Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:20

Mutaxassislar: Sardobadagi falokat sababchisi shamol emas¸ qurilishlardagi dahshatli o‘g‘riliklardir!


Sardoba suv omboridagi to‘g‘onning o‘pirilishi ortidan aholi uylari¸ ekin yerlari va infratuzilmaga yetkazilgan ziyonning o‘nlab million dollarni tashkil etishi taxmin etilmoqda.
Sardoba suv omboridagi to‘g‘onning o‘pirilishi ortidan aholi uylari¸ ekin yerlari va infratuzilmaga yetkazilgan ziyonning o‘nlab million dollarni tashkil etishi taxmin etilmoqda.

1 may kuni erta tongda Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirildi va atrofdagi aholi uylari¸ ekin yerlarini suv bosdi.

Bu Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlanib¸ u prezident bo‘lganidan so‘ng tugallangan mamlakatdagi ilk yirik suv inshootidir.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra¸ suv omboriga yaqin mahallalarda karantinda yashab turgan 12 mingga yaqin aholi falokat ortidan o‘z uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Hozircha bu falokatning davlat va xalqqa yetkizgan moliyaviy ziyoni haqida raqamlar yo‘q. Voqea yuzasidan hukumat komissiyasi ish boshladi.

Davlat va xalqqa millionlab dollar zarar yetkizgan bu falokat uchun kim mas’ul? Javobgarlar jazoga tortiladimi?

1 may kuni aksar o‘zbekistonliklar ana shu savollarni kun tartibiga qo‘ya boshladi.

Falokat ro‘y berishi bilan Ozodlikka bog‘langan Sardoba suv ombori qurilishiga aloqador mutaxassislar va mulozimlar Sardoba to‘g‘onining o‘pirilishiga kuchli shamol emas¸ balki uning qurilishidagi o‘g‘riliklar¸ jinoiy malakasizlik sabab ekanini ta’kidladi.

Bunday fikrlarga munosabat bildirgan O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Sharifjon Qo‘chqorov¸ ish boshlagan hukumat komissiyasining bunday savollarga “adolatli javob” topishini bildirdi.

Sardobada nima bo‘ldi? Rasmiy javob

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligining omborlardagi suv vaziyatini monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi boshqarmasi rahbari Sharifjon Qo‘chqorov Ozodlik bilan suhbatda¸ dastlabki kuzatishlarga ko‘ra¸ to‘satdan yuzaga kelgan “anomal o‘rama shamol” oqibatida dambaning quyi qismlari yemirilgani taxmin qilinayotganini bildirdi.

- Qattiq shamol orqasidan kuchli to‘lqin bo‘lgan. Dambaning balandligi eng baland joyda 32 metr¸ eng pasti 18 metr. Pastki qismi kuchli to‘lqinda yemirilib¸ yuvilib tushgan. Oxirgi ikki uch kundagi kuchli shamol dambani yuvib¸ yemirilishiga sabab bo‘lgan¸ deb taxmin qilyapmiz. O‘zi ob-havoning shamolli va yomg‘irli kelgani uchun¸ keyingi uch-to‘rt kundan beri suv omborlari 24 soatlik kuzatuvda edi¸ dedi vazirlik rasmiysi.

Kuzatuvda bo‘lganiga qaramay¸ nima uchun Sardoba omboridagi falokat oldi olinmagani haqidagi savolga vazirlik mulozimi shamol kuchining "anomal"ligi bilan javob qaytarishga urindi.

Sardobada nima bo‘ldi? Norasmiy javob

Sardobadagi falokat xabari ortidan Ozodlikka bog‘lanayotgan O‘zbekiston hukumatining turli tizimlarida ishlovchi mulozimlar¸ qolaversa¸ qurilish¸ xususan¸ suv omborlari bo‘yicha mutaxassislar fojianing asl sababi qurilish sohasidagi dahshatli korrupsiya¸ monopoliya va o‘g‘riliklar ekanini iddao qilmoqda.

"Biz bilgandik¸ biz kutgandik shunaqa fojianing ertami-kech sodir bo‘lishini"¸ deb yozdi Ozodlikka bog‘langan aksar mutaxassislar.

