Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi ko‘plab hukumatlar norozilik namoyishlari, so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyatini bostirish uchun keskin taktika va davlat vositalarini qo‘llash orqali inson huquqiga qarshi “keng miqyosli” hujum boshlagani aytiladi Amnesty Internationalning mintaqaga oid yillik hisobotida.
Biroq inson huquqi himoyachilari, jurnalistlar, nodavlat tashkilotlari norozi kishilar 2019 yilda oshib borayotgan bosimga duch kelayotgan bir paytda tinch namoyishchilar hukumatlarini hisob berishga majbur qilish uchun kurashda faol tarzda jamoa bo‘lib harakat qildi. Bu haqda Londonda joylashgan inson huquqi himoyasi tashkilotining 16 aprelda e’lon qilingan hisobotida so‘z yuritiladi.
O‘tgan yili Belarusdan Qozog‘istongacha, Ozarbayjondan Rossiyagacha bo‘lgan hududda shusiz ham og‘ir bo‘lgan vaziyat hukumatlar yangi koronavirus tarqalishini kamaytirish yo‘lida favqulodda choralarni qo‘llayotgani va keng qamrovli cheklovlarni joriy etayotgani sabab yanada og‘irlashmoqda. Sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rilayotgan bunday choralar kelgusida inson huquqini toptashga yo‘naltirilishiga oid havotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Amnesty Internationalning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha inson huquqini himoya qilish masalalari bo‘yicha direktori Daniel Balson butun mintaqada e’lon qilingan favqulodda holatni inson huquqini buzishning “xamirturushi” deb atadi.
− Umuman olganda, mintaqa hukumatlari pandemiyadan odamlarni siquvga olishning yangi usullarini o‘ylab topmadi, biroq yaxshi yo‘lga qo‘yilgan usullardan foydalanishni jadallashtirib yubordi, − dedi u.
O‘tgan yili ko‘plab mamlakatlarda yig‘ilishlar erkinligini “shafqatsizlarcha bostirish davom ettirildi”, deyiladi Amnesty International hisobotida. Qo‘shimcha qilinishicha, saylov natijalarini soxtalashtirishga norozilik bildirish bilan birga maqbul boshqaruv, atrof muhit muhofazasi va yaxshiroq hayot talab qilar ekan, “ko‘cha hokimiyati” bu masalalarning ahamiyati borligini bildirib qo‘yish uchun o‘zida kuch topa bildi.
Rossiyada hokimiyat idoralari namoyishlarni bostirish uchun qonuniy taktika va politsiyadan kuchidan foydalangan bo‘lsa-da, odamlar butun mamlakat bo‘ylab korrupsiyaga qarshi va inson huquqi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganidan norozi bo‘lib, ko‘chalarga chiqdi.
Iyul va avgust oylarida Moskvada hokimiyat poytaxt shahar kengashi saylovida qatnashishi kerak bo‘lgan muxolif nomzodlarni ro‘yxatga olmagandan so‘ng keyingi yillardagi eng yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi.
2019 yilda so‘z va matbuot erkinligi mintaqaning barcha joylarida tahdid ostida qoldi. Ukrainada axborot vositalari erkin bo‘lishiga qaramay, jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik hujumlari tegishli tartibda tergov qilinmadi.
Amnesty International hisobotida aytilishicha, Rossiyada “chet el agentlari” va “nomatlub tashkilotlar” haqida qonunlar inson huquqi buzilishi va nodavlat tashkilotlariga nisbatan doimiy tarzda qo‘llanmoqda, ular ta’qib qilinmoqda va davlat nazoratida bo‘lmagan OAVga qarshi tuhmatlar uyushtirilmoqda.
Tojikistonda “milliy xavfsizlik”dan nodavlat tashkilotlari faoliyatiga, shuningdek, inson huquqi himoyachilari va OAV erkinligiga bosim o‘tkazish uchun foydalanildi, qiynoqlar va shafqatsiz munosabat keng tarqalgan holatga aylanib qolmoqda, deyiladi hisobotda.
Ozarbayjonda esa hukumatni tanqid qilishga nisbatan keskin cheklovlar mavjud va bu mamlakat obro‘siga soya solmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Butun mintaqada ayrim kamsonli etnik va LGBT jamoati vakillari, ba’zi tashkilotlar va nogironlar kamsitish, ta’qib va hatto zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda.
Ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonliklar jamiyatlarga zarar keltirmoqda.
Butun mintaqada ayrim kishilar va guruhlarning huquqi buzilishi sud tizimining bosimga uchrayotgani bilan birga yomonlashmoqda, deya qayd etiladi hisobotda.