Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:44

Miltiqdan otilgan uch qo‘qonlik yigit kasalxonadan majburan olib ketilib, o‘n sutkaga qamaldi


Baxtishod Mamajonov olgan jarohat
Baxtishod Mamajonov olgan jarohat

Qo‘qon shahridagi “Shedevr” choyxonasi oldida 6 fevral kuni kechasi qirqma ov miltig‘idan ko‘p sonli jarohat olgan uch yigit 7 fevral kuni tez yordam kasalxonasidan olib ketilib, Farg‘ona viloyati IIB izolyatoriga qamab qo‘yildi.

Jabrlanganlar yaqinlarining aytishlaricha, tanalaridagi o‘qlar hali to‘la-to‘kis olinmagan bemorlarning olib ketilishiga vrachlar ham to‘sqinlik qilmagan.

Jabrlanganlar 8 fevral kuni Farg‘ona tumani sudiga olib borilgan va ularga o‘n sutkalik qamoq jazosi tayinlangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi miltiqdan o‘q otgan shaxs ushlangani va bu ish yuzasidan tergov o‘tkazilayotgani haqida xabar qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining xabar qilishicha, 6 fevral kuni soat 00.10 larda Qo‘qon shahar, General Uzoqov ko‘chasida joylashgan choyxonada bir fuqaro choyxona kirish eshigi oldida turgan uch kishini ov miltig‘idan ikki marta o‘q otib yaraladi va voqea joyidan yashirindi.

Voqea o‘q otgan va o‘q yeganlarning o‘zaro janjali ortidan yuz bergan.

Jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqidagi Qo‘qon shahar prokuraturasining qarorida yozilishicha, “tibbiyot birlashmasidan berilgan dastlabki ma’lumotga ko‘ra, Baxtishod Mamajonovda sochma o‘qdan shikastlanish, chap qo‘l bilak-kaft, barmoq, qorin oldi devori, oraliq sohalarida ko‘plab yot jismlar, Abduqodir Qodirovda o‘ng yelka va ko‘krak old yuzasida ko‘plab sochma o‘qdan olingan jarohatlar, Shohabbos Jabborovda chap ko‘krak qafasi old yuzasi va qorni old devorlarida ko‘plab sochma o‘qdan jarohatlanish aniqlangan.

Jabrlanganlarning yaqinlari gumonlanuvchi shaxs nima sababdan ularni miltiqdan otgani sababini bilmasliklarini aytmoqda.

Jabrlanganlar 6 fevraldan 7 fevralga o‘tar kechasi Qo‘qon shahridagi shoshilinch tibbiy yordam markaziga yotqizilgan.

Baxtishod Mamajonovning onasi Sayyora Baratovaning aytishicha, o‘g‘lining badanidagi o‘qlar hali tamoman olinmasdan turib, ularni militsiya xodimlari zo‘rlik bilan kasalxonadan chiqarib, olib ketgan:

Nega qoni oqib turgan bolamni izolyatorga olib ketishadi?


- Militsiya prokuraturadan qaror olib keldi, tezda bularni Farg‘onaga SIZO ga olib ketamiz deyishdi. To qaror olib kelmaguncha biz bermadik. Duxturlar ham bularning qo‘lida, qornida hali o‘qlar bor, temperaturasi bor, bular kasal ham demadi. O‘qni otgan boshqaku, agar biror mojarosi bo‘lsa shu yerga kelib so‘rasin, nega qoni oqib turgan bolamni izolyatorga olib ketishadi?

Baxtishod Mamajonov olgan jarohat
Baxtishod Mamajonov olgan jarohat

Jabrlanganlardan yana biri, Shohabbos Jabborov buvisi 73 yashar Tamara Muammedjanovaning aytishicha, uning nevarasi badanidagi birorta o‘q olinmasdan turib, majburan olib ketilgan:

Rentgen qildik. Nevaramning ichida 37ta o‘q bor ekan.


