Sardoba suv omborida 1 may kuni ro‘y bergan texnogen falokat ortidan jamoatchilik foydalanishga topshirilganidan uch yil o‘tib-o‘tmay yemirilib¸ davlat va xalqqa millionlab dollar ziyon yetkazgan¸ odamlar hayotiga zomin bo‘lgan bu fojia uchun kim mas’uliyatni zimmasiga oladi¸ degan savolni kun tartibiga qo‘ydi.
Ozodlik bu qurilish tepasida hozirda “O‘zbekgidroenergo” AK boshqaruvi raisi va senator Abdug‘ani Sanginov ham davlat buyurtmachisi maqomida¸ ham uni qurgan xususiy pudratchi sifatida qatnashganini xabar qilishi ortidan¸ “O‘zbekgidroenergo” bu ma’lumotga raddiya berishga urindi.
Ayni paytda¸ Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar¸ qolaversa¸ Sardoba suv ombori qurilishidan bevosita xabardor bo‘lgan mulozimlar bergan ma’lumotlar¸ to‘g‘oni yorilgan suv ombori qurilishiga Abdug‘ani Sanginovning ikki xil maqomda yetakchilik qilganini tasdiqlaydi.
“O‘zbekgidroenergo” AJsi falokat ortidan o‘z rahbarining Sardoba suv ombori qurilishidagi rolini yo‘q darajaga tushirishga urindi.
Ammo 2017 yil dekabrida Abdug‘ani Sanginovga Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvoni berilganini tabriklagan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati jamoasi buning teskarisini bildirgan edi.
Kompaniya “Markaziy Osiyoda eng uzun to‘g‘onga ega - “Sardoba” suv omborining foydalanishga topshirilganligi, jahonning eng baland 10 ta suv ombori toifasiga kirgan 187 metr balandlikka ega bo‘lgan -“To‘palang”suv omborining qurib bitkazilganligi”ni aynan Sanginovning “buyuk xizmatlari” sifatida taqdim etgan edi.
Ozodlik gaplashgan suv xo‘jaligiga aloqador mulozimlarga ko‘ra¸ Mirziyoyev Sanginovni aynan Karimov davrida cho‘zilib ketgan Sardoba suv omborini o‘zi prezidentlikka kelganidan keyin tezlikda bitirgani uchun taqdirlagan.
Sanginov - buyurtmachi
O‘zbekistonning asosan cho‘l hududida joylashgan Sirdaryo va Jizzaxda paxtachilikni rivojlantirish maqsadida Sardoba suv ombori qurish tashabbusi¸ prezident matbuot xizmatining ta’kidicha¸ o‘shandagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga oid.
2010 yili jamoatchilikka biror shaklda e’lon qilinmay turib boshlangan yangi suv omborining buyurtmachisi O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli “O‘zsuvenergo” birlashmasidir. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ bu birlashmani 2008 yildan to u “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatiga aylangan 2017 yilgacha Abdug‘ani Sanginov boshqargan.
Ozodlik gaplashgan Suv xo‘jaligi vazirligi mulozimlari ham¸ davlat nomidan Sardoba suv ombori qurilishiga buyurtmani “O‘zsuvenergo” raisi Abdug‘ani Sanginov berganini tasdiqladi.
Bu ob’ekt qurilishi uchun bosh pudratchi yetib¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi tanlangan.
2002 yildan to 2019 yil fevraliga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari”aksiyadorlik jamiyati raisi hozirgi Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov bo‘lgan.
Ochiq manbalarda bosh pudratchining qaysi mezonda tanlangani¸ buning uchun biror tender bo‘lgan-bo‘lmaganiga oid biror ma’lumot yo‘q.
Asosiy faoliyati temir yo‘llarni boshqarish bo‘lgan kompaniya suv omborlari qurilishiga nega bosh pudratchi qilib tanlandi¸ degan savolga Suv xo‘jaligi vazirligi mulozimi "tuproq bilan ishlashga kerak yirik texnika vositalarining" faqat Ramatov kompaniyasida borligi bilan izohlashga urindi.
O‘z navbatida¸ bosh pudratchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qurilish ishlarini bajarish uchun xususiy qurilish tashkilotlarini pudratchi qilib yollaydi. “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” korxonasining xususiy quruvchi tashkilotlarni qanday asosda tanlagani haqida ham¸ tanlangan shirkat nomlari va kimga oidligi haqida ham ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q.