Qurilish inshootlarida o‘g‘rilik qilinmasa¸ smeta bo‘yicha qurilsa¸ to‘g‘on bitta shamolda qulamaydi. Ikkinchisi¸ uni qurganlar afsonaviy boyib ketmaydi. Ombor qurilishi ob’yomi juda katta¸ millionlab dollarlik loyiha bu. Bu pulning 20-30 foizi cho‘ntagiga qolmasa¸ qurilish kompaniyasi uyidan chiqib¸ cho‘lga qadam bosmaydi. O‘g‘rilik sxemasi juda sodda. Masalan¸ ombor hududining 1000 kub metr qum olib kelib trambovka qilinishi kerak joyiga¸ 500 kub beradi. Damba uchun ishlatiladigan shag‘al bormi¸ beton bormi¸ xuddi shunday. Masalan¸ men quruvchiman¸ shag‘al zavodi bilan shartnoma tuzaman¸ deylik 1000 kub shag‘alga qog‘ozda 10000 ming dollar¸ deb. Men 500 kub olaman po faktu¸ qog‘ozda 10 000 o‘tkazaman. Lekin shag‘alchi menga 5000 dollarini naqd qilib qaytib beradi. Bu otkat. Butun qurilishda ayni sxema. Dom bo‘ladimi¸ metro bo‘ladimi¸ suv omborimi¸ hammasida bir xil. Endi siz suv omboridagi pul ob’yomini hisoblab ko‘ring va uni qurganlarning yashashini borib ko‘ring. Ombordan o‘g‘irlangan pullarning qayerga ketganini bilib olasiz”.

Sardoba suv ombori qurilishini kuzatgan sirdaryoliklardan biri ham o‘zi guvoh bo‘lgan voqealarga asoslanib¸ 1 may kungi falokatning asl sababi qurilishdagi o‘g‘riliklar ekanini ta’kidlaydi.

Bu suv ombori qurilishida qatnashmaganmiz, lekin u yerga tashilgan shag‘al, tosh rejada ko‘rsatilganidan ancha kamligini yaxshi bilamiz. Sabab¸ qurilish vaqtida tosh, shag‘al tashigan mashinalar qo‘shni qishloqlarga sotib ketishardi. Leviy qilish biz o‘zbeklar uchun odatiy holat. Chizmada hammasi hisob-kitob qilingan bo‘lishi kerak. Lekin amalda o‘zbekcha bo‘ladi. Solyarka, shag‘al, tosh sotiladi kunlik bajarilmagan ishlar bajarildi qilib qog‘ozda ko‘rsatiladi. Chimqo‘rg‘on QFY hududida ham suv ombori qurilyapti. U yerda ham shu ahvol, jizzaxliklar bilan solyarka biznesi avjida. Ikki yilda necha yuzlab tonna yoqilg‘i sotilib ketgan¸ Xudo biladi. Mahalliy aholi qo‘rquvda, vahimada. Oxiri yaxshilik bilan tugasin. Biz o‘zbeklarga eshakni ham ishonib topshirmaslik kerak¸ uni ham abzalini og‘dirib qo‘yadi”¸ deb yozdi sardobaliklardan biri.

Sardobani kim qurgan?

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Sardoba suv omborining bosh buyurtmachisi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga qarashli “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasining gidrotexnik inshootlarini qurish direksiyasidir. Ayni paytda¸ bu direksiya qurilish ishiga subpudratchi shirkatlarni yollagan.

Ozodlik bilan bir-biridan mustaqil holda gaplashgan qurilish sohasiga aloqador mulozimlar Sardoba suv omborining bosh quruvchisi “To‘palang-gidro qurilish” deb nomlangan MChJ ekanini bildirdi.

Bu xususiy quruvchi shirkat esa¸ Ozodlik manbalari ta’kidicha¸ O‘zbekgidroenergo AJ boshqaruvi raisi¸ senator Abdug‘ani Sanginovga qarashli.

O‘zbekistonda suv omborlarini faqatgina Sanginov Abdug‘aniga tegishli tashkilot quradi. Bu uning monopoliyasi. "To‘palangstroy” 80-yillar oxirida Surxondaryoda tashkil topgan. Sanginov Surxondaryoning Sariosiyo tumanidan. Unda 1500-2000 odam ishlaydi. Hamma suv inshootlarini “To‘palang qurilish tashkiloti” quradi. Nalogni bekitish uchun¸ qolgan MChJlarga o‘xshab¸ har uch yilda nomini o‘zgartiradi. Qurilishga lizing asosida katta texnikalarni ijaraga berish ham Sanginovning o‘gillariga tegishli kompaniyalar qo‘lida. Nomi har xil¸ lekin hammasining asl egasi bitta. Sardoba suv omborini “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning bu qurilish tugagan 2017 yildagi rahbari¸ hozirgi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov qabul qilib olgan. O‘zbekistondagi qaysiki qurilishga qaramang¸ u yerda Ramatovning qo‘li bor” ¸ dedi Sardoba suv ombori qurilishi jarayoniga bilvosita aloqador mulozimlardan biri.

Ozodlik bilan suhbat asnosida O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi mulozimi Sardoba omborining bosh pudratchisi aynan “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga tegishli kompaniya ekani¸ uning subpudratchilari orasida esa¸ “To‘palangqurilish” tashkiloti borligini tasdiqladi.

“Yirik inshootlar qurilishi tendersiz jarayon”

Ozodlik gaplashgan O‘zbekistondagi qurilish sohasiga bevosita aloqador mulozim va mutaxassislar mamlakatda amalga oshirilayotgan kattayu kichik qurilish loyihalari uchun nomigagina tender o‘tkazilishi¸ ko‘p hollarda esa¸ hukumat qarori bilan¸ qurilishning tendersiz tanlangan kompaniyalarga berilishini aytadi.

Yirik qurilishlar¸ xususan¸ Sardobaga o‘xshagan millionlab dollarlik loyihalar tepadagilarning o‘zidan ortmaydi¸ begona olmoqchi bo‘lsa¸ otkati kamida 40 foiz bo‘ladi”¸ deydi bu qurilishlarga aloqador muhandislardan biri.

Shunchaki ma’muriyatchilik uchun o‘tkaziladigan tenderga bitta kattakonning uch xil nomdagi kompaniyasi qo‘yiladi. Ulardan bittasi go‘yoki yutib chiqadi. Qog‘ozda tender bor¸ bir nechta shirkat qatnashgan. Aslida esa¸ hech qanday tender yo‘q. Tenderni beruvchilarning yo o‘zi¸ yoki quda-andasi oldindan olib bo‘lgan.Bu gap yolg‘on bo‘lsa¸ qani¸ ochishsin Sardoba ombori qurilishiga oid hamma hujjatlarni¸ ko‘raylik¸ qaysi shirkatning qaysi tender asosida tanlangani¸ bu shirkatlarning egalari kimligini”¸ deydi O‘zbekistondagi qurilish sohasining dahshatli korrupsiya iskanjasida ekanini qayta-qayta ta’kidlagan muhandis.

Sardobadagi falokat uchun kim javob beradi?

Favqulodda vaziyatlar vazirligining bildirishicha¸ 1 may kuni Sardobadagi falokat yuzasidan hukumat komissiyasi tuzilgan. Hozircha komissiya tarkibi e’lon qilinmadi.

Bu komissiya Sardobadagi falokat sabablarini o‘rganishni boshlar-boshlamas¸ Ozodlik bog‘langan mutaxassislar¸ uning fojianing asl sababchisini aniqlab¸ jazoga tortishiga ishonmasligini bildirdi.

«Yana Yunusobod metrosidagi o‘pirilishdan keyingi holat aynan takrorlanadi. Metroni mardikor va temir yo‘lchilarga majburlab tekin yoki suvtekinga qurdirgan Ramatov edi. Yunusobod metrosidagi fojia sabablarini o‘rganish uchun tuzilgan hukumat komissiyasiga yana Ramatovning o‘zi rais bo‘ldi. Bir-ikkita quruvchi xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilmadi¸ deb qandaydir jarimaga tortilgandir¸ lekin asosiy aybdorlar haliyam mansabida o‘tiripti. Sardoba ham xuddi shunday bo‘ladi. Hukumat komissiyasiga bu falokatning bosh sababchilarining o‘zi kiradi va hamma narsani “tabiiy ofatga to‘nkab”¸ suvdan quruq chiqib ketishadi”¸ deydi qurilish sohasida muozimlaridan biri.

Ozodlik gaplashgan qurilish muhandisi esa¸ agar prezident fojianing asl sababini ochiqlamoqchi bo‘lsa¸ bu qurilishning boshidan oxirigacha bo‘lgan jarayon yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga buyruq berishi kerakligini aytadi.

"Tenderdan boshlashsin. Asosiysi¸ ombor qurilishining texnadzorini kim qilgan¸ qanday qilgan¸ ko‘tarsin hamma hujjatlarni. Javobgarlikni ana shulardan boshlash kerak. Davlat buyurtmachi bo‘lgan ob’yektlardagi davlat manfaatini texnadzorchilar himoya qilishi kerak. Bular qurilishning tepasida turishi kerak¸ hamma narsani ipidan ignasigacha tekshirishi kerak. Proekt bo‘yicha qurilayotgan-qurilmayotganini shular nazorat qilishi kerak. Foto¸ video fiksatsiya qilib borishi kerak. Aks holda¸ ikki metrlik beton quydim deb¸ 1¸5 metrini axlat bilan to‘ldirib ketaverishi mumkin quruvchi. Quruvchining ishini texnadzor kuzatadi. Ana undan keyin¸ bu qurilishni qabul qilib olgan maxsus komissiya javob bersin. Qanday tekshirdi¸ qanday asosda inshootni qabul qilib oldi”.

Ayni paytda bu mutaxassis ham eng quyidan eng tepagacha bitta korrupsiya zanjiriga ulangan bu jinoyatlarning fosh bo‘lish va jazolanishiga ishonmasligini qo‘shimcha qiladi.

Hukumat komissiyasiga kiradiganlarning ham bola-chaqasi bor. Ularning bolalari¸ biznikidan farqli¸ Angliya¸ Amerika¸ Shveysariyada o‘qiydi. Ularga ham pul kerak. Juda katta pul kerak.. Ular ham sotib olinadi. Risk togo stoit. 10 ming dollar emas¸ millionlab dollar haqida gap boryapti. Qurilishni bergan ham¸ qurgan ham¸ uni qabul qilib olgan ham o‘zlari. Ular bir-birini straxovka qiladi. Vazirlar¸ hokimlar¸ prokurorlar bir-biriga qarindosh¸ quda. O‘rtada qon yutib yana uyidan¸ yeriyu ekin-tikinidan ajragan nochor xalq qolaveradi“.

Sardoba suv omboridagi falokat ortidan kuchayib ketgan tanqid va e’tirozlar¸ xususan¸ falokatning asl sababchilarining jazosiz qolishi haqidagi ehtimolga munosabat bildirgan O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi rasmiysi Sharifjon Qo‘chqorov¸ bunday tushkunlikka asos yo‘qligini bildirdi.

- Hamma aybni kuchli shamolga to‘nkab¸ aybdorlar jazosiz qoladi¸ degan gaplarda asos yo‘q. Hukumat komissiyasi¸ albatta¸ sabablarni yaxshilab o‘rganib¸ o‘z adolatli xulosasini beradi¸ dedi Toshkent mulozimi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:48 0:00
Бевосита линк


Siz bevosita Sardoba suv ombori qurilishida ishlaganmisiz¸ uning qanday qurilganidan xabaringiz bormi? Yo‘qsa¸ suv ombori yaqinida yashaganlardan bo‘lsangiz¸ bu falokat siz va oilangiz hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Bu haqda Ozodlikning @ozodnews Telegram kanaliga yozib yuboring. Telegram raqamimiz +420724971539 . Shaxsingiz¸ istasangiz¸ sir tutiladi.

XS
SM
MD
LG