darib tashlab, demokratiya olib kelmoqchi bo‘lgani haqida hikoya qilinadi.

Aftidan, Turkmaniston bilan uning avtoritar rahbari Gurbanguli Berdimuhammedov Amerikaning o‘ta serxarajat filmini yaratishga ilhomlantirgan ko‘rinadi.

To‘qima Turgiston bilan Berdimuhamedov Turkmanistoni o‘rtasida yana ko‘plab o‘xshashliklar bor.

Multimedia mahsulotlari tayyorlovchi mashhur Netflix kompaniyasi 13 dekabrda obunachilari hukmiga taqdim etgan “ekshn” janridagi triller Turkmaniston va uning amaldagi mustabid hukmdoridan ilhomlangandek tuyuladi.

To‘qima Turgiston davlat ramzlari Turkmanistonnikiga hayratlanarli tarzda o‘xshash bo‘lsa, uning aholisi turkmancha gaplashadi, ismlari ham – turkmancha.

Rolini Hollivud yulduzlaridan biri Rayan Reynolds ijro etgan ismsiz milliarder Turgiston hukmdori, prezident Rovach Alimovni ag‘darib tashlash uchun davlat to‘ntarishi uyushtirib, o‘rniga uning qamoqda o‘tirgan ukasi Muratni “mamlakat”ning yangi rahbari etib tayinlamoqchi bo‘ladi.

O‘zini “Bir” deb ataydigan milliarder rejasini amalga oshirish uchun 5 kishini: josus, yollanma qotil, o‘g‘ri, shifokor va haydovchini yollaydi. Ular hammasi o‘ziga mos ravishda Ikki, Uch, To‘rt, Besh va Olti degan laqab oladi. Pirovardida Olti halok bo‘ladi. Shundan so‘ng Bir sara maxsus amaliyotlar bo‘linmasining sobiq snayperini yollaydi va u Yetti deb ataladi.

Bir qancha voqealardan so‘ng guruh Turgistonning prezident ma’ruzasi uzatilayotgan telekanali efiriga chiqib, Muratning nutqini uzatadi.

Muratning nutqi odamlarni prezidentga qarshi kurashga ilhomlantiradi.

Diktator qochmoqchi bo‘ladi, lekin yaxtasi hujumga uchraydi. Filmda ko‘plab zo‘ravonliklarga boy quvlashmachoq, jang va portlash sahnalari bor.

Ajab-ajab o‘xshashliklar

Maykl Bey rejissyorlik qilgan film Vengriya, Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qo‘shma Shtatlarda tasvirga olindi.

Turkmaniston aholisi “Olti sharpa” filmini yaqin orada tomosha qila olmaydi, chunki Netflix ushbu yopiq mamlakatda bloklab qo‘yilgan. U yerda hukumat xalq erkinligi va axborot olishni keskin cheklaydi.

Hukumat xalqaro ijtimoiy tarmoqlar va g‘arbning yetakchi, mustaqil axborot saytlarini taqiqlab qo‘ygan.

To‘qima Turgiston bilan Berdimuhamedov Turkmanistoni o‘rtasida yana ko‘plab o‘xshashliklar bor.

Ikkalasi ham xalq yoqtirmaydigan diktatorlar boshqaradigan repressiv mamlakatdir. Turgiston rahbarining ismi bo‘lgan Rovach – Berdimuhamedov yaxshi ko‘radigan ayg‘irining oti.

Berdimuhamedovning so‘nggi qo‘shiqlaridan biri “Rovach” o‘sha otiga bag‘ishlangan bo‘lib, aprelda televidenie orqali efirga uzatilgan edi.

Xuddi Ashxobodda bo‘lgani singari, Turgiston poytaxti Tayrus ham mamlakat rahbarlari bilan qahramonlarining haykallariga to‘lib ketgan. Ikkala mamlakatning pul birligi ham manat deb ataladi.

Lekin o‘xshashliklar shu bilan tugaydi.

1991 yili mustaqillikka erishilgandan beri mamlakatning iqtisodiy ahvoli o‘ta yomonlashgan bo‘lsa-da, Turkmanistonda ochiqcha norozilik alomatlari umuman ko‘zga tashlanmaydi. Buning asosiy sababi Berdimuhamedov bilan o‘tmishdoshi Saparmurot Niyozov siyosiy muxolifatni shafqatsiz ta’qib qilgani, muxoliflarini qamoqqa tashlagani va tanqidchilarini mamlakatdan chiqib ketishga majburlaganida.

XS
SM
MD
LG