Sanginov – quruvchi
Qurilishi 2010 yilda boshlanib¸ 2017 yil Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan so‘ng bitirilgan Sardoba suv ombori qurilishida¸ “O‘zbekgidroenergo” AJ 3 may kuni bergan bayonotga ko‘ra¸ “10 dan ziyod yordamchi pudratchi tashkilotlar” ishtirok etgan.
Davlatga qarashli aksiyadorlik jamiyati 10 dan ziyod pudratchidan birortasining nomini e’lon qilmadi¸ ayni paytda¸ qurilishda Abdug‘ani Sanginovga qarashli “To’palang Water Construction” (oldingi nomi “Rezaksoy suv qurilish” MChJ) qatnashganini e’tirof etdi.
Ozodlik ixtiyoridagi rasmiy hujjatlarga ko‘ra¸ “To’palang HPD Water Construction” yoki o‘zbekchada “To‘palang suv qurilish” MChJsi 2008 yilning 2 avgustida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida xususiy mulk sifatida ro‘yxatga olingan. 2020 yil 14 apreliga qadar shirkat ustav kapitali 8 843 119 000 so‘m qilib ko‘rsatilgan.
Hujjatda uning 100 foiz aksiyalari egasi sifatida “TO'PALANG HPD HOLDING" MChJ ko‘rsatilgan. Bu holding esa “To‘palang” so‘zini o‘z brendiga aylantirgan Abdug‘ani Sanginov biznes imperiyasining bir qismidir.( Bu haqda quyida alohida to‘xtalamiz – tahr.)
“To’palang HPD Water Construction” Sardoba suv ombori qurilishiga pudratchi tashkilot sifatida tanlanganida¸ uning qog‘ozdagi rasmiy rahbari Abdug‘ani Sanginovning hamqishlog‘i Karimjon Ro‘ziyev bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumot va hujjatlar davlat nomidan ish ko‘rgan Abdug‘ani Sanginovning Sardoba suv omborini qurish loyihasini yashirin tarzda o‘z xususiy korxonasiga berganini ko‘rsatadi.
Sardoba suv omborining qurilish jarayonidan xabardor mulozim¸ mutaxassisligi bo‘yicha ombor qurilishiga aloqasi bo‘lmagan Karimjon Ro‘ziyev Sanginovning qurilish joyidagi asosiy vakili bo‘lganini bildirdi.
"Davlat-Sanginov"ning "tadbirkor-Sanginov" bilan qancha miqdordagi qurilish ishi uchun qancha pullik shartnoma imzolagani hozircha Ozodlikka ma’lum emas. Zotan¸ yetti yil qurilgan Sardoba suv omborining davlatga qanchaga tushgani haqida biror joyda biror raqam hozirgacha ochiqlanmagan.
O‘zbekistondagi suv omborlari qurilishi “monopolisti”ga aylangan Sanginov kim?
“O‘zbekgidroenergo” AJ rasmiy ma’lumotiga ko‘ra¸ Sariosiyoning Xufar qishlog‘idan chiqqan 61 yashar senator Sanginov mehnat faoliyatini “1982 yilda “To‘palangsuvqurilish” tresti laboratoriya muhandisligidan boshlab, 18 yil davomida master, prorab, uchastka boshlig‘i, trest Qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i, 2008 yil yanvardan “O‘zsuvenergo” birlashmasi bosh direktori lavozimlarida samarali ishladi. 2017 yil 18 maydan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat olib bormoqda”.
Sanginovni shaxsan tanigan hamkasblari¸ uning prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bir paytda o‘qigani va hatto Darxonda bir kvartirada ijarada yashaganini aytmoqda. Ozodlikda bunday ma’lumotni bevosita tekshirish imkoni yo‘q.
“U odam “O‘zbekgidroenergo»ga «O‘zsuvenergo» degan aksiyadorlik tashkilotidan kelgan. U yerda rahbar bo‘lgan. Undan oldin shu aksiyadorlik tashkilotinining «To‘polonsuvqurilish» degan korxonasining rahbari bo‘lgan. «To‘palang» GESini qurgan. «O‘zsuvenergo»ga o‘tganda «To‘palangsuvqurilish» tashkilotini xususiy qilib olgan va «To‘palang» so‘zi bilan boshlanadigan yana bir nechta korxona ochgan. Bu korxonalar «To‘palang» GESi qurilishida va ayniqsa Tollimarjondagi stansiya qurilishlarida, genpodryadchik bo‘lgan. Hundai va Samsung korxonalariga subpodryadchik bo‘lib hamma qurilishini qilgan. Davlatning 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘i shu odamning o‘nga yaqin korxonalarida aylangan. O‘g‘lini rahbar qilgan korxona qolgan hamma MChJlarining egasi. Sardobadagi suv omborini «To‘palangsuvqurilish» rahbari bo‘lgan davrida o‘zi qurishni boshlagan¸ «O‘zbeksuvenergo» davrida qurib bitirgan»¸ dedi Sanginovni bilgan suv xo‘jaligi tizimiga aloqador mulozim.
