Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:35

Paxtaobod hokimini tanqid qilib kelgan bloger hibsga olindi (VIDEO)


Jo‘rabek Qimizov 2018 yilda "Adolat TV" Youtube kanalini ochgan
Jo‘rabek Qimizov 2018 yilda "Adolat TV" Youtube kanalini ochgan

Oddiy andijonliklar muammolarini ijtimoiy tarmoqlarga muhokamaga olib chiqqan bloger Jo‘rabek Qimizov 26 fevralda Paxtaobod tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan habsga olindi. 38 yoshli paxtaobodlik taksichi yigit firibgarlikda ayblanmoqda.

Jo‘rabekning xotini Ozodlik bilan suhbatda erining qamalishiga uning "mahalliy hokimiyatni tanqid qilib chiqqani sabab bo‘ldi" dedi.

Paxtaobod tuman hokimligi va ichki ishlar bo‘limi vakillari bu masalada izoh berishdan bosh tortmoqda.

Haydovchi bloger Jo‘rabek Qimizov Andijon viloyat, Paxtaobod tuman ichki ishlar bo‘limiga 26 fevralda chaqirtirildi va o‘sha kuni hibsga olindi.

O‘zining tanqidiy fikrlari va videolari bilan tanilgan Jo‘rabek O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168- moddasi (Firibgarlik) asosida ayblanayotgani uning yaqinlariga ma’lum qilindi.

Jo‘rabek Qimizovning rafiqasi Asilzoda Xolmirzayeva Ozodlik bilan suhbatda eriga nisbatan jinoyat ishi “buyurtma” ekanini iddao qildi:

- 26 fevralda Paxtaobod tuman ichki ishlariga chaqirtirgan ekan - borgandik. Rossiyada ekanida tergovchi Jasur chaqirgan ekan. Xo‘jayinim Rossiyada ekanida menga xabar qilmasdan, erimga aytmasdan bular “Rossiyada ekan!”, deb sirtdan sud qarorini chiqaribdi. Bir odam ikki yil oldingi yo‘qolgan sumkasi ustidan ichki ishlarga yozib beribdi. Bu ishga ular yana boshqa bitta-ikkita ishlarni qo‘shib, nomini ko‘paytirib, jinoyat ishi qo‘zg‘atayapti. Firibgarlikda ayblayapti ekan - boshqa hech narsadan xabar topganim yo‘q: tergovchi savollarimga javob bermayapti, prokuratura “javob xat orqali yuboriladi” deyapti, o‘zi bilan ko‘rishtirishmayapti.

Asilzoda Xolmirzayeva Andijon viloyatidagi barcha qamoqxonalarga borib, Jo‘rabekning qaerda ushlab turilgani to‘g‘risida ma’lumot ololmayotganini ham aytdi.

Jo‘rabek 3 dollarli boj to‘lovini bekor qilishni so‘rab, taksichilar nomidan murojaat qilgandi
Jo‘rabek 3 dollarli boj to‘lovini bekor qilishni so‘rab, taksichilar nomidan murojaat qilgandi

Jo‘rabek Qimizov o‘z vaqtida O‘zbekiston chegarasidagi bojxona punktidagi vaziyat to‘g‘risidagi tanqidiy fikrlarini Ozodlikka bildirgan, u shuningdek, Moskvada O‘zbekiston hukumatidan shu yilning 1 yanvarida joriy qilingan chegara bojini olib tashlashni so‘rab chiqqan bir guruh o‘zbekistonlik taksi haydovchilari orasida ham bor edi.

"Erimning videolari hokimning g‘azabini keltirdi!"

Jo‘rabek 2018 yilda "Adolat TV" nomli kanal ochib, videoblogerlik boshlagandi. Uning videolari, xususan, mahalliy muammolarni yoritishga bag‘ishlangandi.

Asilzoda Xolmirzayeva muammolar o‘tgan yilning oktabrida Jo‘rabek paxtaobodlik ikki nochor va nogiron ayol haqida chiqargan videolaridan keyin boshlanganini so‘zladi.

- Shu videolar sabab bo‘ldi. Ikkita xolani chiqargandi. Bittasini ko‘chadan uyimizga olib keldi, biznikida 2 oy yashadi. Prezidentga videomurojaat qilgandi. Meni Paxtaobod hokimi Mahmudjon Bozorov chaqirtirib “Bunaqa videolarni qilmasdan, er-xotin qisib yurlaring! Senlarda kuching bo‘lsa, menda teparog‘i bor. Xulosa chiqar - 4 farzanding bor ekan. Men yoritgan chiroqlarni, o‘nglagan yo‘llarni chiqar - nima qilasan kampirlarni chiqarib”, dedi. Bizga o‘shandan beri tazyiqlar boshlangan - ichki ishlarga, hokimiyatga chaqirtirayapti. Jo‘rabek yordam bergan Mavluda ayani topishib, “Jo‘rabekni ustidan bitta ariza yetmayapti qamashga - ikki xonali uy bilan ta’minlaymiz, ariza yozib bering!”, deb u xotinga aytgan ekan. U xotin ariza yozmabdi.

Paxtaobod tuman va Andijon viloyat raymiylari hozircha jim

Ozodlik Jo‘rabek Qimizovga qo‘yilgan ayblovlar va uning rafiqasi qilayotgan iddaolar masalasida Paxtaobod tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Azizbek Islomov bilan telefon orqali bog'landi. Biroq, gap nima haqda ketayotganini eshitgan Islomov telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Qimizov ishini olib borayotgan Jasur ismli tergovchi bilan ulanishning imkoni bo‘lmadi.

Aniqlanishicha, 23 oktabrda Andijon viloyat hokimligi Matbuot xizmati Facebookdagi rasmiy sahifasida Jo‘rabekning postiga javoban “Paxtaoboddan yolg‘on xabar!” deb nomlangan videoni e’lon qilgan. Videoda aytilishicha, prezident nomiga qilgan videomurojaatida Mavluda aya aytgan barcha gaplarni unga Asilzoda Xolmirzayeva va uning turmush o‘rtog‘i Jo‘rabek o‘rgatgan.

Shunga qaramasdan, bir ko‘zi ko‘rmay qolgan Mavludaxon aya Andijon davlat tibbiyot institutining Ko‘z kasalliklar klinikasiga yotqizilgani xabar qilindi.

Lavha yakunida Andijon viloyat hokimiyati matbuot xizmati vakili “"Ijtimoiy tarmoq orqali yolg‘on xabar tarqatgan fuqarolar esa qonun oldida javob berishlari muqarrar", deya xulosa qiladi.

Paxtaobod tuman va Andijon viloyat hokimligiga ushbu lavhaning Jo‘rabek Qimizovning hibsga olinishiga aloqasi bor-yo‘qligi masalasida Ozodlik qilgan murojaat ham hozircha javobsiz qoldi.

4 farzandi bilan bir o‘zi qolgan Asilzoda Xolmirzayeva esa shu kunlarda qo‘rquvda yashayotganini aytarkan, bunday dedi:

- Qo‘rqyapman! Kechasi bilan svet va kamera bor joyda mashinaga bolalarimni solvolib yurdim.Uyga borgani, kirishga va svet yoqishga ham qo‘rqib yashayapman. Bulardan har narsa kutsa bo‘ladi. Hammasi o‘zini olib qochayapti: na hokim,na prokuror uchrashyapti. Familiyamni aytishim bilan hammasi o‘zgarib qolyapti! Bizning Paxtaobod tumanida haqiqat bo‘ladimi?

Asilzoda Xolmirzayeva 10 yil oldin Paxtaobodda qilingan nohaqliklar tufayli Rossiyada yashab kelgani, nihoyat yangi prezident davrida o‘zgarishlarga ishonib, bolalari qistovi bilan yurtga qaytib kelganini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG