Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:11

AQSh Oyda konlar ochishga tayyorgarlikni boshlab yubordi, Bu ishga Rossiyani aralashtirishmoqchi emas


Donald Tramp 6 aprel kuni tijoriy maqsadlarda Oyni o‘zlashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Donald Tramp 6 aprel kuni tijoriy maqsadlarda Oyni o‘zlashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.

Qo‘shma Shtatlar Oyda foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha shartnoma loyihasini tayyorlamoqda. “Artemida bitimi” deb nomlanadigan hujjat yaqin kunlarda AQShning hamkorlariga taqdim etilishi kutilmoqda.

AQSh shartnomaga Rossiyani qo‘shmoqchi emas

Reuters agentligining bildirishicha, shartnoma Kanada, Yaponiya, birlashgan Arab Amirliklari va qator Yevropa davlatlariga muhokama uchun taklif etiladi. Shartnomaga AQShning koinot dasturlari bo‘yicha asosiy hamkori bo‘lgan Rossiya kiritilmagan.

Reuters agentligi manbalari AQSh Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarining koinotdagi manyovrlaridan tashvishlanayotganini va Moskvaning koinotdagi amaliyotlarini “dushmanlik harakati” sifatida baholayotganini aytganlar.

Reuters manbalariga ko‘ra, shartnomada Oydan qazib olinadigan foydali qazilmalar zahiralariga egalik qilishning huquqiy asoslari belgilab berilgan.

AQSh koinot agentligi – NASA 2024 yilda Oyga AQSh astronavtlari qo‘ndirilishini ma’lum qilgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp 6 aprel kuni tijoriy maqsadlarda Oy, Mars va boshqa sayyoralarni o‘zlashtirish Qo‘shma Shtatlar vaqolatidagi huquq ekani ta’kidlangan farmonni imzolagan edi.

Farmonda AQSh koinotni umumjahon mulki deb bilmasligi, balki koinotni “yuridik va jismoniy jihatdan inson faoliyat yuritishi uchun o‘ziga xos ob’yekt” deb tan olishi belgilangan.

“Roskosmos” rahbari Sergey Savelyev 7 aprel kuni Trampning bu farmonini keskin qoralagan. “Koinotni ekspropriatsiya qilish va o‘zga sayyoralarni bosib olish yuzasidan agressiv rejalarning borligi Rossiya va AQSh hamkorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deyiladi “Roskosmos” bayonotida.

Oyning umumjahon mulki ekanini AQSh va Rossiya tan olmaydi

Oyning umumjahon mulki sifatidagi maqomi BMT Bosh Assambleyasi 1979 yilda qabul qilgan “Davlatlarning Oydagi va boshqa fazoviy jismlardagi faoliyati to‘g‘risida”gi shartnomada qayd etilgan. Hujjatni 18 davlat imzolagan. Rossiya va AQSh mazkur shartnomaga qo‘shilmagan.

Ayni damda NASA SpaceX xususiy shirkatining Crew Dragon hamda Boeing shirkatining Starliner kapsulalari yordamida Xalqaro fazo stansiyasiga astronavt yuborishga urinmoqda.

2011 yildan beri fazogirlar Xalqaro fazo stansiyasiga faqat Rossiyaning “Soyuz” raketalari bortida chiqarib kelinadi. NASA o‘zining Space Shuttle dasturini 2011 yilda to‘xtatib qo‘ygan.

Bugunga qadar faqat Rossiya, AQSh hamda Xitoy Erdan 384 ming masofada joylashgan Oyga kosmik kema qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo faqat AQSh astronavtlarigina Oyga qadam qo‘ygan. Shunga qaramay, 1972 yildan beri AQSh Oyga o‘z missiyasini yubormagan.

Xitoy ham Oyga da’vogarlik qilmoqda

Oyga egalik qilish huquqi uchun AQSh va Rossiyadan tashqari Xitoy ham katta miqdorda mablag‘ sarflamoqda.

2019 yilning 27 aprelida Xitoy taxminan 10 yil ichida Oyda ilmiy tadqiqot stansiyasini qurishni rejasini ochiqlagan edi.

Xitoy milliy fazo boshqarmasi raisi Chjan Ketszyan e’lon qilgan bildiruvga ko‘ra, stansiya Oyning janubiy qutbiga yaqin hududda quriladi.

Xitoyning Oy bo‘yicha uzoq yillik rejasi hali to‘liq ishlab chiqilgani yo‘q. Ammo Xitoy milliy fazo boshqarmasi Yer yo‘ldoshini o‘rganish yo‘lida katta yutuqlarga erishdi. 2019 yilning boshlarida Xitoyning Chang’e 4 (Chan’e-4) stansiyasi tarixda birinchi marta oyning orqa tomoniga qo‘ndirildi.

Hozirgi kunda Xitoy AQShdan keyin fazo missiyalariga eng ko‘p mablag‘ sarflayotgan ikkinchi davlatdir.

Isroil ham harakat qildi, biroq Oyga kema qo‘ndira olmadi

2019 yilning 21 fevralida Isroilning Beresheet fazo kemasi ortilgan avtonom raketa Floridaning Kanaveral burnidan uchirildi. Bu Isroilning Oyga yuborgan ilk missiyasi edi.

585 kg vaznga ega kema tadbirkor Ilon Maskka tegishli SpaceX shirkatining Falcon 7 raketasi bortida uchirilgan. Raketa bortiga Indoneziya sun’iy yo‘ldoshi hamda AQSh Havo kuchlari tadqiqotlar laboratoriyasi yo‘ldoshi ham yuklangandi.

Loyihani tadbirkor Morris Xan moliyalashtirdi. Bu esa hukumat moliyalashtirmagan ilk Oy missiyasidir. Boshida 10 million dollar bo‘lishi aytilgan loyihaga 100 million dollar sarflandi.

Biroq Isroil oyga uchirgan Beresheet qurilmasi 2019 yilning 11 aprel kuni qator texnik nosozliklardan so‘ng yaroqsiz ahvolga keldi va oyga qo‘na olmadi.

Bu orada Hindiston ham Oyga kema yuborish ustida ishlamoqda. Yaponiya esa 2020-21 yillarda Oyning vulqonli hududini o‘rganish uchun SLIM kemasini yuborishni rejalashtirmoqda.

XS
SM
MD
LG