Ozodlikning bir necha manbasi bir-biridan mustaqil ravishda Abdug‘ani Sanginovning prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov bilan bir hududdan ekani va yaqinligini aytmoqda.
“Tepadagilar hammasi bir-biriga chirmovuqdek chirmashib ketgan. Sanginov va Nizomiddinov zemlyak. Administratsiya rahbariga yaqinlik¸ prezidentga yaqinlik demakdir”¸ dedi Ozodlikka Sanginov va oliy hokimiyat idoralaridagilar o‘rtasidagi aloqalarni tasvirlagan mulozimlardan biri.
Sanginov & Co...
Ozodlikka Abdug‘ani Sanginov haqida shaxsi sir qolishini so‘rab ma’lumot bergan mulozimlar¸ quruvchi-senator o‘g‘illarining davlatning muhim idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlashi uning suv omborlari qurilishini o‘z monopoliyasiga aylantirishini yanada silliqlashtirganini aytadi.
“Katta o‘g‘li bojxonada. Chet eldan bular opkeladigan texnika va boshqa import materiallarga istalgan payt “yashil chiroq”. Oddiy tadbirkor o‘n kunda ham rasmiylashtira olmaydigan yuklarni bular bir soatda opchiqib ketadi. Yana bir o‘g‘li Moliya vazirligining G‘aznachilik boshqarmasida ishladi¸ hozir Investitsiyalarga o‘tgan. Otasi rahbar bo‘lgan korxonaga davlat ajratadigan mablag‘ni tezlashtirishda yaxshigina rol o‘ynagan¸ keyin bu mablag‘ oilaning xususiy korxonasiga o‘tadi. Yana bittasi Bosh prokuraturada bo‘lim boshlig‘i. Biror muammo tug‘ilsa¸ joyida yechiladi¸ raqobatchilar o‘zini nima kutishini yaxshi biladi. Eng kichkinasi esa¸ Sanginov biznes holdingining qog‘ozdagi rasmiy egasidir”.
Ayni paytda Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan Abdug‘ani Sanginovning to‘rt ukasi bor va ular ham “To‘palang” brendiga aloqador shirkatlar bilan ishlovchi "tadbirkorlardir".
Tarmoqlangan biznes holding
Ozodlikka taqdim etilgan hujjat “To’palang HPD Holding” Nizomi deb ataladi va u 2018 yilning 4 avgust kuni holding a’zolari umumiy yig‘ilishida bir ovozdan tasdiqlangan.
Unga ko‘ra¸ Abdug‘ani Sanginov holdingining poydevori 2003 yil yanvarida “To‘palang suv ombori va GES qurilish” aksiyadorlik jamiyati va “To‘palangsuvGESqurilish» MChJlaridan boshlangan.
2018 yil avgustidagi holatiga ko‘ra¸ ustav fondi 1 344 709 000 so‘m deb rasmiylashtirilgan “To’palang HPD Holding” quyidagi yetti korxona ta’sischisi hamdir.
1. “To’palang HPD Platinium”,
2. “To’palang HPD Water Contsruction ”pri OOO “To’palang HPD Holding”,
3. “To’palang HPD Building,
4. “To’palang HPD Irrigation Systems”,
5. “To’palang HPD To’palang HPD Service ”,
6. “To’palang HPD Engineering ” va
7. “To’palang HPD Steam-Gas ” unitar korxonalari.
“To’palang HPD Holding” aksiyalarining qariyb 62 foizi egasi qilib Nizomda Sanginovning 25 yashar o‘g‘li Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonov ko‘rsatilgan bo‘lsa¸ qolgan 25 aksionerning 20 nafari Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining Xufar qishlog‘ida yashaydigan fuqarolardir. Ro‘yxatda manzili Toshkent qilib ko‘rsatilgan qolgan besh odam ham¸ ularni taniganlarga ko‘ra¸ sariosiyoliklardir.
“Bu ro‘yxatda nomlari keltirilganlar podstavnoy odamlar Sanginovning qishloqdoshlari. Ular qog‘ozda aksiyasi borligini bilmasa ham kerak. Bu holdingning to‘liq egasi Abdug‘ani Sanginovdir. Uning kecha universitetni bitirgan kenja o‘g‘lining bunaqa biznes imperiya qurmagani axmoqqa ham ayon”¸ deydi Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarni sharhlagan bu tizimdan yaxshi xabardor mulozim.
“To’palang HPD Holding” egasi bo‘lgan yetti korxona nomidanoq holdingning nafaqat suv omborlari¸ balki boshqa xil qurilishlar bilan ham shug‘ullanishi¸ irrigatsion tizimlar¸ gaz trubalari yotqizish¸ muhandislik va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqlangan yirik biznes tizimi ekani tushuniladi.
Ota-o‘g‘il tandemi yoki davlat va shaxsiy manfaatlar kesishuvi
Abdug‘ani Sanginov raisi bo‘lgan "O‘zbekgidroenergo" AJsi 3 may kungi bayonotida¸ “Sardoba“ suv omborida sodir bo‘lgan falokatning tegishli qismida “Toʻpalang HPD Holding” MChJ tomonidan qurilish ishlari olib borilmaganligini hamda Abduraxmonov Islom Abduganiyevich 2010 — 2017 yillarda “Toʻpalang HPD Holding” MChJ hamda uning tegishli shirkat tashkilotlarida umuman faoliyat yuritmaganini alohida ta’kidlaymiz"¸ deb yozilgan.
“Toʻpalang HPD Holding” Sardoba suv omborining aynan qaysi qismini qurganiga oid falokatgacha ochiq ma’lumotlar bo‘lmagani bois¸ kompaniya matbuot xizmatining birinchi iddaosini mustaqil tekshirishning iloji yo‘q.
Mutaxassislar xavotiricha¸ tergov tomonidan qurilish-texnikaviy ekspertiza o‘tkazilmasdan to‘g‘on yorilgan joylarning yopib tashlanayotgani asl faktni aniqlash imkonini deyarli yo‘qqa chiqarmoqda.
Ayni paytda¸ "O‘zbekgidroenergo" 2017 yil may oyida bu kompaniya raisi etib tayinlangan Abdug‘ani Sanginovning Sardoba suv omborida 2020-2022 yillarda qiymati 25 million dollarga teng ikkita kichik GES qurish loyihasini o‘z o‘g‘li bosh aksiyadori bo‘lgan holding tarkibiga kiruvchi “To`palang HPD irrigation systems” unitar korxonasiga berganini izohlamadi.
Shuningdek¸ Sariosiyodagi To‘palang suv omborida jami quvvati 145 megavattli yana ikkita agregat o‘rnatish loyihasi ham Abdug‘ani Sanginovga qarashli davlat kompaniyasi tomonidan Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li holdingiga kirgan “To’palang HPD Platinium” unitar korxonasiga topshirilgan.
"O‘zbekgidroenergo" rasmiy saytida qo‘yilgan keyingi uch yilga oid tender e’lonlari ro‘yxatida bu loyihalar uchun pudratchilik qilishga tender e’lon qilingani haqida biror e’lon yoki xabar yo‘q.
Ayni paytda¸ davlat kompaniyasida uning raisi o‘g‘liga qarashli kompaniyaga ishga kirish uchun bir necha marta e’lon berilganini ko‘rish mumkin.
Jinoyat ishi qayergacha¸ kimgacha boradi?
1 may kuni Sardoba suv omborida yuz bergan falokat ortidan hukumat komissiyasi tuzildi va hozircha tarkibi e’lon qilinmagan bu komissiya falokat oqibatlarini bartaraf etish bilan mashg‘ul.
Ayni paytda¸ uyi va ekin yerlarini suv bosib¸ evakuatsiya qilingan sardobaliklar bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev:
- Albatta hali buni ko‘p ko‘p tahlilini qilamiz. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z gaplarini aytadi¸ dedi.
Bu bayonot bilan ayni kunda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “Sardoba” suv ombori o‘pirilishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelganligi holati yuzasidan JKning 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish DXX organlariga yuklatildi¸ deb xabar berdi.
Bu bayonotdan¸ DXX tergovchilarining Sardobada ikkita jinoyat - mansabga sovuqqonlik bilan qarash va tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish sodir bo‘lganini gumon qilayotgani tushuniladi.
Ikkala modda ham¸ o‘lim qayd qilingan holatda¸ sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslarning eng ko‘pi bilan “muayyan huquqdan mahrum qilib¸ ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” bilan jazolashni ko‘zda tutadi.
