Noginsk shahrida (Moskva oblasti) markaziy osiyolik mehnat muhojiri Sberbank bankomatlarini ketmoncha bilan buzib ochishga uringani uchun hibsga olindi.
Bu voqea Rossiya matbuotida so‘nggi ikki oyda “migrantlar jinoyatlari keskin o‘sgani”ga oid xabarlar keskin ko‘paygan bir paytda yuz berdi.
Rossiya hukumati vakillari esa, aksincha, oxirgi uch oyda migrantlar sodir etayotgan jinoyatlar soni kamayganini aytmoqda.
“To‘rtta bankomatni ketmoncha bilan buzib ochmoqchi bo‘ldi!”
Moskva oblast Ichki ishlar boshqarmasi Noginsk shahrida bir kechada to‘rtta bankomatni buzmoqchi bo‘lgan shaxs hibsga olinganini xabar qildi.
IIB matbuot xizmati rahbari Tatyana Petrova bankomatlarga qilingan hujum ortidan Noginskda shu kechasiyoq ushlangan shaxs 30 yashar markaziy osiyolik muhojir ekanini bildirdi:
- Aniqlandiki, jinoyatda ayblanuvchi oddiy bog‘ ketmonchasi yordamida 3-chi Internatsional ko‘chasida joylashgan to‘rtta bankomatni buzib ochmoqchi bo‘lgan. Signalizatsiya ishga tushishi bilanoq u seyflarni ocholmasdan, hodisa joyidan g‘oyib bo‘lavergan. Yozuv kameralarini ko‘zdan kechirgan politsiya xodimlari gumonlanuvchi shaxsni jinoyat sodir bo‘lgan joy yaqinida hibsga oldi.
Tergovchilardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ayblanuvchi ketmonchani ham qo‘shnisining hovlisidan o‘g‘irlab ketganini aytdi.
So‘roq paytida jinoyatga qo‘l urish sabablarini tushuntirar ekan, ismi oshkor etilmayotgan markaziy osiyolik 30 yashar muhojir karantin paytida ish topa olmagani bois, pulsiz qolganini ma’lum qilgan.
Politsiya Tergov boshqarmasi RF Jinoyat kodeksining 158- moddasi asosida markaziy osiyolikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu moddaga ko‘ra, aybi sud jarayonida aniqlansa, xorijlik 10 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.
(Moskva viloyat IIBsi taqdim etgan video)
Moskva viloyat politsiyasi e’lon qilgan videoda jinoyatda ayblanayotgan shaxsning bir nechta bankomatlarni buzib ochishga urinayotgani, qo‘lga olinganidan keyin esa tergovchilar savollariga javob berayotganini ko‘rish mumkin.
Jumladan, ko‘rinishidan osiyolik bo‘lgan migrant oldin ham o‘g‘rilik moddasi bilan sudlanganini aytadi.
Kuzatuvchilar Rossiyada izolyatsiyada qolayotgan xorijliklar bilan bog‘liq ayrim jinoiy holatlar mahalliy millatchilar va siyosiy kuchlar tomonidan mutlaqo boshqa ko‘rinishda talqin etilayotganini gapirmoqda.
Rus nashrlarida “migrantlar xatari” to‘g‘risida gap-so‘zlar ko‘paymoqda
Rossiya ommaviy axborot vositalarida so‘nggi ikki oy davomida “migrantlar jinoyatchiligining keskin o‘sishi” mavzusiga bag‘ishlangan maqola, tok-shou va videoreportajlar soni keskin ko‘payganini ham kuzatish mumkin.
Migrantofobiya kayfiyatidagi maqola va fotoreportajlar bilan nom qozonayotgan “Moskovskiy komsomolets” «Ishsiz migrantlar ketishmasa, kriminal holat keskin portlaydi!» degan sarlavha bilan maqola chop etdi. “Moslenta” nashri esa, “Ocharchilik, o‘g‘rilik va o‘z joniga qasd qilish: koronavirus migrantlarni qay ahvolga yetkazdi”, deya vahima tarqata boshladi.
Millatchilik va irqchilik ruhidagi bu kabi maqolalar, tok-shoular va suhbatlar “migrantlar orasida kriminal vaziyatning keskinlashishi” mavzusiga e’tibor qaratib, rus jamiyatida mehnat muhojirlariga qarshi kayfiyatni qo‘zg‘atmoqda.
Jumladan, change.org saytida bir guruh rus millatchilari kasallik tarqagan va “izolyatsiya holati” kiritilgan bir vaqtda Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlarini mamlakatdan chiqarib yuborish petitsiyasiga imzo yig‘di.
Vladimir Putinga yo‘llangan bu murojaatnomada rossiyaliklarning demping tufayli ishsiz qolayotgani, “sobiq gastarbayterlar” orasida esa talonchilik va o‘g‘rilikka qo‘l urayotganlar ko‘payib borayotganiga e’tibor qaratildi.
“O‘zini yakkalash” rejimining 11 maygacha uzaytirilishi va mamlakatda koronavirus kasalligining tarqalishi avj olib borayotgani ruslarning Rossiya hukumati qarorlaridan noroziligini oshirib bormoqda. Qator mintaqalarda mahalliy aholining ommaviy norozilik chiqishlari kuzatildi.
Qiyin iqtisodiy ahvolda qolgan rossiyaliklarning noroziligi oshayotgan bir paytda “Komsomolskaya pravda”dek nashrda “Rus kambag‘allari chiqindi baklarini titayotgan bir paytda migrantlarga oziq-ovqat yuk mashinalarida tashilmoqda” (“Russkie bednyaki royutsya v musornix bakax, poka migrantam vezut besplatnuyu yedu gruzovikami”) degan xabarlar tarqatilmoqda.
“Ayrim kuchlar migrantofobiyani o‘z maqsadlarida ishlatmoqchi!”
Rus jamoatchiligi “ishsizlik va ilojsizlikdan” turli jinoyatlarga qo‘l urayotgan muhojirlar sonining ko‘payib borayotganini taxmin qilsa, hukumat vakillari oxirgi uch oyda migrantlar orasida jinoyatchilik hajmi kamaygani borasida hisobot berdi.
Rossiya jamiyatida urchib borayotgan bunday kayfiyatga javoban Moskva meri Sergey Sobyanin migrantlar orasidagi jinoyatchilik ko‘lami kengayib borayotgani borasidagi gap-so‘zlarni inkor etdi:
- Raqamlar bizda jinoyatchilik keskin oshganini tasdiqlamayapti, aksincha. 2020 yilning dastlabki uch oyida muhojirlar orasida jinoyatchilik holatlari kamaydi. Hukumat migrantlar bilan bog‘liq vaziyatni, jumladan ular jips yashaydigan joylarni nazoratga oldi.
U oxirgi oylarda birgina Moskva ko‘chalarida 9-13 ming patrul xodimi tartibni nazorat qilayotganini bildirdi.
Rossiya IIV: Moskvadagi "o‘zbeklar bandasi" hujumi videosi - feyk
Rossiya Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarmasi oxirgi hafta davomida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan hodisalardan biri - go‘yo bir guruh o‘zbekistonliklarning Moskvaning Petrovsko-Razumovskiy mavzesida ota-bolaga hujum qilgani to‘g‘risida paydo bo‘lgan video bo‘yicha tarqatilgan xabarlarni soxta ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
Aprel o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu videoyozuv ostida “Rossiya poytaxtida ishsiz qolgan besh nafar O‘zbekiston fuqarosi ko‘chada ota va bolaga hujum qilib, ularni do‘pposlagan va 2 ming rubl pulni o‘g‘irlab ketgan” degan izoh qoldirilganini ko‘rish mumkin.
Tarmoqlarda tarqalgan bu feyk xabar ko‘plab boshqa nashrlarda ham o‘zgartirilmasdan chop etildi.
Poytaxt politsiya boshqarmasi hodisaga boshqacha ta’rif berdi.
“Bir guruh shaxs kvartirada alkogol ichib o‘tirganida ko‘chada bir yo‘lovchi ular mashinasi kapotiga chiqib sakrayotganini ko‘rib qoladi. G‘azablangan moskvaliklar ko‘chaga chiqib, bezorilarni kaltaklagan. Muhojirlar orasida jinoyatchilik ko‘lami kengayayotgani kuzatilgani yo‘q. Moskva politsiyasi grajdanlarga xushyor bo‘lish va rasmiy ma’lumotlarga tayanishni tavsiya etadi”, - xabar qildi Moskva politsiyasi matbuot markazi.
"Nashr so‘zlarimni buzib beribdi!"
Rossiyada faoliyat yuritib kelayotgan "O‘zbeklar, o‘zbekistonliklar butunrossiya kongressi" (VKUU) raisi Ibrohim Xudoyberdiyev Ozodlik bilan suhbatda “Moskovskiy komsomolets” gazetasi yaqin kunlarda chop etgan maqolalaridan birida uning so‘zlarini buzib talqin etganidan taassuf bildirdi.
Suhbatdosh Rossiyadagi millatchi kuchlar yuzaga kelgan vaziyatdan o‘z maqsadlarida foydalanishga urinmoqda, deydi:
- Kuni kecha “Moskovskiy komsomolets” go‘yo “Muhojirlarni evakuatsiya qilish kerak, ular haqiqatan xatarlidir! Ular ko‘chalarga chiqib, ruslardan yegulik so‘rayapti!”, deb mening so‘zlarimni buzib beribdi. Aslida men “migrantlar og‘ir ahvolda, ular ham yordamga muhtoj, migrantlar masalalariga tizimli munosabat shakllantirish kerak”, degan edim.
Aytishim kerakki, Rossiyadagi ayrim kuchlar OAV orqali ziddiyatli va murakkab paytda millatlararo masalani qo‘zg‘ab, migrantofobiyani kuchaytirib, o‘zlarining siyosiy maqsadlarida ishlatmoqchi. Epidemiya davrida og‘ir vaziyatda qolgan oddiy ruslar va migrantlar orasida esa yakdillik o‘rnatilgan, hech qanday millatchilikka o‘rin yo‘q! dedi Ibrohim Xudoyberdiyev.
Uning so‘zlaricha, migrantlarga qarshi kampaniyani boshlagan ayrim rossiyalik guruhlar va siyosatchilar mahalliy aholi g‘azabini xorijlik ishchilarga qarshi yo‘naltirish va o‘z reytingini oshirish harakatida.
U haligacha Rossiyada qolayotgan legal va nolegal migrantlar soniga oid hatto aniq raqamlar keltirilmaganini bildirdi.