Yuzdan ortiq taniqli kino arbobining 14 aprel kuni «O‘zbekkino» rahbarini diktatorlikda ayblab, Bosh vazir Abdulla Aripovga shikoyat qilgani¸ Ozodlik suhbatlashgan kinoarbobga ko‘ra¸ hukumat tarafidan iliq qarshilanmagan.
«Podpisantlar» pandemiya paytida "mamlakat osoyishtaligiga tahdid soluvchi" deya tamg‘alanib¸ tazyiq ostida qolishgan.
Ba’zi imzo chekkanlar «bilmasdan qo‘l qo‘yibmiz»¸ deya fikridan voz kechgan.
Bosim ostida imzosini qaytib olganlar ichida yosh kinorejissyor Umid Hamdamov va Sarvar Karimov ham borligi Ozodlikka ma’lum.
Ozodlik suhbatlashgan kinoarbob iddaosiga ko‘ra¸ imzosini qaytarib olgan Umid Hamdamovga imtiyozlar va’da qilingan.
Ayni paytda¸ imtiyozli takliflarga qaramasdan¸ bir nechta kinochi¸ xususan Akbar Bekturdiyev o‘z imzosini qaytib olmagan.
O‘zbek yosh kinochilarining Facebookdagi “Ijodkor kino”sahifasida 20 aprel kuni “Firdavs Firidunovich bilib qo‘ying¸ hech bir ijodkor o‘zi imzosini qaytarib olmaydi” degan bayonot e’lon qilindi.
Ozodlikda 109 nafar kino arbobi siyohli ruchka bilan o‘z ismini yozib imzo chekkkan maktub nusxasi bor.
Maktubga imzo chekkan O‘zbekiston kinoarboblari uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov Ozodlik bilan suhbatda Bosh vazirga yuborilgan maktubning matbuotga sizgani xato bo‘lganini aytadi.
Kinorejissyor Rashid Malikov Ozodlik bilan suhbatda ushbu jamoaviy maktub tashkilotchisi¸ "O‘zbekkino" rahbarlaridan biri Shuhrat Rizayev SSSRdan qolib ketgan qolipdagi kino sanoatini saqlab qolish tarafdori bo‘lgani uchun yangi rahbar o‘tkazayotgan islohotga qarshi chiqayotganini iddao qildi.
Yangi rahbarga imkon beraylik
Shu kunlarda Toshkentda bo‘lib turgan taniqli kinochi Ali Hamroyev Ozodlik bilan suhbatda "o‘zbek kinosini yaxshi tomonga o‘zgartirmoqchi bo‘lgan islohotchi rahbar Firdavs Abduxoliqovga imkon beraylik" dedi.
Hamroyevga ko‘ra¸ 2019 yilning oktabrida «O‘zbekkino» milliy agentligiga rahbar bo‘lib tayinlangan Abduxoliqov joriy qilgan yangi shaffof tizim kino sohasidagi korrupsiyaga barham bera oladi».
«Bu esa kinoni kormushkaga aylantirgan eski tizim vakillariga yoqmadi» ¸ deydi Ali Hamroyev.
Hamroyev kinodagi mavjud muammolarni koronavirus pandemiyasi ustidan uzil-kesil g‘alaba qilinganidan keyin bir anjumanga to‘planib hal qilish zarurligini aytdi.
«O‘zbekkino» milliy agentligi vakilining Ozodlikkka bildirishicha¸ 21 aprel kuniga belgilangan badiiy kengashda jamoaviy maktubga munosabat bildiriladi.
«O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov jamoaviy maktubda bildirilgan e’tirozlar borasida matbuotga fikr berishdan o‘zini tiyib kelmoqda.
«O‘zbekkino» milliy agentligi vakiliga ko‘ra¸ Abduxoliqov Bosh vazir Abdulla Aripov bu maktub yuzasidan javob berganidan keyingina o‘z munosabatini e’lon qiladi.
Kinochilar ikki lagerga bo‘lindi - imzo qo‘ygan va qo‘ymaganlar
Taniqli kinochi Ali Hamroyev Ozodlik bilan suhbatda maktubning kinochilarni ikki lagerga bo‘lib yuborganini salbiy holat sifatida baholadi:
- Biz jips bo‘lishimiz kerak. Birga va birdam bo‘lishimiz kerak¸ dedi Hamroyev.
O‘zbekiston kinoarboblar uyushmasi rahbari¸ kinoekranda o‘nlab obrazlarni gavdalantirgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov kinochilarning o‘z muammolarini mamlakat rahbariga arz qilishini "oddiy va kerakli hol" deb atadi.
- Yaxshi kino olaylik¸ barchaga yoqadigan kino olaylik¸ kinochini o‘ziyam tushunmaydigan mavhum kino olmaylik¸ davlat bergan har bir tiyinni samarali sarflaylik¸ deb maktub yozdik. Buni nimasi yomon? Niyatimiz yaxshiku¸ dedi Matchonov.
Kamchilikmi yo fazilat?