Ozodlik bilan suhbatda Toshkent hukumatining turli tizimlaridagi mulozimlar suv ombori kabi strategik davlat ob’yektini loyihalashtirishdan to uni foydalanishga qabul qilguncha¸ o‘nlab idoradan o‘tib¸ o‘nlab amaldor imzosi qo‘yilishini ta’kidladilar.
Ayni paytda¸ aksar suhbatdoshlar¸ O‘zbekiston boshqaruvida normal standartlar bo‘lganida¸ Sardoba suv omboridagi falokat ortidan ikki amaldor - buyurtmachi Abdug‘ani Sanginov va bosh pudratchi Ochilboy Ramatovning iste’foga chiqqan bo‘lishi muqarrarligini bildirdi.
Ozodlik suhbatdoshlari¸ prezident va’da qilgan tahlil va tergovning ana shu shaxslarni chetlab o‘tishi Mirziyouevga nisbatan jamoatchilik ishonchiga jiddiy zarba bo‘lishini ta’kidladi.
Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen falokat uchun kim mas’ulligini aniqlash uchun tergov bu jarayondagi qaysi o‘yinchilarga e’tibor qaratishi lozim¸ degan savolga o‘zbekistonlik mustaqil huquqshunos Ozodlikka quyidagi izohni yubordi.
"Huquqiy jihatdan¸ asosiy javobgarlik tanlov komissiyasiga tushadi. Agar tanlov komissiyasi to‘liq cheklovlarni belgilagan bo‘lsada, "O‘ztemiryo‘lmontajqurilish" UK cheklov va talablarga amal qilmagan bo‘lsa¸ u ham javobgarlikka tortiladi.
Aslida ushbu avariya holatida korrupsion sxema ishlaganligi ma’lum. buyurtmachidan tortib - bosh pudratchi - pudratchi hammasi jinoiy guruh tarkibida harakat qilganga o‘xshayapti.
Sifat nazorati, affillangan shaxslar bilan munosabatlar, yirik bitimlarga doir cheklovlar, o‘zaro aloqador shaxslarga oid cheklovlarga tupurgan holda davlat pulini o‘zlashtirish va pul yuvish amaliyotiga qo‘l urilgan. DXX tergovi yuqoridagi ikki modda bilan cheklanmay¸ jarayondagi tub jinoyatlarni tekshirishga ham o‘tadi¸ deb umid qilaman.
Agar sinchkov tergovchiga yoki xolis tergov guruhiga ish topshirilsa, tergovga bosim yoki korrupsiya aralashmasa, mavjud hujjatlarning o‘zidan jinoyatni fosh qilish mumkin. Jamoatchilik bu falokatga sabab bo‘lgan jinoyatlar oxirigacha ochilishi¸ prezident o‘zi va davlat imijiga nihoyatda salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bunday guruh va shaxslardan o‘zini uzoqlashtirishini kutib turipti."
Manfaatlar to‘qnashuvi?
Dunyoning rivojlangan davlatlarida davlat tizimida ishlovchi mulozimning o‘z vakolati doirasiga kiruvchi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonun bilan taqiqlangan.
Davlat va xususiy manfaatlar to‘qnashuvi¸ aniqrog‘i davlat bergan vakolatdan o‘z shaxsiy manfaati uchun foydalanish qonun ustuvor davlatlarda korrupsiya deb tasniflanadi.
Xususan¸ davlat buyurtmasi uchun mas’ul shaxsning millionlab dollarlik bu buyurtma ijrosini o‘z shaxsiy kompaniyasiga berishi huquqiy davlatda nafaqat bu shaxs¸ balki hukumat iste’fosiga eltadigan voqeadir.
O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng davlat boshqaruvidagi korrupsiyaga barham berish yo‘llaridan biri sifati davlat xizmatchilarining daromad deklaratsiyasi¸ o‘zi va yaqinlari nomidagi ko‘chmas mulkni jamoatchilikka ochiqlashini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
2017 yil 29 avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihaligicha qolib ketdi.
O‘zbekistonda davlat mulozimlarining yirik biznes holdinglari¸ biznes imperiyalari egasi ekani Toshkent hukumati ko‘z tikayotgan G‘arb investorlarini cho‘chitadigan asosiy jihatlardan biri.
Xususan¸ Britaniya matbuotida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning davlat nomidan yirik qurilish loyihalarini ochiq tenderlarsiz o‘z shaxsiy kompaniyalariga berishi Mirziyoyev hukumatining aynan davlat va shaxsiy manfaatlar qorishgan va ikkinchisi ustunlik qilayotgan boshqaruvga asoslanganini ko‘rsatuvchi yorqin misol sifatida talqin etildi.