- Men kasalxonada ikki kun turdim. Hech qanday yordam ham berishmadi, o‘qlarni ham olishmadi. Vrachlarga nega yordam bermayapsizlar desam, tepadan shunday buyruq bo‘lgan deyishdi. Sudmedekspert ham keldi, shunday qornini bosib ko‘rdiyu shu bilan chiqib ketdi. Rentgen qildik. Nevaramni ichida 37ta o‘q bor ekan. Yelkasidan boshlab qornigacha sochma o‘q tekkan. Yettita o‘q taloqda turibdi. Birortasini olmadi. Duxturning gapini qarang, yiringlab o‘zi chiqib ketar ekan. Olib ketishganda isitmasi bor edi. Shu holatida konvoy mashinaga solib izolyatorga olib ketdi. Agar so‘raydigan narsalari bo‘lsa, nega shu yerga kelib so‘rashmaydi. Qochib ketadi deb qo‘rqishsa, nega qo‘riqchi qo‘ymaydi. Yarador odamni izolyatorga olib borib qamash, insofdanmi? Axir bular jabrlanganlarku, o‘q otgan emasku?

Shohabbos Jabborovga otilgan o‘qlar rentgenda ko‘rinadi
Shohabbos Jabborovga otilgan o‘qlar rentgenda ko‘rinadi

Onalarning aytishlaricha, yigitlarni mahbuslar tashiydigan mashinada olib ketishgan.

Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, "fuqaro A.Qodirovda aniqlangan tan jarohatlari hayot uchun xavfli belgilari bilan kechmagan, ammo sog‘lig‘ini uzoq muddatga(21 kundan ko‘p bo‘lgan muddat) buzilishiga sababchi bo‘ladi va shu sabab 21 kundan ko‘p bo‘lgan muddat sog‘lig‘i buzilishiga sababchi bo‘lgan O‘RTA OG‘IR tan jarohatlari toifasiga kiradi".

Abduqodir Qodirovga berilgan ekspertiza xulosasi
Abduqodir Qodirovga berilgan ekspertiza xulosasi

Ammo shunday bo‘lsa-da, ekspertiza uni tergov hibsxonasini tibbiyot xodimlari nazorati ostida saqlab turishiga mone’lik qilmaydi, degan xulosa chiqaradi.

Jabrlanganlar yaqinlarining iddao qilishicha, haqiqiy ekspertiza o‘tkazilmasdan, "tergovga yaraydi" mazmunida yuzaki soxta xulosa chiqarib berilgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik advokatlardan birining aytishicha, bu holatda qonun vrachlar tomonidan ham, prokuratura tomonidan ham buzilgan:

“Agar badanidagi o‘qlar hali olinmagan, u tergov berishga qodir bo‘lmasa, vrach uni kasalxonadan chiqarishga ruxsat bermasligi shart edi. Vrachlarga ham tazyiq bo‘lgan shekilli. Ikkinchidan, agar bular xavfli jinoyatchi bo‘lmasa, to sog‘ayguncha tergov qilinmasligi, agar juda zarur bo‘lsa tergovchi kasalxonaga kelib so‘roq qilishi kerak edi. Bu o‘rinda O‘zbekiston Jinoyat protsessual kodeksi qonunlari qo‘pol ravishda buzilgan va izolyatorga qamalgan mahbuslar hayoti xavf ostida qolgan. Chunki o‘q joylari zarajenie bo‘lib ketishi mumkin”.

Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasi rahbari Komiljon Sirojiddinov Ozodlik bilan suhbatda bu voqeadan bexabar ekanligini aytib, aloqani uzdi.

Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam markazining o‘zini tanishtirmagan vrachi miltiq o‘qidan yaralangan uch nafar yigit badanidagi o‘qlar tamoman olinmay turib ichki ishlar organi xodimlari olib ketganini tasdiqladi.

Ozodlik 8 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 17.15da jabrlanuvchilarning yaqinlari bilan yana bog‘langanida, jabrlanuvchilar Farg‘ona tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga olib kelinganini aytdilar:

“Hozirgina shu yerga konvoy mashinasida olib kelishdi. Ukam bilan gaplashdim. Kechadan buyon yaralarini perevyazka ham qilmabdi, hamma joylari qonab yotibdi ekan. Bizga jinoyatchiga qaraganday muomala qilishyapti, deydi”.

8 fevral kuni soat 18.30da Farg‘ona tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi yarador holda olib kelingan Baxtishod Mamajonov, Abduqodir Qodirov va Shohabbos Jabborovni o‘n sutka qamoqda ushlab turish haqida qaror chiqardi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabariga ko‘ra, jabrlanuvchilar olgan jarohatlarning og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid ekspertiza tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan JKning 25- moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) ,97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi "a, p" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.Tergov harakatlari olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG