Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:58

Karantindan qachon chiqamiz? G‘arb davlatlari tajribasi


Koronavirusni tezroq jilovlay olgan ayrim davlatlar karantin choralarini susaytirdi.
Koronavirusni tezroq jilovlay olgan ayrim davlatlar karantin choralarini susaytirdi.

Koronavirus epidemiyasining eng avjiga chiqqan pallasini ortda qoldirgan Yevropa davlatlari asta-sekin normal hayotga qaytish ustida bosh qotirishni boshladi.

Koronavirus jazavasini tezroq jilovlay olgan ayrim davlatlar karantin choralarini susaytirdi, ayrimlari yaqin kunlarda bu ishga qo‘l urmoqchi.

Ispaniya

Dushanba kuni Ispaniya sog‘liqni saqlash vaziri Salvador Illa COVID-19ning avj pallasi o‘tib ketganini, koronavirusga chalinganlar soni so‘nggi uch haftada birinchi marta ozayganini ma’lum qildi. Lekin Ispaniya hozircha karantin tartibini yumshatmoqchi emas. Ayni paytda bu mamlakatda ayrim korxonalarning ishchi-xodimlari o‘z ish o‘rinlariga qaytdilar.

Italiya

Italiyada faqat aptekaga, oziq-ovqat xarid qilishga va itlarni sayr qildirishga olib chiqishga ruxsat berilgan qattiq tartib yumshatilib, kitob va bolalar kiyimlarini sotuvchi do‘konlar ochildi. To‘g‘ri, faqat Venetto shahrida va faqat haftasiga ikki kungagina.

Endi bemalol sport bilan shug‘ullanish uchun uydan chiqish mumkin. Niqob va qo‘lqop taqib yurish hozir ham shart.

Italiya koronavirusga chalinganlar soni jihatidan dunyodagi uchinchi o‘rinni egallamoqda. Bu yerda kuniga 50 ming odam koronavirus testidan o‘ktazilyapti. Bosh vazir Juzeppe Kontening aytishicha, ayni mana shu chora aprel oyining oxirlariga borib karantin tartibining yumshatilishiga olib keladi.

Bundan tashqari, so‘nggi 10 kun mobaynida Italiya kasalxonalarida koronavirus tufayli reanimatsiyada yotgan og‘ir ahvoldagi bemorlar va o‘lganlar soni ozaydi.

Avstriya

Avstriyada epidemiya Italiya bilan deyarli bir kunda boshlandi. O‘tgan yakshanba kuni Avstriya kansleri Sebastyan Kurs “inqirozdan tezroq chiqish va har bir ishchi o‘rni uchun kurashish”ga tayyor ekanini bildirdi. Avstriyada koronavirus oqibatida ishsizlik darajasi Ikkinchi jahon urishidan beri birinchi marta 550 ming kishiga yetdi.

Avstriya epidemiologlari mamlakatda koronavirus avjiga chiqmay turib bostirilganini ta’kidlamoqdalar. Shunga qaramay, bu mamlakatda ham odatiy hayotga qaytish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.Hukumatning bildiriishicha, 1 maydan boshlab katta savdo markazlari va sartaroshxonalar ochiladi, vaziyat yomonlashmasa, may oyining o‘rtalaridan restoranlar va kafelar faoliyatiga ruxsat beriladi.

AQSh

AQSh koronavirusga chalinganlar soni jihatidan dunyoda birinchi o‘rinni egallamoqda. Bu yerda bemorlar soni yarim million kishidan oshdi, 20 ming bemor vafot etdi. Shunga qaramay, AQSh ham karantin tartibini bosqichma-bosqich yumshatish masalasini o‘rganmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp 13 aprel kuni 1 maydan boshlab karantin tartibini yumshatishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida bayonot berdi.

Chexiya

Chexiya hukumati karantin tartibi bosiqchma-bosqich yumshatilishi to‘g‘risida bayonot berdi. 20 apreldan boshlab dehqon bozorlari ishlay boshlaydi, lekin bu bozorlarda tayyor ovqat sotilmaydi. Shuningdek, xunarmandlar do‘konlari va eski avtomashinalarni sotish shohobchalari faoliyati ham jonlanadi. 10 kishidan ortiq odam qatnashmaydigan to‘ylarga ruxsat beriladi.

Oradan bir hafta o‘tgach, maydoni 200 kvadrat metrgacha bo‘lgan savdo shohobchalari ish boshlaydi. 25 maydan restoranlar, kafelar, sartaroshxonalar, muzeylar va galereyalar ishga tushadi. 8 iyundan yirik savdo markazlari ochiladi. Bu reja yaqin ikki hafta ichida koronavirusga chalinganlar soni ko‘paymagan taqdirda amalga oshiriladi.

Daniya va Norvegiya

Daniyada joriy haftada bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich maktablar ishga tushdi. Hukumat o‘qituvchilar va ota-onalarga iloji boricha ko‘proq vaqtlarini bolalar bilan ochiq havoda o‘tkazini tavsiya qilmoqda. Bunday tavsiyadan maqsad- odamlarning ishga qaytishi uchun sharoitni ta’minlashdir. Daniyada ham Norvegiyadagi kabi koronavirusga chalinganlar soni 7 ming kishidan oshmaydi.

Norvegiya hukumati keyingi haftadan bolalar bog‘chalarini ochmoqchi. 27 apreldan boshlang‘ich va o‘rta maktablar o‘quvchilarni qabul qiladi. Bilim yurtlari va oliygohlar faqat imtixon topshirishi shart bo‘lgan talabalar uchun ochiladi.

Germaniya, Fransiya, Shvetsiya

Shvetsiya Yevropada karantin choralarini tadbiq etmagan kam sonli davlatlardan biri. Bu yerda maktablar, kafelar, barlar va restoranlar ishlab turibdi. Biroq 14 aprel kuni Bosh vazir Stefan Lofven cheklovlar kiritilishi mumkinligi to‘g‘risida aholini ogohlantirdi. Bunga Shvetsiyada 11 ming odam koronavirusga chalingani va 1033 bemor o‘lgani sabab bo‘ldi.

Germaniya kansleri Angela Merkel 19 aprelgacha karantin tartibini susaytirmoqchi emas. Merkel keyingi haftadan boshlab maydoni 800 kvadrat metrgacha bo‘lgan do‘konlar ish boshlashi mumkinligini aytdi. Bundan tashqari, maydoni qancha ekanidan qat’iy nazar, avtosalonlar, kitob va velosiped do‘konlari, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, hayvonot va botanika bog‘lari ochiladi.

4 maydan maktablarni, sartaroshxonalarni ochish mo‘ljallangan. Lekin turli tadbirlar, diniy marosimlarni o‘tkazish avgustgacha taqiqlanadi. Barlar, kafe, restoran, kinoteatrlar faoliyatiga ham hozircha ruxsat berilmaydi.

Fransiyada esa xorijga chiqish uchun qo‘shimcha cheklovlar joriy etilgan. Fransiyadan tashqariga chiqmoqchi bo‘lgan fuqaro maxsus ruxsatnoma olishi kerak.

Yevropa komissiyasi karantinni bekor qilish me’yorlarini ishlab chiqdi, reja qachon amalga kiritilishi noma’lum

Yevropa komissiyasi koronavirus pandemiyasiga qarshi joriy etilgan karantin choralarini bekor qilishning uchta me’yorini ishlab chiqdi. Lekin bu me’yor qachondan boshlab amalga kiritilishi hozircha noma’lum. Bu haqda Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen 15 aprelda ma’lum qildi.

Hujjatga asosan, karantinning bekor qilinishiga doir birinchi talab COVID-19 tarqalishining sekinlashi, virus yuqtirganlar sonining ozayishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ikkinchi me’yor esa mahalliy sog‘liqni saqlash tizimining mukammal bo‘lishidir. Bu me’yorga asosan kasalxonalar bemorlarni qabul qilish uchun yetarli o‘rinlarga, zarur dori-darmonlar va tibbiy uskunalarga ega bo‘lishi lozim.

Uchinchi me’yor – virusni yuqtirganlarni va virusga chalingan bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarni monitoring qilish.

4 may kuni Yevropa komissiyasi koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchilarga qo‘llov ko‘rsatish uchun pul yig‘ish maqsadida donorlar videokonferensiyasini o‘tkazadi.

XS
SM
MD
LG