Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:55

O‘nlab millionga aldanganini aytgan fermerlar hukumatdan klasterni yopishni so‘ramoqda


Farg‘ona viloyatining Furqat tumanidagi o‘nlab fermer Bulut textile paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini to‘xtatish talabi bilan prezident administratsiyasi rahbari Zaynobiddin Nizomiddinov va Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abror Vahobov nomiga ariza yozdi.

Bir nusxasi Ozodlikka taqdim etilgan arizaga tumandagi 154 fermer xo‘jaligidan 80 tasi rahbari imzo qo‘yib, muhrini bosgan.

Fermerlarning yozishicha, Bulut textile fermerlardan 2019 yil hosili uchun to‘lanadigan haqdan noqonuniy miqdorda yuzlab million so‘m ushlab qolgan, fermerlarni mineral o‘g‘itlarni asossiz ravishda ikki barobar qimmatga sotib olishga majbur qilgan.

Bulut textile paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Rahimjon Qo‘ziboyev Ozodlik bilan suhbatda fermerlar bayonotini rad etdi.

Fermerlar nega klasterni yopishni talab qilishmoqda?

Fermerlar arizasi nusxasini Ozodlikka Furqat tuman mahalliy hokimiyat tizimlaridan birida ishlovchi mas’ul xodim ismi sir qolishi sharti bilan taqdim etdi.

“Fermerlar mehnati va ular haqiga xiyonat qilinishiga panja ortidan qarab turolmadim”, deb tushuntirdi o‘z harakatini bu mas’ul.

Prezident ma’muriyati va hukumatga yuborilgan arizada yozilishicha¸ Bulut textile paxta-to‘qimachilik klasteri “g‘o‘zaning umumiy vegetatsiya davrida kimyoviy vositalarni fermer xo‘jaliklarga narxini ma’lum qilmasdan 2 barobar qimmat narxda sotib olishga majbur qilgan”, “mineral o‘g‘itlarni o‘z vaqtida bermay, asossiz ravishda kechiktirib bergan”.

Arizada shuningdek klaster fermerlarning 2019 yil hosil pulidan asossiz ravishda millionlab so‘mni ushlab qolgani ham ta’kidlanadi:

“Masalan, “G‘aniyeva Ra’noxon” fermer xo‘jaligidan 43 mln. so‘m pul mablag‘i klaster korxonasi tomonidan asossiz ushlab qolingan. “Integral” fermer xo‘jaligidan 40 mln. so‘m pul mablag‘i hech qanday asossiz ushlab qolingan. “Nurinsa aya” fermer xo‘jaligidan 31.5 mln. so‘m pul mablag‘i asossiz ushlab qolingan”¸ deyiladi nusxasi Ozodlikka taqdim etilgan arizada.

Furqatlik fermerlar yozgan ariza nusxasining bir qismi.
Furqatlik fermerlar yozgan ariza nusxasining bir qismi.

Fermerlar: Klaster havodan pul qilayapti...

Ozodlik mazkur arizani imzolagan fermerlarning ayrimlari bilan bevosita suhbatlashdi.

Xususan¸ “G‘aniyeva Ra’noxon” fermer xo‘jaligi rahbari Bulut textile o‘zidan 43 million so‘mni noqonuniy ushlab qolgani to‘g‘risidagi shikoyatini shunday izohladi:

Har yili Vazirlar Mahkamasi “paxta hosilidan shira uchun faloncha foiz chegirib qolinsin”, degan qaror chiqaradi. Bu qaror davlat paxta zavodlariga tegishli bo‘lib, klasterlar faoliyatiga taalluqli emas. Mendan esa shira tushgani uchun deb 16 million ushlashdi. Bundan tashqari zavodda quritdik, tozaladik¸ deb yana pul ushlab qolgan. Bu pullarni ushlab qolishga haqqi yo‘q . Chunki men topshirgan paxtamdan ular buning uchun o‘z haqlarini chegirib qolishgan. Aniq qilib aytadigan bo‘lsam, 226 tonna paxtadan 5600 kilo skidka chiqarib tashlagan. Shunga qaramay, paxta zavod xarajatlarini fermerlarga yuklayapti. Paxta zavod o‘z xizmati uchun xizmat haqini tozalagan paxtasiga ustama narx qilib chiqarib olgan. Agar fermerlardan paxta zavodi xarajatlarini ham olib qolishsa, unda ular havodan pul qilishayapti, tushunayapsizmi?”

O‘z ismi ochiqlanishini istamagan furqatlik fermerlardan biri klaster o‘zidan 40 million so‘mdan ortiq pulni asossiz ushlab qolganini aytdi:

“Paxtani topshirayotganimizda namlik, qorashira deb skidka chiqarishadi. Paxtaning bir kilosini 4500 so‘mdan sotib olishlari kerak. Men ular bilan o‘sha skidkalarni hisobga olgan holda 4 ming so‘mdan paxta topshirishga shartnoma qilganman. Ammo ular mendan yana pul ushlab qolishayapti, oqibatda men paxtani 3000-3500 so‘mdan sotgan bo‘lib chiqayapman. Holbuki nakladnoyda 4000 so‘mdan to‘lanishi qayd etilgan va u yerda qorashira uchun yana skidka chiqarilishi ko‘rsatilmagan. Klaster fermerlarni talayapti”.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa fermerlar esa, Bulut textile mineral o‘g‘itlarni o‘z narxidan ikki yarim barobar qimmatga sotganini aytadi:

“Masalan, amofosni har yili 2 milliondan olardik. Bu yil esa uni bizga 5 milliondan sotishdi. “Uning sotib olingan bahosini bizga aytinglar, o‘shanga qarab narxini bilaylik” desak, bizga hech qanday hujjat ko‘rsatisha olmadi. Bundan tashqari¸ 2019 yil hosili uchun 31 dekabrgacha haq to‘lanishi lozim edi. Klaster esa bizga haq to‘lashni fevralgacha cho‘zib yurdi”.

Bulut textile fermerlar iddaosini rad etdi

24 fevral kungi telefon suhbatida Bulut textile paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Rahimjon Qo‘ziboyev fermerlarning Ozodlikka qilgan bu shikoyatlarini rad etishga urindi.

Rahimjon Qo‘ziboyev¸ fermerlardan undirilgan pullarning qonuniy asosda ushlab qolingani to‘g‘risida hujjat-dalillari borligini iddao qildi, ammo ularni Ozodlikka virtual shaklda taqdim etish so‘rovini rad qildi:

“Men bu masalada telefon orqali suhbatlashmayman. Oldimga keling, sizga hamma hujjatlarni ko‘rsataman. Fermerlar arizaga nimaga qo‘l qo‘yishayotganini ham bilishmagan, aslida. Ularni aldab quruq qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib olishgan, keyin ariza yozishgan. Buning orqasida boshqa gaplar bor, bu haqda telefon orqali gaplasha olmayman. Faqat yuzma-yuz uchrashsak aytaman”, degan Rahimjon Qo‘ziboyev suhbatni qisqa qildi.

Bu suhbatdan so‘ng Ozodlik qayta bog‘langan fermerlar klaster rahbari iddaosini mutlaq rad qildi va ariza mazmuni bilan tanishib, unga o‘zlari ham qo‘shimcha qo‘shib, keyin imzolashganini ta’kidladi.

Bulut textile klasterining Ozodlik bilan o‘zini tanishtirmasdan gaplashgan boshqa mas’uli fermerlarga paxta puli kechikib berilgani, amofos o‘g‘itining avvalgi yillarga qaraganda qimmatga sotilganini tan oldi:

“1 yanvar holatiga ko‘ra, qator fermerlardan qarzimiz bor edi. Ammo 2020 yilning 1 fevraligacha hamma qarzdorliklarni yopganmiz. Qarzimiz qolmagan. Amofos o‘g‘itini 5 million so‘mdan sotganimiz rost. Uni xorij davlatidan olib kelganmiz, shuning uchun qimmatga tushdi. O‘zimizda chiqadigan o‘g‘it sifat jihatidan past bo‘lgani uchun uni xorijdan olib kelgan edik”, dedi klasterning boshqa vakili.

Klasterlardan norozi fermerlar ko‘p

O‘zbekistonda klaster korxonalar bilan fermerlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

Ozodlikka murojaat qilgan fermerlar klaster korxonalarini shartnoma shartlarini buzganlik, bo‘nak puli va yonilg‘i-mineral o‘g‘it bilan o‘z vaqtida ta’minlaganlik va hosil pulini to‘lashni kechiktirayotganlikda ayblab keladi.

Klaster korxonalarining aksariyati o‘z kamchiligini tan olgan bo‘lsa, ba’zilari fermerlar iddaolarini rad etib keladi.

22 yanvar kuni Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tumani fermerlari 2019 yil paxta hosili pulini klaster korxonasidan ola olmayotgani haqida shikoyat qilgan edi.

Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi 48 fermer O‘zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “Bahodir Log‘on Tekstil” klaster korxonasi ustidan arz qilib, shikoyat yozdi.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.

XS
SM
MD
LG