Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:39

Saratovda nolegallarga “amnistiya” berildi. Ixtiyoriy qaydga turganlar karantindan keyin Rossiyani tark etishi kerak


Saratov oblasti ichki ishlar rahbariyati mintaqadagi nolegal mehnat muhojirlariga “migratsiya amnistiyasi” e’lon qildi. Amnistiya qo‘llanishi uchun Saratovda noqonuniy yurgan mehnat muhojirlari migratsiya qaydiga turishi kerak bo‘ladi.

Ba’zi migratsiya mutaxassislari bu “amnistiya”ni Rossiya prezidenti chiqargan qarorga “bo‘ysunmaslik” deb atasa, boshqalari uni ijobiy baholamoqda.

Rossiya politsiyasi: "Ariza bilan kelgan nolegallar qayta qaydga olinadi"

Saratovda o‘z ixtiyori bilan kelib¸ migratsiya qaydidan o‘tgan nolegal mehnat muhojirlari har qanday javobgarlikdan ozod etiladi.

Bu haqda Saratov oblasti Ichki ishlar boshqarmasining Migratsiya masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Aleksey Zelepukin 27 aprel kuni maxsus uyushtirilgan matbuot anjumanida xabar qildi.

- Saratov viloyati hududida noqonuniy yurgan barcha xorij grajdanlari har qanday javobgarlikdan ozod etiladi. Buning uchun ularga idoralarimizga kelib, ariza bilan murojaat qilish majburiyati qo‘yiladi. O‘z tarafimizdan biz bu grajdanlarning migratsiya hujjatlari muddati o‘tib ketgan bo‘lsa ham¸ migratsiya qaydiga qo‘yishni o‘z zimmamizga olamiz, dedi Aleksey Zelepukin.

Rasmiyning so‘zlaricha, migrantlar daktiloskopiya, rasmga tushish va barcha ma’lumotlar bazasidan tekshirishdan o‘tadi.

- Agarda xorij vatandoshi qidiruvda bo‘lmasa yoki unga nisbatan hibsga olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan, u boshqa davlat tomonidan ta’qib qilinmayotgan bo‘lsa, bu shaxs Rossiya Federatsiyasi hududida migratsiya qaydiga turishga va joriy yilning 15 iyunigacha qonunan yashash huquqiga ega bo‘ladi, dedi Saratov migratsiya idorasi rahbari.

Zelepukin IIBga murojaat qilgan nolegal muhojirga nisbatan hech qanday jazo chorasi qo‘llamasligi, Putin imzolagan yangi qarorga ko‘ra¸ muhojirlarning hozirgi vaziyatda ruxsatnomasiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

Saratov migratsiya mulozimiga ko‘ra¸ nolegal migrant qaydga olinganidan so‘ng migratsiya bo‘linmasi tegishli davlat konsullik bo‘limiga murojaat qiladi va “qaytishga guvohnoma” rasmiylashtiriladi.

Shundan keyin bunday muhojir Rossiya Federatsiyasi hududini tark etishga majbur”, deya xulosa qildi idora vakili.

Statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra¸ Saratov aholisi keskin qisqarib borayotgan Rossiya mintaqalaridan biridir.

Nolegal o‘zbek muhojiri: "Jon deb legallashamiz!"

Rossiyada nolegal holatda yurgan 34 yashar Asqar juda ko‘plab migrantlar amnistiya kutayotganini aytadi.

Biroq, Rossiya politsiyasiga ishonch yo‘q, deydi u:


- 4,5 yildan beri noqonuniy yuribman Rossiyada. O‘shanda ishim yurishmasdan, patent qilishga pulim bo‘lmadi. Keyin hojati qolmadi - baribir deport qilishadi, ushlashsa. Shuncha vaqt politsiya ushlasa 1-2 ming rubl berib qutulyapman. Mening tanishlarim orasida 80 foizi nolegal, birortasida hujjati yo‘q! Hammasi jon deb boradi, agarda amnistiya bersa. Lekin bir narsa xavotirga solyapti - politsiya bizni aldamaydimi? 15 iyundan keyin "o‘yin" qilib, hammamizni deport qilsa-chi?! - deydi Asqar.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi tarqalishi oldidan Rossiyada 2,2 million o‘zbekistonlik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatda qolayotgan 10 millionga yaqin mehnat migrantlaridan 2 millioni noqonuniy yashab kelayotganini xabar qiladi.