Xalqaro festivallarda sovrin olgan «Tog‘a» va «Sabot» filmlari rejissyori Rashid Malikov Ozodlik bilan suhbatda kollektiv shikoyatda keltirigan kamchiliklar aslida fazilat ekanligini aytadi.
- Men O‘zbekfilmda 1977 yildan beri borman. Muammoni ichidan bilaman. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri kinoga rahbarlik qilgan barcha rahbarlar bilan yaqindan muloqotda bo‘lganman. Ma’suliyat bilan ayta olamanki¸ ularning barchasi SSSRdan qolgan Goskino uslubiga sodiq daqqiyunus rahbarlar edi. Oldingi rahbarlarning hech biri kino sohasidagi mavjud samarasiz tizimni o‘zgartirishga harakat ham qilmagan. Firdavs Abduxoliqov shu tizimni sindirishni boshlashi bilan¸ har islohotchi kabi¸ qattiq qarshilikka uchradi. Pandemiya paytida kinolarni telekanallarga tekin berib yubordi¸ deb ayb qo‘yishdi. Bu ayb emas¸ balki yutuq. Kinolar davlat grantiga¸ ya’ni xalqning puliga olingan. Shu kinolarni pandemiya paytida tekinga xalqqa namoyish qildirishni fazilat deb bilaman.
Ayni fikrlarni quvvatlagan taniqli kinorejissyor Rustam Sagdiyevga ko‘ra¸ aynan Abduxoliqov kelganidan keyin kinochilarga yaratilgan sharoitlar yaxshilangan:
- Kinochilar binosi ta’mirlandi¸ kinochilar uchun ichida tekin interneti bor klub tashkil qilindi. Bunday munosabat va sharoitni biz endi ko‘ryapmiz¸ deydi Sagdiyev.
Ozodlik ta’siri
O‘zbekistonlik rejissyor Eljon Abbosov Ozodlikda 17 aprel kuni e’lon qilingan maqoladan keyin marhum otasi¸ taniqli kinochi Shuhrat Abbosovga haykal o‘rnatish va 90 yillik yubileyini o‘tkazish masalasi ijobiy hal bo‘lganini aytadi:
- Mana hozirgina Firdavs Firidunovichning o‘zlari telefon qilib rahmatli otam nomini abadiylashtirish uchun davlat mablag‘ ajratganligini aytdi. Bundan tashqari¸ otam suratga olgan barcha kinolar davlat hisobidan raqamli formatga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shu o‘rinda muhim bir gapni aytsam. Kino nafaqat bugun¸ balki bu o‘tmish merosi hamdir. O‘tmish merosimiz bo‘lgan ulug‘ kinochilarning oltin fondi yaratilib¸ ular suratga olgan kinolarni restavratsiya qilishni ham bugun tanqid qilinayotgan rahbariyat amalga oshirdi. Mana «O‘tkan kunlar» kinosi restavratsiya qilindi. Buni olqishlayman. Lekin kino sohasida o‘z tanqidiy fikrini aytgan hamkasblarimga ham haq beraman¸ deydi suhbatdosh.
Ozodlikning 17 aprel kungi maqolasida Firdavs Abduxoliqov marhum Shuhrat Abbosovning 90 yilligini xalqaro miqyosda nishonlaymiz, haykal qo‘yamiz, maktablar ochamiz Abbosov nomida¸ deya bergan va’dasining ustidan chiqmagani aytilgan edi.
Jamoaviy shikoyat
Bir guruh taniqli o‘zbek kino arboblari «O‘zbekkino» direktori Firdavs Abduxoliqovni yakkahokimlik¸ senzorlik va kino sohasini bilmaslikda ayblab, 14 aprel kuni Bosh vazir Abdulla Aripovga jamoaviy shikoyat xati bilan chiqqan edi.
Shikoyat maktubida 2019 yilda «O‘zbekkino» milliy agentligi direktori etib tayinlangan Firdavs Abduxoliqov kino rivojiga mutlaqo aloqador bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgani, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlarni chetlatib, ularning o‘rniga kino sohasidan yiroq bo‘lgan, uning o‘zigagina qarashli odamlarni boshqarma va bo‘limlar rahbarligiga tayinlash amaliyotini yo‘lga qo‘ygani yoziladi.
Shuningdek, maktubda «Abduxoliqov ish o‘rniga va’zxonlik, tadbirbozlik, keraksiz ishlar bilan shug‘ullangani hamda davlat mablag‘ini keraksiz safarlarga sarflagani" aytiladi.
Ozodlik muxbiri tanishib chiqqan jamoaviy shikoyat 109 kishi tomonidan, xususan, «O‘zbekkino» bosh direktori 1-o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, bosh direktor o‘rinbosari Nizom Mahmudov, «O‘zbekfilm» direktori Fotih Jalolov, O‘zbekiston kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy direktori Bahrom O‘tanov, «Multstudiya» direktori Sevara To‘laganova, Respublika kinofondi direktori Shuhrat Umarov, shuningdek, Hilol Nasimov, Jahongir Qosimov, Sarvar Karimov, Abduxalil Mingnorov, Akbar Bekturdiyev kabi rejissyorlar tomonidan imzolangan.