Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:31

Xalqaro tashkilotlar haqdorlarni qashshoq mamlakatlar qarzidan kechishga chaqirdi


Kampaniya ishtirokchilari 69 ta qashshoq mamlakatning qarz to‘lovlaridan joriy yilning qolgan davrida voz kechishga chaqirdi
Kampaniya ishtirokchilari 69 ta qashshoq mamlakatning qarz to‘lovlaridan joriy yilning qolgan davrida voz kechishga chaqirdi

Yuzdan ortiq xalqaro va xayriya tashkilotlari dunyodagi eng qashshoq mamlakatlarga, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yordam berish uchun, ularning qarzlaridan voz kechishga chaqirdi.

Bunday murojaatnoma G20 ga a’zo mamlakatlar hukumatlari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon bankiga yuborildi. Unda 2020 yilda qarz to‘lovlaridan voz kechish hamda kelasi yillarda qarzlardan butunlay voz kechish orqali qarz yukini kamaytirish da’vati bitilgan.

“Rivojlanayotgan mamlakatlar misli ko‘rilmagan iqtisodiy falajlik va ayni damda sog‘liqni saqlash sohasida kechiktirib bo‘lmaydigan favqulodda holatga duch kelmoqda”, ‒ dedi Jubilee Debt Campaign hayriya tashkiloti direktori Sara-Jeyn Klifton 7 aprelda tarqatilgan bayonotida.

Britaniyaning ushbu xayriya tashkiloti boshqa 140 tashkilot bilan birga ushbu bayonotga qo‘l qo‘ydi. Imzo chekuvchilar orpasida Oxfam va Save the Children tashkilotlari ham bor.

Kampaniya ishtirokchilari 69 ta qashshoq mamlakatning qarz to‘lovlaridan joriy yilning qolgan davrida voz kechishga chaqirdi. Da’vat etilganlar orasida xususiy kreditorlar ham bor. Ishtirokchilar hisob-kitobiga ko‘ra, o‘sha to‘lovlardan voz kechilsa, joriy yilda 25 milliard dollardan oshiq, kelasi yili ham shunday yo‘l tutilsa, 50 milliard dollarlik mablag‘ni qashshoq davlatlar ixtiyorida qoldirish imkoni paydo bo‘ladi.

Ishtirokchilar yana qarzlardan voz kechish yoki qo‘shimcha moliyalashtirishni tejash singari iqtisodiy siyosat shartlaridan holi bo‘lishi kerakligiga da’vat qilmoqda.

Bayonot G20 ning rivojlanayotgan mamlakatlardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga yordamlashish vazifasi topshirilgan ishchi guruhi majlisidan bir kun oldin tarqatildi.

XVJ bilan Jahon banki ham eng qashshoq mamlakatlarning boshqa hukumatlarga qarz to‘lovlarini kechiktirishga da’vat qilgan edi, biroq kelgusi yillarda baribir o‘sha to‘lovlarni qaytarish kerak bo‘ladi.

Kliftonga ko‘ra, bu shu kunlarda o‘sha pulni tejash imkonini bersa-da, “hozircha vaziyatni yengillashtiradi, biroq tobora ortib borayotgan qarzlar muammosini hal etmaydi”.

Uning fikricha, qarzlardan voz kechish mamlakatlarga pandemiyaga qarshi kurashish uchun pulni olib qolishning eng tezkor usuli bo‘ladi.

Bayonotda yana sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq inqiroz tugagandan so‘ng ham qarz yukini kamaytirishga chaqiriq bor.

XVJ o‘z mablag‘lari hisobidan favqulodda moliyalashtirish uchun 50 milliard dollar ajratdi, unga 80 ga yaqin mamlakat yordam so‘rab murojaat ham qildi. Jahon banki COVID-19 ga qarshi kurashish maqsadlari uchun 14 milliard dollar ajratilishini tasdiqladi.

XS
SM
MD
LG