Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:25

Rossiyadan kelayotgan o‘zbek muhojirlari chegarada to‘planmoqda. Qozog‘iston o‘tkazmayapti


O‘zbek muhojirlari tranzit ochib berishni so‘ramoqda.
O‘zbek muhojirlari tranzit ochib berishni so‘ramoqda.

11 maydan boshlab Rossiya va Qozog‘iston chegarasida o‘z yurtiga ketayotgan yuzlab o‘zbek muhojirlari to‘plana boshladi. Ular Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlaridan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranzit yo‘lini ochib berishni so‘ramoqda.

Qozog‘iston rasmiylari esa, koronavirus bilan vaziyat qo‘shni davlatlarda yaxshilanmagunicha mamlakat chegarasi ochilmasligini bildirdi.

Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegaradosh Orenburg oblastidagi “Mashtakovo” chegara nazorat punktida yuzlab o‘zbek muhojirlari yig‘ilib qoldi.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek yo‘lovchilari Qozog‘iston 11 may kuni chegarani ochishiga ishonib, yo‘lga chiqqanini gapirdi.

Farruh ismli muhojirlardan birining aytishicha, yo‘lovchilarning bir qismi chegarada 10 kundan beri turibdi:

- Biz Orenburg viloyati Mashtakovo degan chegara punktidamiz. Bu yerga mashinalar 10 kun oldin kelgan. Tamojnyani 11 kuni ochadi, degandi. Lekin, 11 kuni ham Qozog‘iston ochmayapti-da. Bu yerda 400-500 odam bor. Yana ikkita avtobusda to‘la odam. Hammasi O‘zbekiston fuqarolari. Shu yerda 100 tacha qirg‘izlarning mashinasi bor edi - ular o‘tib ketdi ikki partiya bo‘lib. Ularning hammasini Orenburgga yig‘ib, kolonna qilib olib ketishdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi boshqa nazorat punktlarida ham o‘zbekistonliklar yig‘ilmoqda.

Farruh chegaraga yig‘ilayotgan O‘zbekiston vatandoshlari o‘zbek va qozoq hukumat vakillaridan Qozog‘iston orqali tranzit yo‘lni ochib berishni so‘rayotganini aytadi:

- Buguruslandagi punktni yopgani uchun Orenburgda ham 15-20 mashina turibdi. Asosiy avtomobil o‘tadigan postlar Mashtakovo, Orenburgdagi “Sagarchin” va “Ozinki”. Qozog‘istonlik chegarachilar bilan gaplashib ko‘rdim. Ular menga “11 may kuni ochilishi 50/50 - aniq emas!”, degan edi, hozir ham shu gapni aytyapti.

Hozir bu yerda 100-150 mashina bo‘lib, bitta sharoiti yo‘q stoyankaga yig‘ildi. Odam ko‘payib ketganidan keyin bu yerni politsiya OMONi o‘rab oldi va tashqariga chiqishga taqiq qo‘ydi. Magazinga ikki kishi produktaga borib keladi, tamom. Odamlar mashinani ichida yotibdi, karantin o‘rnatgan. Bizlarni talab qilayotgan narsamiz bitta - bizga uyga yetib olish uchun Qozog‘iston orqali 3 kunlik koridor ochib bersin, bo‘ldi!

Buxorolik muhojir bundan 10 kun oldin yetib kelgan o‘zbekistonliklar chegaradan o‘tolmasdan, Orenburg va nazorat punkti atrofidagi boshqa yirikroq shaharchalarda yig‘ilishib ijaraga kvartira va uylarni olib, yashab turganini bildirdi.

Farruh yo‘lga chiqqanidan beri mashinada yotib yurishga majbur bo‘layotganini ham ma’lum qildi.

Ayni damda, Ozodlik suhbatlashgan bir qator boshqa musofirlar Rossiya-Qozog‘iston chegarasi tomon yo‘lga chiqish-chiqmaslik masalasida ikkilanayotganini bildirmoqda.

Ulyanovsk viloyatida mehnat qilib kelgan so‘xlik Hayitboyning aytishicha, u yashayotgan joydan qariyb 50 muhojir chegara tomon yo‘lga chiqishga shaylanib turibdi. Hayitboy ishsiz-mablag‘siz qolgan o‘zbekistonliklar uchun Rossiyadan mashinada chiqib ketishdan boshqa yo‘l qolmagan, deydi:

- Men yashayotgan joydan 50 tacha odam mashinalarda Farg‘ona viloyatining So‘xigacha bormoqchimiz. Ilojimiz qolmayapti. Mashinada ketamiz, faqat chegara ochiladimi-yo‘qmi - shuni kutib yotibmiz. Odamlar qiyin ahvolda qoldi pulsiz-joysiz. Ochilsa - bugunoq chiqamiz yo‘lga.