Migratsiya mutaxassislari:"Ko‘plab savollarga javob ololmayapmiz!"

Saratovda amnistiya e’lon qilinishi arafasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin xorij grajdanlariga berilgan ishga ruxsatnoma, registratsiya, viza muddatini avtomatik tarzda 15 iyungacha uzaytirish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekkan edi.

Unga ko‘ra, 15 martdan 15 iyunga qadar xorijliklar va grajdanligi yo‘q shaxslar uchun qaydga turish (registratsiya) va ishga ruxsatnomalarni (patent) rasmiylashtirish va to‘lab borish vaqtinchalik to‘xtatildi.

Ayni paytda¸ bu qarorning Rossiyadagi o‘n minglab nolegal muhojirlarga taalluqli emasligi aytildi.

Saratov oblasti migratsiya rahbariyati e’lon qilgan “muhojirlar amnistiyasi”, ayrim mutaxassislar fikricha, Rossiya prezidenti qaroriga ziddir.

“Saratovda Putin 18 aprel kuni imzolagan 274-sonli qarorga bo‘ysunmaslik yo‘li bilan migratsiya amnistiyasini o‘tkazishmoqchi - muhojirlarni migratsiya qaydiga turishga majburlashmoqda, vaholanki qarorda bunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq mavjud! - deb yozdi migratsiya masalalari bo‘yicha huquqshunos Valentina Chupik.

Migratsiya amnistiyasini ijobiy baholagan Migranto.ru portali asoschisi¸ yurist Svetlana Salamova Saratov Migratsiya departamenti e’lon qilgan jarayonni butun Rossiyada hududida joriy qilish kerakligini bildirdi.

Bu mutaxassis¸ migratsiya amnistiyasi nolegal muhojirlarni legallashishning yagona yo‘li, degan fikrda.

- Aslida¸ bu tartib butun Rossiyada amal qilishi kerak, faqat Saratov viloyatidamas. Saratov migratsiya rahbariyati shunchaki bunga alohida e’tibor qaratdi. 15 iyungacha Saratovdagi muhojirlar endi himoya ostida bo‘ladi. Biroq, Rossiyada hech bir davlat idorasi 15 iyundan keyin Rossiyadan chiqib ketmoqchi bo‘lgan nolegallarga qaytib kirishga taqiq qo‘yilmasligiga kafolat bermayapti.

Hozir hatto to‘lanmayotgan ishga ruxsatnoma to‘lovlari masalasida ham yuristlar orasida biror yakdillik yo‘q. Xuddi Saratovga o‘xshab, Rossiya migratsiya maydonida o‘zboshimchalik va tartibsizlik hukmron, har bir mintaqa bu masalalarni o‘zicha hal qilmoqda, dedi Svetlana Salamova.

U o‘z saytida Rossiya Ichki ishlar vazirligining bu masalaga doir maxsus farmoyish nusxasini e’lon qilganini bildirdi.

Suhbatdosh Rossiyada karantin yakunlanganidan keyin hukumat ishsiz va mablag‘siz qolgan rossiyaliklar bosimi ostida mehnat bozorida “zachistka” o‘tkazib, muhojirlarga qarshi cheklovlarni kuchaytirishi mumkinligini taxmin qildi.

28 aprel kuni koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash masalasida qilgan uchinchi chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putin “ishlanmaydigan kunlar” va “izolyatsiya rejimi”ni 11 maygacha uzaytirdi.

XS
SM
MD
LG