Keyingi kunlarda Ozodlikka Samarqand shahri va ayrim tumanlarida qizamiq epidemiyasi tarqagani¸ Urgut va Toyloq kabi tuman shifoxonalarining yuqumli kasalliklar bo‘limida joy yetishmayotgani haqida xabarlar keldi.
9 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya inspektori Bahrom Almatov o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topdi.
Yopiq yig‘ilishda bevosita qatnashgan tibbiyot tizimi mutasaddilaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ Bahromov keltirgan raqamlarga ko‘ra¸ 2019 yili O‘zbekiston bo‘yicha 4127 ta qizamiq holati rasman qayd etilgan.
Mulozimga ko‘ra¸ sentabr oyidan Toshkent shahri va viloyati¸ Samarqand va Qashqadaryo viloyatida qizamiq epidemiyasi yoyila boshlagani ortidan¸ ayni kunlarda sanitariya tizimida favqulodda holat e’lon qilingan; Bosh davlat sanitariya inspektori buyrug‘i bilan maxsus mutaxassislar guruhi vaziyat og‘ir viloyatlarga jo‘natilgan.
Ayni paytda¸ Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki yil oldin qizamiqdan xoli mamlakat deb topilgan O‘zbekistonda qizamiqning qayta yoyilayotgani haqida hozircha aholini ochiq ogohlantirganicha yo‘q.
Qizamiq yana bosh ko‘tardi
Ozodlikka xabar yuborgan urgutliklardan biriga ko‘ra¸ ayni kunlarda Samarqand viloyatining qator tumanlari¸ xususan¸ Urgutda qizamiq epidemiyasi yoyilgan.
Jiyani uch kun avval yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan bu suhbatdosh¸ qizamiqqa chalingan bolalarning ko‘payganiga o‘zi guvoh ekanini aytadi.
“Urgut tumanida qizamiq epidemiyasi boshlandi. Shifoxonalarda joy yo‘q¸ bemorlar bilan to‘lib ketgan. Ichkariga odamlarni qo‘ymayapti karantin deb. Qizamiq rosa ko‘paygan kuniga o‘ntagacha chiqayapti. Jiyanim hali bir yoshga to‘lmagan¸ vrachlar kamida 10 kun yotadi¸ dedi. Biz na bola¸ na onasini ko‘rganimiz yo‘q. Ichkariga hech kim qo‘yilmayapti”.
Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan samarqandlik vrachlardan biri¸ qizamiq tarqaganini tasdiqladi.
“Oldin bunchalik ko‘p emas edi. Eng yomoni hozir 1 yoshga to‘lmagan bolalar o‘rtasida ko‘paygan. Qizamiqqa qarshi emlash bola bir yoshga to‘lganda¸ undan keyin 6 yoshga kirganda qilinadi. Yoshiga to‘lmagan bolalar uchun qizamiq juda xavfli. O‘lim bilan tugashi mumkin”¸ dedi samarqandlik vrach.
Favqulodda choralar
O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya inspektori Bahrom Almatov 9 yanvar kuni o‘tkazgan videoselektorda keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ 2019 yildan to bugunga qadar mamlakat bo‘yicha 4127 ta qizamiq holati rasman qayd etilgan.
Yig‘ilishda aytilishicha¸ bu ko‘rsatkichning 90 foizi Toshkent shahri va viloyati¸ Samarqand va Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qizamiqning 1 yoshga to‘lmagan bolalar orasida ko‘p tarqagani ham tasdig‘ini topdi – Almatovga ko‘ra¸ kasalga chalinganlarning 43 foizini yoshiga to‘lmaganlar tashkil qiladi.
Ayni paytda Ozodlik gaplashgan tibbiyot xodimlari¸ asl raqamlarning bundan ancha ko‘pligi¸ qishloq joylarda qizamiqni uy sharoitida davolash keng tarqalganini aytdi.
Qizamiq bo‘yicha vaziyatni tezda nazoratga olish uchun videoselektor yig‘ilishida vaziyat og‘ir bo‘lgan viloyat va tumanlarga Toshkentdan maxsus mutaxassislar guruhi yuborilishi aytilgan.
Majlis ishtirokchilaridan biriga ko‘ra¸ zudlik bilan qilinishi buyurilgan ishlar orasida kasalxonalarda faqat qizamiqqa chalinganlar saqlanadigan alohida bo‘lim ochish ham bor.
Nega yana qizamiq tarqamoqda?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2017 yili O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgan edi.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ mamlakatda 2017 yilga kelib qizamiqqa qarshi emlash darajasi birinchi vaksinatsiyada 99,5 foiz, takroriy vaksinatsiya esa 99,7 foizni tashkil etgan.
Ammo 2019 yil avgust oyida mamlakat¸ xususan¸ Samarqandda qizamiq tarqagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi va bu xabarni tasdiqlagan Sog‘liqni saqlash vazirligi bunga qizamiqqa qarshi emlanmagan chet el fuqarolari sabab bo‘lganini iddao qildi.
9 yanvar kungi videoselektorda¸ unda qatnashganlarning aytishicha¸ O‘zbekistonda qizamiq epidemiyasi qayta tarqayotganiga boshqacha izoh berilgan.
“Bugungi yig‘ilishda qizamiqqa qarshi emlash bo‘yicha noto‘g‘ri svodka berilgani tan olindi. Respublikaga ehtiyojni 80 foizga qoplashga yetadigan vaksina olib kelingan bir paytda¸ 99 foiz bola emlandi¸ degan yolg‘on hisobot berilgan. Ko‘p bolalar vaksina qilindi¸ deb yozilgan¸ amalda qilinmagan. Shuning orqasida hozir emlanmaganlardan emlanganlargayam o‘tayapti. Bugungi majlisda qizamiqqa chalingan bolalarning 50 foizi virusni kasalxonada yuqtirgani aytildi”.
Qizamiqning qaytadan yoyila boshlagani sabablaridan yana biri¸ Ozodlik gaplashgan samarqandlik vrachga ko‘ra¸ qizamiqqa qarshi vaksinalar sifatining pastligidir.
“Bizga tarqatilayotgan vaksina qutilariga o‘zbekcha yozilgan¸ lekin Hindiston¸ Italiyadan olib kelindi¸ deyishayapti. Sifati juda past¸ qilingan-qilinmaganining farq kam. Vaksina olgan bolayam¸ qizamiq yuqtirayapti¸ uni og‘ir o‘tkazayapti. Shu vaksinalarniyam bir tekshirib ko‘rish kerak o‘zi”¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi.
O‘tkir yuqumli kasallik sanalgan qizamiq dunyoning kambag‘al va qoloq mintaqalari bilan ayni paytda¸ 2019 yilga kelib taraqqiy qilgan Yevropa davlatlarida ham qaytadan yoyila boshladi.
Buning asosiy sababi sifatida¸ ota-onalarning vaksinaga qarshi targ‘ibotlar ta’sirida bolalarini qizamiqqa qarshi emlashdan bosh tortayotgani keltirildi.
40 darajagacha boruvchi temperatura qo‘zg‘aydigan qizamiq virusi pnevmoniya, miya shikastlanishi, ko‘rlik va karlikni keltirib chiqarishi¸ ayrim holatlarda esa o‘lim bilan tugashi mumkin.