Ozodlik tahririyatiga Moskva, Sankt-Peterburg, Vladimir, Voronej va Rossiyaning boshqa o‘lkalaridan murojaat qilayotgan ko‘plab o‘zbek migrantlari ham Qozog‘iston chegarasining ochilishini intizorlik bilan kutayotganini aytmoqda.

Qozog‘iston rasmiylari: "Qozog‘iston hozircha chegaralarni ochmaydi"

Qozog‘iston hukumati 10 may kuni chop etgan 36-sonli qarori bilan Qozog‘istonda Favqulodda vaziyat tugatilgani, ammo 11 maydan mamlakat karantin holatida qolishini e’lon qildi.

Xususan, mamlakatga kirib kelayotgan barcha shaxslar 2 kun davomida koronavirusga tekshirilib, 14 kunlik karantinga joylashtirilishi; tranzit yo‘l bilan ketayotgan haydovchilar va yo‘lovchilar ham laboratoriya tekshiruvlardan o‘tkazilishi majburiy ekani belgilandi.

8 may kuni mahalliy jurnalistlar savollariga javob bergan Jamoatchilik sog‘ligini saqlash milliy markazi direktori Damir Kobjasarov Qozog‘iston hozircha tashqi chegaralarini ochmasligi to‘g‘risida bayonot bergan edi.

- Biz cheklovlarni olib tashlashda xalqaro vaziyatni inobatga olishimiz zarur. Bizda vaziyat yaxshilanganini ko‘rib, biz cheklovlarni olib tashlasak va boshqa mamlakatlardan yo‘lovchilar o‘tishiga yo‘l qo‘ysak, mamlakatimizda vaziyatni yana murakkablashtirib qo‘yishimiz mumkin, deya tushuntirish bergandi Qozog‘iston bosh sanitar vrachi.

Qozoq rasmiylari Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolayotgani tufayli bu mamlakatdan kelayotgan muhojirlarga e’tibor kuchli bo‘layotganiga ishora qilmoqda.

Qozoq hukumati koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanishini aytmoqda. 12 mayda olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya koronavirus yuqtirganlar soni jihatidan dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi o‘ringa chiqdi. Rossiyada test orqali tasdiqlangan kasallik holatlari 232 mingdan oshdi, 2116 kishi o‘ldi.

Ozodlik suhbatlashgan Qozog‘iston chegara xizmati xodimlari hozircha chegara ochilishi masalasida yuqoridan hech qanday aniq ko‘rsatma kelmagani va tranzit masalasi ham hukumatlararo kelishuvlar vakolati ekanini gapirdi.

Qirg‘iziston chegaradagi grajdanlarini avtobuslarda olib chiqmoqda

2020 yilning 7 may kuni Rossiyaning Orenburg viloyatida Qozog‘iston bilan chegaradosh hududda to‘planib qolgan 541 nafar qirg‘izistonlikka bir martalik tranzit uchun Qirg‘izistonga yo‘l ochib berildi. Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan Qirg‘iziston Respublikasi elchiligiga ko‘ra, odamlar maxsus avtobuslarda Qozog‘iston hududi orqali Qirg‘izistonga olib kirildi.

Qirg‘iziston elchixonasi vakillari avtobuslarda tranzit yo‘li bilan ketgan grajdanlar o‘z mashinalarini Sol-Iletsk, Orenburg va boshqa shaharlardagi stoyankalarda chegaralar ochilgungacha qoldirishga majbur bo‘lganini bildirmoqda.

Qirg‘iziston tomoniga ko‘ra, oxirgi bir necha kunda yig‘ilgan yana 300 nafar qirg‘iz vatandoshi Orenburgning Buzuluk tumanidagi bolalar lageriga tranzitga ruxsat berilgungacha vaqtinchalik joylashtirildi.

30 aprel kuni Rossiyaning turli mintaqalaridan yig‘ilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar avtokolonnada O‘zbekiston tomon yo‘l olgani haqida Ozodlik xabar bergandi.

Karantin davrida ishsiz va pulsiz qolgan muhojirlar kutishdan charchab¸ shunday to‘xtamga kelganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG