Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:51

Mirziyoyev: Andijon voqealari ichida yurganman, kim nima qilganini bilaman, ular ikkita stulda o‘tirgan


Andijon, 2005, 14 may.
Andijon, 2005, 14 may.

2005 yilning 13 mayida Andijon shahrining Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealar ko‘lami, tafsilotlari, sabab va oqibatlari xalqaro jamoatchilik uchun sirligicha qolmoqda.

Prezident Islom Karimov hukumati o‘z vaqtida voqeaning rasmiy bayoni va raqamlarni bergan. Ammo, guvohlar rasmiy Toshkent bayonotlaridan farqli voqeani hikoya qilgan, boshqa raqamlarni tilga olgan.

Islom Karimov vafotiga qadar mustaqil xalqaro kuzatuvchilar uchun yopiq bo‘lgan qonli voqea, 2005 yilda Bosh vazir bo‘lgan hozirgi prezident Shavkat Mirziyoyev davriga kelib ham hanuz ochilmadi.

(Bu maqola Andijon voqealariga 14 yil to‘lgan sanada hozirlangan - tahr.)

Prezident Mirziyoyev 2017 yilning iyuni boshida Andijon viloyatiga qilgan xizmat safari davomida viloyat faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda qilgan chiqishi chog‘ida bunday degan edi:

“Andijon voqealarida men ichida yurganman, hammasini bilaman, kim nima qilganiniyam bilaman. Ikkita stulda o‘tirgandi ular. Ertaga davlat ketib, bular kelsa, bularning nayrangiga o‘ynayman, deb o‘yin qilgan ular. U o‘yinlar ketmaydi endi. Albatta, ashaddiy terrorchi va ekstremistlar o‘z yo‘lidan qaytmaydi. Uni qaytarish ham kerak emas. Ularning miyasi, butun hujayrasi zaharlarini, qo‘li qonga botib bo‘lgan. Ularga gap uqtirib, insofga chaqirishning hech foydasi yo‘q”.

Bu gap oldidan prezident bunday degan:

"Xalqimizda “Ikki kemaning boshini tutgan g‘arq bo‘ladi”, degan maqol bor. Qaysi rahbar, qaysi imom-xatib u tomonga ham, bu tomonga ham yoqaman, deb ish ko‘rmoqchi bo‘lsa, qattiq adashadi. Bizga bunday ikkiyuzlamachi munofiq odamlar mutlaqo kerak emas".

Prezident Andijonda o‘tkazgan yig‘ilish haqida Ozodlik o‘z vaqtida xabar bergan, lekin o‘sha paytda davlat rahbarining bu gaplari jamoatchilikka oshkor bo‘lgan emas edi.

Almatov: Men uchun haligacha eng og‘riqli savol ana shu Andijon voqeasi hisoblanadi

1991-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligini boshqargan, ayni damdagi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovich Almatov esa, yaqinda qalampir.uz saytiga bergan intervyusida Andijon voqealarini eslab, bunday dedi:

“Bilasizmi, men uchun haligacha eng og‘riqli savol ana shu Andijon voqeasi hisoblanadi. Mana Andijon voqealariga shuncha vaqt bo‘ldi. Bu voqealarning eng asosiy sababchisi, figuranti deb meni ko‘rsatishadi. Nima uchun? Nimaga deganda o‘sha paytda shtab vazifalarini Prezident topshirig‘i bilan men bajarganman. Shtab boshlig‘i hisoblanganman. O‘sha yerda shtab tomonidan ishni men tashkil qilganman. Asosiy qarorni men qabul qilganman. Shuning uchun ham Andijondagi qonli voqeaga sabab bo‘lgan shaxs deb hali ham gapirishadi”.

Sobiq vazirning so‘zlariga ko‘ra, uning hayotidagi eng og‘ir nuqtalardan bittasi – Andijon voqeasidir.

13 may kuni Andijonda nimalar bo‘lgan edi?

Andijonda 2005 yilning 12 mayidan 13 mayiga o‘tar kechasi Akramiylik guruhiga a’zolikda ayblanib, sudlanayotgan 23 kishining qirqtacha yaqini patrul-post batalyoniga hujum qilib, u yerdagi qurollarni qo‘lga kiritdi. So‘ngra ular shahardagi harbiy qismga hujum uyushtirdi.

Keyin qamoqxonaga ham hujum qilinib, u yerdan sudlanayotgan 23 kishi va boshqa mahbuslar ozodlikka chiqarib yuborildi.

O‘sha kuni yarim tunda viloyat hokimligi binosi egallanib, shahar prokurori, soliq inspeksiyasi boshlig‘i va bir qancha harbiylar isyonchilar tomonidan garovga olindi.

Rasmiylar bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘sha tunda 9 harbiy halok bo‘ldi.

13 may kuni erta tongdan viloyat hokimligi binosi oldiga andijonliklar yig‘ila boshladi. Maydon esa hukumat qo‘shinlari tomonidan o‘rab olindi.

Tushdan so‘ng maydonda, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 10 mingga yaqin odam yig‘ildi. Odamlar hukumat va Prezident iste’fosini talab qila boshladi.

Kechqurun soat 18 lar atrofida otishma boshlandi. Odamlar uch tomonga bo‘linib qochdi. Prezident Islom Karimov keyinchalik o‘tkazilgan matbuot anjumanida odamlarga qarata o‘t ochishga buyruq bermaganini aytdi. Isyonchilar esa harbiylar BTRlardan va avtomatlardan hammani bir chekkadan o‘qqa tutganini bildirdi.​

2005 yil 13 may kuni Andijonning Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealarda rasmiy Toshkent hisobicha 187 kishi, jumladan, ayollar va bolalar nobud bo‘lgan.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, Andijon xunrezliklari oqibatida 1000dan ziyod odam halok bo‘lgan.

​Bobur maydonidagi qonli fojiadan keyin xalqaro jamoatchilik mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan, biroq rasmiy Toshkent rad etgan. Shu taxlit, yuzlab odam qirg‘inbarot qilingan 13 may fojiasi yillar osha siru sinoatlarga ko‘milganicha qolmoqda.

Mazkur voqea paytida yuzlab andijonliklar qo‘shni Qirg‘izistonga qochishga majbur bo‘ldi.

Bir necha oy o‘tib BMT Qochqinlar idorasi ko‘magida 500ga yaqin andijonliklar Ruminiyaga o‘tkazildi.

Keyinchalik qochqinlarga dunyoning turli mamlakatlari, jumladan, Shvetsiya, AQSh, Kanada kabi davlatlar siyosiy boshpana berildi.

XS
SM
MD
LG