Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:51

Shartnomadagi majburiyatini o‘zi bajarmagan klaster 300 fermerni jarimaga tortmoqchi


“G’uzor textil Impex” klaster korxonasi Qashqadaryo viloyat, Mirishkor tumanidagi qariyb 300 fermerni shartnomadagi paxtani topshirmagani uchun jarimaga tortmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan fermerlarga ko‘ra, klasterning aybi bilan bo‘nak puli vaqtida berilmagan, mineral o‘g‘itlarning ta’minoti kechikkan, natijada paxta hosildorligi tushib ketgan.

“G’uzor textil Impex” klaster korxonasi rahbari o‘rinbosari Anvar Abdusalomov fermerlar bilan o‘rtadagi nizo sud orqali hal qilinishini aytdi.

Mirishkor tumanida 2019 yilda faqat besh gektar yeri bo‘lgan bir nafar fermergina, klasterga paxta sotish rejasini bajargan.

Fermerlar, birinchi marta Mirishkorda“G’uzor textil Impex klaster korxonasi aybi bilan paxta hosildorligi misli ko‘rilmagan darajada pasayib¸ odatiy 40-45 sentnerdan, 20-25 sentrgacha tushib ketganini aytadi.

Fermerlar rejani bajarmagan bo‘lsa-da, klasterga yuzlab million so‘mlik paxta topshirgan¸ ammo klaster olgan paxtasi pulini¸ shartnomada ko‘rsatilgan kabi¸ 31 dekabrgacha to‘lash majburiyatini bajarmagan.

“Boburshoh Mirkamolovich” fermer xo‘jaligi rahbari Mirkomil Toshevning aytishicha, reja bajarilmaganiga klasterning fermerlar oldidagi majburiyatini deyarli bajarmagani sabab bo‘lgan:

To‘y o‘tgandan keyin xinani ketingga qo‘y deganlaridek, u paytda paxta ochilishni boshlagan edi.


- Birinchisi, klaster o‘tgan yilning 31 avgustigacha shartnomadagi paxta pulining 60 foizini berishi kerak edi. Lekin shu 60 foizning uchdan bir qismini berdi, xolos. Ikkinchidan, 31 dekabrgacha paxta pulini berishi kerak edi, bermadi. Uchinchidan, azotli o‘g‘itlarni avgust oyining oxirida berdi. To‘y o‘tgandan keyin xinani ketingga qo‘y deganlaridek, u paytda paxta ochilishni boshlagan edi. Shuning uchun har yili 40 sentnerdan oladigan paxtamiz 25 sentnerga tushib ketdi. Plan to‘lmadi. To‘rtinchidan, o‘zining aybini bizdan jarima undirish bilan yopmoqchi. Shartnoma bo‘yicha, sudning qarori chiqqandan keyin jarima undirilishi kerak. Lekin, endi avval jarima ushlaymiz deb, hosil pulimizni bermayapti.

O‘n to‘rt yildan buyon fermerlik qilayotgan Asqar Shodmonov, klaster bilan ishlashga o‘tganidan keyin ish unumi ham, samaradorlik ham pasayib ketganini aytadi:

Klaster o‘zining aybi bilan hosilni boy bergani uchun, jarimani fermerlarning bo‘yniga yuklayapti.


- Shu paytgacha har gektar yerdan 40-50 sentner paxta olib kelganman. Hech bo‘lmaganda 35 sentner olganman. Klaster kelganidan keyin 2018 yilda y3rimizni olib qo‘yib o‘zi ekdi, ishlolmadi, bor-yo‘g‘i 7 sentner hosil oldi. 2019 yilda yerni qaytarib berishdi. Endi ular nima bersa¸ o‘shanga qarab ishladik-da, mineral o‘g‘itni avgustga bir oy vaqt qolganda berdi. U paytda endi dori solishning foydasi yo‘q edi, paxta g‘ovlab ketdi. Solyarka muammo, dori muammo. Oqibatda plan bajarilmay qoldi. Endi, klaster o‘zining aybi bilan hosilni boy bergani uchun, jarimani fermerlarning bo‘yniga yuklayapti.

Fermerga ko‘ra, klaster 31 dekabrgacha olgan paxtasi pulini bermagani uchun, yangi yilning har kuni soliq puli peniya tug‘ayapti:

- Pulimizni bersin hech bo‘lmasa, paxtaning solig‘ini to‘laylik. Bir oy ichida uning peniyasi ham 10 million so‘m bo‘ladi.

“Meliyev Xurshid” fermer xo‘jaligi rahbari Xurshid Meliyevning aytishicha, klaster rahbarlarining ketma-ket almashaverishi ham ishning borishiga salbiy ta’sir qilgan:

- Fermerlar klasterning boshlig‘i kim ekanligini ham bilmaydi. Qo‘lqop singari almashadi ular.

Fermerlarning aytishlaricha ikki yil orasida “G’uzor textil Impexklaster korxonasida 8 marta rahbar va ularning o‘rinbosarlari almashgan.​

“G’uzor textil Impex klaster korxonasi rahbari o‘rinbosari Anvar Abdusalomov Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning jarimaga tortilganini tasdiqladi:

- Shartnomaning 5.2 bandiga topshirilgan mahsulotning jami miqdoridan 20 foiz jarima hisoblanadi, deb kiritilgan. Buni sudga berganmiz. Yaqinda sudda ko‘riladi, agar sud bizning da’vomizni qanoatlantirsa, o‘sha summani biz o‘zimizning hisobimizga kiritib, qolganini fermerga qaytarib beramiz.

Fermerlar e’tiroziga javob bergan Anvar Abdusalomov:

- Bu jihatlar ham e’tiborga olinadi, sudda ko‘riladi hammasi. Fermerlar ham o‘zlarining advokatlari bilan himoya qilishadi. Sud bizning da’vomizni qanoatlantirishi yoki qanoatlantirmasligi ham mumkin. 31 dekabrgacha nega fermerlar hosil puli berilmaganini men izohlay olmayman. Yaqinda ish boshlaganman¸ dedi.

Mirishkor tumani Fermerlar kengashi ham fermerlar arizalari asosida “G’uzor textil Impexklaster korxonasini javobgarlikka tortish maqsadida Kasbi tumani Iqtisodiy sudiga talabnoma kiritgan.

24 yanvarь kuni Oliy Majlis palatalarining ilk qo‘shma majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor klaster tizimining korrupsiyalashganini tan oldi.

XS
SM
MD
LG