Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:55

Mehnat vazirligi paxta tergan 700 ayolga haq to‘lamaydigan bo‘ldi. Qonun ayollar tomonida


O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi paxta terish uchun yollangan 700 nafar “ayolga paxta terimida ishtirok etganligi sababli ish haqi to‘lanishi maqsadga muvofiq emas” deb topdi. Bu haqda vazirlik o‘zining rasmiy Telegram kanalida ma’lum qildi.

Bu ayollarni paxta terimiga Forish tuman aholini ish bilan ta’minlash markazi yollab, ularning har biriga oyiga 704 ming so‘mdan ish haqi to‘lash majburiyatini olgan.

Ayollarning bir qismiga oktabr oyi uchun ish haqi berilgani, ammo noyabr oyi uchun haligacha ish haqi to‘lanmaganini Ozodlik aniqlagan edi.​

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktabrdagi 799- qaroriga asosan, qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlar haq to‘lanadigan jamoat ishlari qatoriga kiritilgan.

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik radiosi Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Sayyod mahallasida yashovchi 45 ga yaqin ayol Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan ish haqini ololmayayotgani haqida 10 yanvar kuni xabar bergan edi.

Mavzuni o‘rganish jarayonida Forish tumanida 700 nafar ayol tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan paxta terish uchun yollangani va ularning bir qismiga oktabr oyi uchun ish haqi berilgani, ammo noyabr oyi uchun haligacha ish haqi to‘lanmagani aniqlangan edi.

Ayollarning iddao qilishlaricha, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi ularni oktabr va noyabrda paxta terish uchun ikki oyga rasman ishga yollagan va har bir oy uchun 704 ming so‘mdan ish haqi to‘lash majburiyatini olgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining shu masalada bergan bayonotini to‘liq keltiramiz.

“2020 yil 10 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh jizzaxlik ayollar 2019 yil noyabr oyida paxta yig‘im terimida ishtirok etganligi, paxta pulini esa hanuzgacha olmagani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Ayni masala 2020 yil 11 yanvar kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas’ullari tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, paxta terimi jarayonida ishtirok etgan barcha terimchilarga terim pullari to‘liq berilgan, bundan tashqari rag‘batlantirish uchun o‘simlik yog‘i ham taqdim etilgan.

2019 yil noyabr oyida Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish uchun Forish tuman Aholi bandligiga ko‘maklashi markaziga tumandagi 23 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan jami 700 nafar fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qilish bo‘yicha buyurtmalar taqdim etilgan. Ular asosida monitoring o‘tkazilib, jamoat ishlariga jalb qilingan (ta’kid Ozodlikniki) fuqarolar ushbu davrda paxta terimida ishtirok etganligi sababli ish haqi to‘lanishi maqsadga muvofiq emas deb topilgan.

Murojaatchilarga paxta terimi hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinganlik uchun to‘lovlar tartibi to‘liq tushuntirilgan.

Hozirda mazkur murojaatni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish chorasi ko‘rilyapti”.

Tog‘aygul: Tushunmadim, o‘z haqimni talab qilishimning turmushga chiqa olmasligimga qanday aloqasi bor?

Forish tumanidagi Sayyod mahallasida yashovchi Tog‘aygul Jo‘rayrva ish haqini ololmay sarson bo‘lganidan keyin Ozodlikka shikoyat qilgan ayollardan biri. U 15 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda maqola chop etilgani va prezident portaliga ish haqini so‘rab murojaat qilganidan so‘ng o‘ziga nisbatan bosim bo‘lganini aytdi:

- Bugun portalga ham murojaat qilgan edik. Shunga oldimga birjada ishlaydigan Alisher degan odam kelib: “Yomon ish qilibsiz. Siz turmushga chiqishingizni o‘ylashingiz kerak. Bunday murojaatlaringiz turmushga chiqishingizga halaqit beradi”, degan gaplarni aytdi. Nahotki o‘z haqimni talab qilishim turmushga chiqishimga halaqit bersa? -deb savol qo‘yadi Tog‘aygul.

Uning aytishicha, birja vakili undan “paxtaga chiqqanim uchun mehnat haqimni oldim” degan ma’noda tilxat yozib berishni talab qilgan.

- Oyligimni oldim, deb yozib berishim kerak ekan. Shu tilxatim bilan arizamni yopishar ekan. Men oyligimni bermaguniglarcha hech narsa yozmayman, deb turib oldim. Mahalla raisiga telefon qilgan edim u: “Birjadagilar faqat 17 kunga ish haqi to‘lab beramiz deb aytishayapti. Men bunga ko‘nmayapman. Sizlarni bir oyga paxtaga olib borganman. To‘liq to‘lashlari kerak, axir ertaga yana paxta terimiga chiqishimiz bor”, deb aytdi, -dedi Tog‘aygul Jo‘rayeva.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bayonoti hamda Tog‘aygul Jo‘rayeva.​bilan 15 yanvarda o‘tkazilgan suhbatdan Ozodlikda quyidagi bir qator yangi savollar paydo bo‘ldi:

1. Vazirlikning rasmiy bayonotidagi “...jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar ushbu davrda paxta terimida ishtirok etganligi sababli ish haqi to‘lanishi maqsadga muvofiq emas deb topilgan” va keyingi abzatsdagi “Murojaatchilarga paxta terimi hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinganlik uchun to‘lovlar tartibi to‘liq tushuntirilgan”, degan gapni qanday tushunish mumkin? Bu gapda mantiq bormi?

2. Paxta terimiga yollanganlarga ish haqi berilmas ekan, unda nega forishlik 700 ayoldan ayrimlariga paxta puilidan tashqari yana oktabr oyi uchun 704 ming so‘mdan ish haqi berilgan?

3. Tog‘aygul Jo‘rayeva bilan suhbatlashgan Forish tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi vakili Alisher nega undan "paxtaga chiqqanim uchun ish haqimni oldim", degan tilxat yozib berishni talab qilgan? Demak ish haqi berilishi kerak ekan-da? Ish haqi berilishi kerak bo‘lsa, unda nega berilmayapti yoki 700 ayolning bir oylik ish haqi "yo‘qolib" qoldimi?

4. Paxta terimiga chiqqani uchun haq to‘lanmasa, nega 700 nafar ayol davlat rasmiy organi bo‘lgan aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ishga yollandi? Ayollarning o‘zlari aholi bandligiga ko‘maklashish markazi vositasisiz paxta terimiga chiqa olmasmidi? Bu vositachisiz ham ularning o‘zlari o‘z ixtiyorlari bilan paxta terimiga chiqib, tergan paxtalari uchun haq olishlari mumkin edi-ku?

5. Vazirlik rasmiy bayonotida “Murojaatchilarga paxta terimi hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinganlik uchun to‘lovlar tartibi to‘liq tushuntirilgan”, deb yozganida Tog‘aygul Jo‘rayevaga qilingan bosimni nazarda tutdimi?

Ozodlik muxbiri savollarni berish uchun Forish tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga va boshqa rasmiylarga telefon qilib, javob ololmadi. Rasmiylar telefonlarini ko‘tarmadilar, ayrimlari esa Ozodlik bilan suhbatlashishdan bosh tortdi.

Qonun nima deydi?

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktabrdagi 799-son qaroriga 3-ilova “Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”, deb nomlanadi.

Mazkur Nizom O‘zbekiston prezidentining «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 24 maydagi PF-5052-son Farmoniga muvofiq haq to‘lanadigan jamoat ishlarini (keyingi o‘rinlarda Jamoat ishi deb ataladi) tashkil qilish turlari va tartibini belgilaydi.

“Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 1-bobi 2 bandida:

“... (Haq to‘lanadigan) jamoat ishlari — ishsiz va band bo‘lmagan aholi uchun umumjalb etish mumkin bo‘lgan, alohida tayyorgarlik va malaka talab qilmaydigan, haq to‘lanadigan vaqtinchalik mehnat faoliyati turlari;

(Haq to‘lanadigan) jamoat ishlarini bajaruvchi shaxs — belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan, shuningdek ish izlovchi shaxs sifatida ro‘yxatga olingan va jamoat ishlarida qatnashish uchun jalb qilingan fuqaro”, deb belgilanadi.

2-bobning 9 bandida “mavsumiy qishloq xo‘jalik ishlari (ta’kid Ozodlikniki), qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini ta’mirlash”haq to‘lanadigan jamoat ishi sifatida e’tirof etilgan.

Nizomning 3-bobida jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi belgilab berilgan:

25. ABKM (Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi -tahr.) buyurtmachi ish beruvchi tomonidan hisobot oyining 15-sanasiga qadar taqdim etilgan tabelga asosan Jamg‘arma tomonidan qoplanadigan to‘lovlarning 50 foiz qismini avans sifatida to‘laydi.

31.(Haq to‘lanadigan) Jamoat ishlarida qatnashadigan fuqarolar bilan ish beruvchi mazkur Nizom talablariga muvofiq mehnat shartnomasi tuzadi. Shartnomada tomonlarning majburiyatlari, ishning hajmi va bajarish muddatlari, mehnatni tashkil etish va unga haq to‘lash shakllari nazarda tutiladi.

32. (Haq to‘lanadigan) Jamoat ishlarini bajarayotgan fuqarolarga korxonalarda amalga bo‘lgan stavkalar va lavozim maoshlari (ishbay narxlar)dan kelib chiqqan holda, ammo ish haqi to‘lash bo‘yicha Yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanadi.

(Haq to‘lanadigan) ​Jamoat ishlarida ish haqidan tashqari mehnat uchun qo‘shimcha mukofotlar miqdori ish beruvchilar mablag‘lari hisobidan belgilanishi mumkin ( ta’kid Ozodlikniki).

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

39. (Haq to‘lanadigan) Jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha faoliyat bilan bog‘liq holda vujudga keladigan bahslar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

40. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob berishadi.

XS
SM
MD
LG