Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:27

"Meni Qozog‘istonda qullikka sotganlar jazosiz qolmoqda"


Andijonlik Pahlavon Hudoyberdiyev iddaosicha, o‘z hamqishlog‘i uni Olmaota viloyat Jarkent tumaniga olib borgan, pasportlarini olib qo‘yib, qozog‘istonlik sheriklari qo‘liga topshirgan.
Andijonlik Pahlavon Hudoyberdiyev iddaosicha, o‘z hamqishlog‘i uni Olmaota viloyat Jarkent tumaniga olib borgan, pasportlarini olib qo‘yib, qozog‘istonlik sheriklari qo‘liga topshirgan.

Andijon viloyatining Marhamat tumanida yashovchi 43 yoshli Pahlavon Hudoyberdiyev o‘zi va yana yigirma nafar hamqishlog‘ini Qozog‘istonga olib borib qullikka sotib yuborgan shaxslar ustidan tuman huquq-tartibot idoralariga qilgan shikoyati javobsiz qolayotganini aytdi.

Hudoyberdiyev iddaosicha, o‘z hamqishlog‘i bo‘lgan 37 yoshli yigit ularni 2016 yil mart oyida Olmaota viloyat Jarkent tumaniga olib borgan, pasportlarini olib qo‘yib, qozog‘istonlik sheriklari qo‘liga topshirgan.

Sheriklari ularni qurilishda uch oy davomida oylik bermasdan kuniga 14 soatlab ishlatgan.

2016 yilning iyun oyida qullikdan qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan Hudoyberdiyev uni sotib yuborgan shaxslar ustidan Marhamat tumani Ichki ishlar bo‘limiga arz qilgani, ammo natija bo‘lmaganini aytdi.

- Yigirmaga yaqin yigit hammamiz ichki ishlarga borib bo‘lgan voqeani aytganimizda o‘sha paytdaga uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limini boshlig‘i haligi yigit Rossiyada ishlab, pullaringni beradi, deb bizni tinchlantirdi. Arizamizni olib qolgandi. Oradan uch yildan oshiqroq vaqt o‘tdi, hech qanday natija bo‘lmadi. Ish ham ochilmadi. Bizni qullikka sotib yuborgan hamqishlog‘imiz Rossiyada yana eski ishini qilib yuribdi. Men uni uyini ham bilaman, qaerdaligini ham bilaman. Biz qanchalik jabrlangan bo‘lsak u bola ham jazoga tortilsa ko‘nglimiz tinch bo‘lar edi. Shunday bo‘lmadi. Kim biladi yana qancha odamni qul qilib sotdi. Qaytanga militsiyadagilar uni yonini olyapti, - deydi Hudoyberdiyev.

Ozodlik Pahlavon Hudoyberdiyev iddaolari yuzasidan izoh olish uchun Marhamat tumani Ichki ishlar bo‘limiga bog‘landi.

O‘zini IIB Uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimi deb tanishtirgan mulozim savolni eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha tergov bo‘linmasi vakili esa Ozodlik bilan suhbatda qullikka majburlangan har bir shaxsning arizasi ko‘rib chiqilishini aytdi.

- Bizga murojaat qilishsin, biz ko‘rib chiqamiz, - dedi IIV rasmiysi.

Hozirgi kunda Marhamat tumanida qurilish sohasida ishlayotgan Pahlavon Hudoyberdiyev o‘z hamqishlog‘i so‘zlariga ishonib, Qozog‘istonga borganidan afsusda ekanini aytadi.

- O‘shanda bu bola 400 dollargacha oylik beradi, deb bizni ishontirdi-da. O‘zimizni tumandan, tanish bola. Ichki ishlarda tanishlar bor, deb maqtangandi. Shunga ishonib ketivordik. Borganimizda hujjat qilib beraman, deb pasportlarimizni oldi. Keyin bilsak bizni Jarkentdagi qurilish firmasiga bizni sotib yuborgan ekan. Bizni quldek ishlatishdi. Hozir behuda ketgan kunlarimga achinaman, - deydi Hudoyberdiyev.

O‘zbekistondan Qozog‘iston yoki Rossiyaga kelayotgan muhojirlarning aksariyati qonuniy yo‘llardan foydalanmay, vositachilar yordamida ish topishga urinishadi.

O‘zbekistondagi "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra aholining 60 foizga yaqini odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlardan xabardor.

So‘rovda qatnashganlarning aksariyati (90%) bu muammo haqida davlat televideniyesi ko‘rsatuvlari va ko‘chalarda osilgan ijtimoiy reklamalardan bilganliklarini aytishgan.

"Ijtimoiy fikr" markazi taxlilchisi Marat Hojimatov Ozodlik bilan suhbatda aksar xollarda odamlar o‘z tanishlari, hamqishloqlari va’dasiga uchib odam savdosi qurboniga aylanayotganini aytadi.

- Televideniyeda har kuni aytilyapti, "extiyot bo‘ling, odam savdosi". Lekin, odamlar o‘zini yaqin odamlariga ishonib, aldanib qolishyapti. O‘z qo‘shnisini, o‘z qarindoshini sotib yuborayotganlar bor, - deydi Hojimatov.

AQSh Davlat departamentining Odam savdosi bo‘yicha 2019 yilgi hisobotida O‘zbekiston hukumatining odam savdosini bartaraf etish bo‘yicha harakatlari belgilangan minimal standartlarga to‘liq mos kelmayotgani aytilgan.

Hisobotda odam savdosi bo‘yicha jinoiy ishlarni olib boradigan xodimlar yetarli ko‘nikmaga ega emasligi, jabrlanuvchi manfaatlarini ko‘zlovchi yondashuvdan foydalanmasligi, natijada jabrlanuvchilarga qayta ruhiy zarar yetkazilishi ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG