Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:55

"Gepatit A"ga qarshi vaksinaning qimmatligi kam ta’minlangan oilalarni tashvishga solmoqda


Keyingi bir necha oy ichida “Gepatit A”ga qarshi emlash vaksinasining 30 foizga qimmatlagani va qimmatlashda davom etayotgani jizzaxlik kam ta’minlangan oilalarni tashvishga solmoqda.

Ozodlik bog‘langan rasmiylar haqiqatan ham vaksina narxi qimmatlaganini, lekin emlash majburiy emas, ixtiyoriy ekanini aytdilar.

Jizzaxlik ayrim manbalar esa, emlash ixtiyoriy bo‘lgani bilan, “Gepatit A”ga qarshi emlanmagan bolalarni bog‘cha va maktablar qabul qilishdan bosh tortayotganidan shikoyat qilmoqda.

"Ishsiz bo‘lsam, uch bolamni emlash uchun 600 ming so‘mni qaerdan olaman?"

Jizzax viloyat, Zomin tumanidagi “Istiqlol” qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Yom qishlog‘ida yashovchi Inomjon Mullayev “Gepatit A”ga qarshi em vositasi narxi qimmatligidan shikoyat qildi.

“Har bir bolaga ikki yuz ming so‘mdan ekan, emlash. Qizig‘i shundaki, emlanmagan bolalarni bog'cha, maktabga olishmas ekan. Emlash shart ekan. Menga o‘xshab ishsizlikdan qiynalib, oilaviy sharoiti bo‘lmagan odamlar nima qiladi? Mening uchta bolam bor. Uchalasini emlashga 600 ming so‘m ketar ekan”, dedi Inomjon Mullayev.

Suhbatdoshimiz bu masalada Ombudsman va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishonch telefonlariga bir necha kun davomida qo‘ng‘iroq qilib tusha olmaganini ham aytib o‘tdi:

“Bir necha kundan beri telefon qilaman. Ishonch telefoniga ovozi yozib olingan qiz javob beradi, keyin shu bilan telefon o‘chadi, yoki telefonni mutlaqo hech kim ko‘tarmaydi. Shuning uchun savolimga javob topish uchun Ozodlikka murojaat qilmoqdaman”, dedi Inomjon Mullayev.

"Gepatitga qarshi vaksina bir oyda 25 ming so‘mga qimmatladi"

Yom qishlog‘idagi tibbiyot punkti shifokori Dilrabo Jo‘rayeva “Gepatit A”ga qarshi vaksina narxi bir necha oydan beri qimmatlab ketganini va bundan keyin ham qimmatlashda davom etishini tasdiqladi:

“Noyabr oyida va dekabrning boshlanishida vaksina 175 ming so‘m edi. Dekabrning o‘rtalariga kelib 190 ming bo‘ldi. Mana bugungi kunda esa 200 mingga chiqdi. Bu SES tomonidan belgilangan davlat narxi. “Gepatit A”ga qarshi 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar emalanadi”, dedi shifokor.

Biroq suhbatdoshimizning tan olishicha, emlangan bolalarning ota-onalariga 200 ming so‘m to‘langani to‘g‘risidagi kvitansiya berilmayapti.

“Men SESdan naqd pul to‘lab, vaksina olib kelaman. O‘sha to‘lagan pullarim uchun menga ham kvitansiya berilmaydi. Kvitansiya berilishi kerakligi haqida endi eshitayapman”, dedi Dilrabo Jo‘rayeva.

"Vaksina o‘zimizda chiqmaydi, Xitoydan olib kelamiz"

Jizzax viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining o‘z ismini aytishni istamagan rasmiysi esa, Ozodlikka gapirar ekan, haqiqatan ham “Gepatit A”ga qarshi emlash pulli ekanini bildirdi.

“Vaksinani hozir chet eldan olib kelayapmiz. O‘zimizda chiqmaydi. Hozirgi vaksinalar Xitoyda ishlab chiqarilgan. Shuning uchun ham emlash pulli bo‘lib qoldi. Biroq emlash majburiy emas, ixtiyoriydir. Shundan kelib chiqib, maktab va bog‘chalar ham “Gepatit A”ga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomani talab qilishga haqli emas. Majburiy emlashlar bor, o‘sha majburiy emlashlardan so‘ng, shifokorlar o‘zlari maktab va bog‘chalarga tegishli ma’lumotlarni yozib berishadi”, dedi rasmiy.

Jizzax viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiysining Ozodlikka aytishicha, mana shu ma’lumotnomada shifokorlar majburiy bo‘lgan barcha emlovlarni, jumladan “Gepatit B”ga qarshi emni ham qayd etadi va maktab bundan boshqa emlarni talab qilishga haqli emas.

Biroq o‘z nomini aytishimizni istamagan jizzaxlik o‘qituvchilardan birining Ozodlikka aytishicha, bolaning maktabga va bog‘chaga qabul qilinishida birinchi e’tibor uning qizamiq va sariq kasalliliga qarshi emlanganiga qaratiladi:

“Chunki, o‘zingiz bilasiz, maktab va bog‘chada bolalar bevosita muomalada bo‘lishadi. Birovida yuqumli kasallik bo‘lsa, darrov boshqalarga yuqadi. Shuning uchun bolaning yuqumli kasalliklarga qarshi emlanganligiga birinchi o‘rinda e’tibor qaratiladi. Biz tibbiyot mutaxasisisi emasmiz. Bizga sariq kasaliga qarshi emlanganligi tasdiqlansa bo‘ldi, bu “Gepatit A” bo‘ladimi yoki “Gepatit B”mi - buni biz tushunmaymiz”, dedi o‘qituvchi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti nima deydi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiy saytida qayd etilishicha, “Gepatit A” bemor bilan kontaktda bo‘lgan odamga yuqadi.

“Shuning uchun “Gepatit A”ga qarshi emlash virus gepatitining oldini olish va nazorat qilish kompleks rejasining bir qismi bo‘lishi shart. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “Gepatit A”ga qarshi emlashni 1 yosh va undan katta bolalarni emlash milliy kalendariga kiritishni tavsiya qiladi”, deyiladi tashkilot ma’lumotnomasida.

Ma’lum bo‘lishicha, “Gepatit A” virusli gepatitlarning 40 foizi yuzaga kelishining asosiy omili hisoblanadi.

Jizzah sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiysi Ozodlikning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotnomasidan kelib chiqib, “pulli emlash “Gepatit A” epidemiyasi yuzaga kelishiga omil yaratishi mumkinmi?” degan savoliga javob bera olmadi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘lanish harakatlarimiz esa samara bermadi. Ikki kun mobaynida vazirlikning ishonch telefonini hech kim ko‘tarmadi.

Tadbirkor: "Gepatit A"ni milliy emlash dasturiga kiritishga harakat qilinmoqda

«Gepatit A»ga qarshi emlash vositalarini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi buyurtmasi bilan mamlakatga olib kelish bilan shug‘ullanadigan «Tibbiyot olami» shirkati rahbari Sodiq Sodiqovning Ozodlikka aytishicha, ayni paytda O‘zbekistonda ham “Gepatit A”ni milliy emlash dasturiga kiritish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

«Hozirda O‘zbekiston milliy emlash dasturiga 12 ta kasallikka qarshi, jumladan, ko‘p uchraydigan og‘irroq «Gepatit B»ga qarshi vaksinalar kiritilgan. Bularning hammasi bepul. Ayni paytda 2021 yilgacha «Gepatit A»ni ham milliy emlash dasturiga kiritish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligida ish olib borilayapti. Aniq aytadigan bo‘lsam, hozir «Gepatit A» vaksinasi uchun byudjetdan qancha pul ajratilishi zarurligi hisob-kitob qilinayapti. Mutaxassis sifatida aytamanki, buning uchun juda katta miqdordagi pul talab qilinadi va buni aniq, tiyin-tiyinigacha hisoblab chiqish kerak», dedi Sodiq Sodiqov.

Mutaxassisning aytishicha, «Gepatit A» vaksinasining qimmatligidan shikoyatlar unga ham kelib tushgan.

«Hozir vaksinaning narxini arzonlashtirish masalasini ham ko‘rib chiqayapmiz. Menga ham ko‘p odamlar vaksinaning qimmatligidan shikoyat qilib murojaat qilishmoqda. Aslida 200 ming so‘m uncha qimmat narx emas, chunki uni Xitoydan olib kelamiz. Lekin aholining talablarini ham inobatga olmasak bo‘lmaydi».

“Emlashning pulli ekanligi, ya’ni imkoniyati yo‘qlarning bolalari emlanmay qolishi “Gepatit A” epidemiyasi yuzaga kelishiga omil yaratishi mumkinmi?” degan savolimizga javob berar ekan Sodiq Sodiqov: “Bu sanitariya-epidemiologiya nazorati mutaxassislarining aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini qay darajada samarali olib borishiga bog‘liq. Shu kungacha “Gepatit A” epidemiyasi kuzatilmadi, holbuki shu kungacha ham vaksina pulli edi”, deb javob berdi.

XS
SM
MD
LG