Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:27

4 kundan beri uchoq kutayotgan talabalar Pekin aeroportida qolmoqda. Birinchi reys Toshkentga keldi (VIDEO)


Pekin aeroportida o‘zbek talabalari tunni kunga ulamoqda.
Pekin aeroportida o‘zbek talabalari tunni kunga ulamoqda.

O‘zbekistonlik o‘nlab yo‘lovchi Toshkent bilan Pekin o‘rtasida aviaqatnov to‘xtagach, bir necha kundan buyon Pekindagi aeroportda qolmoqda. Yo‘lovchilarning aksariyati Xitoyda o‘qiyotgan talabalardir.

Ozodlikka Pekindan xabar qilishlaricha, O‘zbekiston koronavirus tarqalishi sababli 1 fevraldan Xitoy bilan aviaqatnovni vaqtincha to‘xtatgach, o‘zbekistonliklar Toshkentga qayta olmayapti.

O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, 200 atrofida o‘zbek vatandoshi Toshkentga ketishga yordam so‘rab elchixonaga murojaat qilgan, 4 fevral kuni esa Pekin shahri aeroportiga 450dan ziyod o‘zbekistonlik kelgan.

Shulardan 250 o‘zbekistonlik 4 fevralda charter reys bilan Toshkentga jo‘natilgan.

Xitoy sharqidagi Shandun (Šan-tung) viloyatidagi universitetda o‘qiyotgan talabalardan birining Ozodlikka aytishicha, u va yana ikki kursdoshi hayot uchun xavfli bo‘lgan koronavirus tarqalgani bois Toshkentga qaytishga qaror qilishgan va 2 fevral kuniga bilet olishgan.

- Samolyotga ulgurish uchun Shandundan Pekinga 1 fevral kuni uchib keldik. O‘sha kuni reys bekor bo‘ldi, biletlarimizni charterga o‘zgartirishdi. O‘shandan beri mana to‘rt kun bo‘lyapti aeroportda yotibmiz, - deydi talaba.

Пекин аэропортида ўзбек талабалари тунни кунга уламоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:06 0:00

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari ular 4 fevral kuni Toshkentga uchadigan charter uchoqqa olinishini va’da qilishgandi.

Ammo, ular charter uchoqqa olinmagan.

Akaxonlari, elchixonaga gapi o‘tadiganlar uchib ketdi, biz qolib ketdik.

- Navbat ro‘yxatining o‘ntaligida edik, lekin shu bugun ertalab kelganlar, ro‘yxatda bo‘lmagan odamlar, akaxonlari, elchixonaga gapi o‘tadiganlar uchib ketdi, biz qolib ketdik, - dedi o‘zbekistonlik talaba.

Pekin aeroportida qolayotganlar orasida Shanxay shahrida o‘qiydigan talabalar ham bor. Ulardan biri bunday dedi:

- Bu ularning aybi bilan bo‘lyapti. Samolyotda joy bo‘lmasa mehmonxona berishi kerakku, lekin mehmonxona ham bermadi.

Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, 3 fevralga qadar 200 atrofida o‘zbekistonlik Toshkentga ketishga yordam so‘ragan, 4 fevralda esa Pekin aeroportiga 450 dan ziyod o‘zbekistonlik kelgan.

Shulardan 250 o‘zbekistonlik 4 fevralda charter reys bilan Toshkentga jo‘natilgan.

- Yoshi kattalar va bolalilar birinchi navbatda uchoqqa olindi. Qolgani 5 fevral kuni 23.00 da parvoz qiladigan uchoqda Toshkentga eltiladi, - dedi elchixona rasmiysi.

Ayni paytda elchixona rasmiysi 5 fevral kungi uchoqqa ham tiqilinch bo‘lib ketishini istisno qilmadi.

Pekin aeroportida qolayotgan talabalar 5 fevral kungi uchoqqa navbat ro‘yxati tuzilmaganini aytishdi:

Bardak bo‘lib yotibdi. Elchixona xodimlari bizga molga qaraganday qaraydi.

- Ertaga ham akaxonlari o‘tib, biz qolib ketsak ajab emas, chunki navbat ro‘yxati yo‘q. Bardak bo‘lib yotibdi. Elchixona xodimlari bizga molga qaraganday qaraydi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 4 fevral kuni Xitoydan 250 nafar o‘zbekistonlik charter reys bilan mahalliy vaqt bilan 17.40da Toshkentga olib kelingan.

Ular orasida koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahrida yashagan o‘zbekistonliklar ham bor.

Xitoydan 250 o‘zbekistonlik maxsus uchoqda Toshkentga olib kelindi.
Xitoydan 250 o‘zbekistonlik maxsus uchoqda Toshkentga olib kelindi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Xitoydan qaytib kelayotgan barcha yo‘lovchilar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi.

Uxan va Xitoyning boshqa mintaqalaridan olib kelinayotgan O‘zbekiston fuqarolari butun inkubatsion davrda karantinda ushlab turiladi. 14 kun davomida ularning oila a’zolari, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashishiga ruxsat berilmaydi.

Dekabr oyining oxirida Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan virusdan 4 fevralgacha 426 odam o‘ldi, kasallikni 20 mingdan ortiq odam yuqtirdi.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti xavfli virus sabab bir necha kun muqaddam favqulodda holat rejimini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG