Koronavirus tarqalishi aks ettirilayotgan xaritaga bir hafta burun qaragan kishi Rossiyadan janubda, Erondan shimolda va Xitoydan g‘arbda virusdan butunlay holi ulkan bo‘shliq borligini ko‘rishi mumkin edi.
Ushbu bo‘shliq Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakati – O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston – joylashgan hududdir.
Qozog‘iston hokimiyat idoralari ilk marta koronavirusga chalinganlik holatlarini tasdiqlagan 13 martga qadar Markaziy Osiyoning hech bir mamlakati hukumati biror kishiga koronavirus yuqqanini tasdiqlamagan edi. Vaholanki, mintaqa dunyodagi koronavirus eng ko‘p tarqalgan ikki mamlakat: Xitoy bilan Eronning qo‘shnisidir.
Oradan ikki kun o‘tib, Qozog‘iston hukumati 5 kishida koronavirus aniqlanganini tasdiqladi, O‘zbekiston esa ushbu virus yuqqani bilan bog‘liq birinchi holat haqida xabar qildi.
18 martga kelib, Qirg‘izistonda dastlabki 3 ta holat qayd etildi, ular barchasi Saudiya Arabistonidan kelgan yo‘lovchilar bo‘lib chiqdi.
Koronavirusga qarshi kurash harakatlari global miqyosda deyarli muvofiqlashtirilmayapti.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) virus tarqalishini kuzatib, uning tarqalishi haqida xabar berib turibdi, hukumatlarga virus yuqishini kamaytirish bo‘yicha maslahat bermoqda, biroq har bir mamlakat hukumati virusga qarshi o‘zi bilgancha kurashmoqda.
Markaziy Osiyodagi ahvol ham shu. Lekin mintaqa hukumatlari shu kungacha mamlakatida koronavirus mavjudligi haqida taassurot uyg‘otishi mumkin bo‘lgan biror ishni amalga oshirishda birinchi bo‘lishni istamaganday ko‘rindi.
21 martda Navro‘z bayrami nishonlanadi. Bahor boshlanishini anglatadigan ushbu bayramni nishonlash tarixi zardushtiylik madaniyatiga borib taqaladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari: Qirg‘iziston, Qozog‘iston va ular ortidan O‘zbekiston koronavirus sababli Navro‘zni bayram qilmaslikka, boshqa ommaviy tadbirlarni to‘xtatib turishga qaror qildi.
Faqat 19 martgacha hududida koronavirus yuqtirganlik holati qayd etilmagan Tojikiston Navro‘zni nishonlash rejasini o‘zgartirgani yo‘q.
“Ozodi” radiosi xabar qilishicha, Dushanbe shahri bayram oldidan bezatilgan, bayramning asosiy tadbiri mamlakat shimolidagi Xo‘jand shahrida o‘tkaziladi va unda prezident Imomali Rahmon qatnashadi.
Rasmiylari “koronavirus” so‘zini tilga olishga qo‘rqadigan va xalq davlat homiyligidagi yig‘inlarga majburan olib chiqiladigan Turkmanistonda bu yil Navro‘z nishonlansa ajab emas.
5 ta mamlakat hukumatlari maktab va masjidlarga nisbatan turlicha yo‘l tutdi.
Tojikistonda maktablar ochiq, biroq Dushanbedagi ayrim imomlar namozxonlarga masjidlarga bormaslikni va uylarida ibodat qilishni tayinladi.
Qozog‘istonda masjidlar ochiq, biroq mamlakat musulmonlar idorasi namozni qisqartirishni buyurdi. 15 martda 15 aprelga qadar davom etadigan favqulodda holat joriy qilinib, maktab o‘quvchilari ta’tilga chiqarildi, universitetlarda o‘qish onlayn tarzda davom ettiriladigan bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, masjidlardagi juma namozi vaqtincha bekor qilindi.
O‘zbekistonda barcha o‘quv muassasalari vaqtinchalik yopildi, ushbu vaqt mobaynida davlat televideniyesi ta’lim dasturlarini efirga uzatadigan bo‘ldi.
16 martda O‘zbekiston musulmonlar idorasi juma namozini vaqtincha to‘xtatdi.
Qirg‘iziston xavfsizlik kengashi 16 martdan bolalar bog‘chasidan boshqa barcha ta’lim muassasalarini uch haftaga yopdi. Juma namozlarini masjidda o‘qish ham bekor qilindi.
Turkmanistonda esa hech bir darajadagi ta’lim muassasalari yopilgani yo‘q. Masjidlar ham ochiq, imomlar prezident Gurbanguli Berdimuhamedov va oilasi salomatligini tilab duo qilishni davom ettirmoqda.
Mintaqadagi beshala mamlakat chegaralarini yopdi
Qozog‘iston hukumati 17 martda ikki yirik shahar: Olmaota bilan poytaxt Nur-Sultonda 19 martdan boshlanuvchi karantin e’lon qildi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari vatandoshlariga vahima uchun asos yo‘qligini, barcha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yetarli va belgilangan narxlarda mavjud ekanini aytmoqda.
Biroq Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda odamlar kelgusida oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelishi va narxi oshib ketishidan qo‘rqib, ularni g‘amlashga shoshilmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarining 18 martda koronavirusday umumiy tahdidga qarshi kurash masalasini muhokama qilgani mintaqaviy hamkorlik sari ijobiy qadam bo‘ldi.
So‘nggi 4 yilda Turkmanistonda og‘ir iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda, ammo biror muammo borligi hech qachon ochiq gapirilgani yo‘q. Hukumat virusni yoki dori-darmon va oziq-ovqat ta’minotida biror muammo borligini tilga olishdan cho‘chiydi.
Prezident Berdimuhamedov yaqinda kasalliklarni daf qilish uchun isiriq tutatish kerakligini tavsiya qildi.
Turkmaniston koronavirus holatlari qayd etilgan mamlakatlar bilan o‘ralgan, uning janubiy qo‘shnisi Eron dunyodagi koronavirus eng ko‘p tarqalayotgan nuqtalardan biri bo‘lib turibdi.
Shunga qaramasdan, Turkmaniston hukumati vaziyat o‘ta og‘irlashib ketmasa, birorta virus yuqtirganlik holati haqida xabar berishi dargumon.