Namangan viloyat, Uychi tumanining Soku qishlog‘ida yashaydigan Sherzod Xalilov 26 dekabr kuni kechqurun sinfdoshlari bilan Yangi yil bayramini oshxonada nishonlagandan buyon topilmayapti.
Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan voqea guvohlarining aytishlaricha, bazmda spirtli ichimlik ichgan sinfdoshlar oshxonadan chiqib uylariga tarqalgan. Ammo Sherzod uyiga qaytmagan.
Uychi tumani ichki ishlari bo‘limi mulozimi Sherzod Xalilov qidiruvga berilgani va uning surati ko‘chalarga yopishtirilganini aytdi.
Soku qishlog‘ining Gulzor mahallasida yashaydigan, mavsumiy ustachilik bilan shug‘ullanadigan 35 yashar Sherzod Xalilov to‘rt kundan buyon qidirilmoqda.
Soku qishlog‘ining ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining aytishicha, Sherzod Xalilov 26 dekabr, kechqurun yo‘qolgan:
“Sinfdoshlaridan biri ular yangi yilni o‘sha kuni kechqurun kollej binosi devoriga tutash oshxonada nishonlashganini aytdi. O‘tirishdan so‘ng tashqariga chiqib, hammalari uy-uyiga tarqalgan. Tamom, shundan keyin hech kim Sherzodni ko‘rmagan. Uyiga bormagan”.
Mahalla faolining aytishicha, to‘rt kundan buyon Sherzodning o‘lik-tirigini qidirish davom etmoqda:
Qabristonlar qolmadi, dalalar qolmadi, hech qaerda yo‘q.
“Tinimsiz qidirilyapti. Militsiya, mahalla posbonlari, raislari, kotiblari, qarindoshlari izlamagan joy qolmadi. Egasi yashamayotgan uchastkalarning podvali, cherdagi, fermerlarning kanaldan suv oladigan yerlaridagi ariqlarning ichi, hamma joydan qidiryapmiz. Qabristonlar qolmadi, dalalar qolmadi, hech qaerda yo‘q. Hozircha ikkita gumon bo‘yicha qidirilyapti. Birinchisi, yo yo‘lda moshina urib yuborib, biror odamtopmas joyga olib borib ko‘mib tashlagan, ikkinchisi kanalga tushib ketgan yoki tashlab yuborishgan”.
Uychi tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi qidiruv ishlari tinimsiz olib borilayotganini aytdi:
“Uchastka nozirlari, tergovchilar va boshqa xodimlar qidiruvga safarbar etilgan. Sherzod Xalilovning suratlarini hamma joyga yopishtirdik. Biror natija bo‘lsa xabar qilamiz”
Sherzod Xalilov uylangan, ikki nafar farzandi bor, otasi vafot etgan, onasi bilan birga yashagan. Uy qurilishlarida mavsumiy ustachilik bilan shug‘ullangan.
O‘zbekistonda odamlarning bedarak yo‘qolish voqealari sodir bo‘lib turadi.
Toshkentda farzandini do‘pposlab, qasddan o‘ldirib, murdasini yoqib yuborib, uni bedarak yo‘qoldi degan er-xotin ushlangani haqida Toshkent shahar prokuraturasi o‘z Telegram-kanali orqali ma’lum qilgan edi.
Samarqand viloyati Ishtixon tumani Qayirma qishlog‘ida yashovchi 15 yoshli Gulhayo Mardonova 19 iyun kuni uyidan chiqib ketganicha, bedarak yo‘qolgan edi.
Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanining Balandchayla qishlog‘idagi adirdan 20 aprel kuni 40-umuta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi 26 mart kuni adirga mol boqishga chiqqani bo‘yi bedarak yo‘qolgan va shundan so‘ng uning ko‘milgan jasadi topilgan edi.