Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:52

Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kirishiga ruxsat berilgan ayol yolg‘iz qolib ketgan bolalari oldiga qaytdi


Karantin bois, 2 yosh bolasi (2 va 5 yashar) O‘zbekistonda yolg‘iz qolib ketgan qirg‘izistonlik kelinchak Zilola Pakirdin qizi, mart, 2020
Karantin bois, 2 yosh bolasi (2 va 5 yashar) O‘zbekistonda yolg‘iz qolib ketgan qirg‘izistonlik kelinchak Zilola Pakirdin qizi, mart, 2020

Karantin sabab 2 va 5 yasharlik bolasi O‘zbekistonda yolg‘iz qolib ketgan ​30 yashar Zilola Pakirdin qizining Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kirishiga ruxsat berildi va u 14 kunlik majburiy karantidan so‘ng¸ bolalari bag‘riga qaytdi.

Bu haqda ayolning o‘zi 18 may kuni Ozodlikka ma’lum qildi.

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidan Andijonga kelin bo‘lib tushgan Zilola shu yilning 26 aprelida chegaradan o‘tishda yordam so‘rab, Ozodlikka murojaat qilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, murojaatidan ikki kun o‘tib, unga O‘zbekiston chegara qo‘shinlaridan qo‘ng‘iroq qilishgan va kirishiga ruxsat berilganini aytishgan.

Zilola Pakirdin qizining aytishicha, Ozodlikda chiqishidan ikki kun o‘tib, uyda yolg‘iz qolgan ikki bolasi IIV nazoratiga olingan:

- Uyimizga ichki ishlardan odam borib, bolalarimni bizdan yarim soat yo‘l narida turadigan amakimga oborib berishdi. Ungacha amakim karantinda uyidan chiqolmay o‘tirgandi. 11 may kuni karantin tugadi, meni uyimga olib borib qo‘yishdi. Keyin amakim bolalarimni olib keldi. Ularni bag‘rimga bosib, shunaqa quvondim! Xudoga shukr, ikkisi ham sog‘lom, men ham salomat, hammasi ortda qoldi.

30 yashar Zilola Pakirdin qizi 26 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va bolalarining ayrilib qolish sabablarini hikoya qilgan edi.

O‘zbekistonga 10 yil oldin kelin bo‘lib tushganiga qaramay¸ Zilola haligacha o‘zbek vatandoshligini ola olmagan. Qirg‘iziston fuqarolik pasportiga kirdi-chiqdi tamg‘asini bostirish uchun u har 60 kunda bir chegaradan chiqib-kirishi kerak.

Zilola so‘nggi bor, tamg‘a bostirish uchun 15 mart kuni chegaradan o‘tgan, ammo o‘tkazish punktidagi navbatlar sabab, qaytib kirishga ulgurmay qolgan. 16 martdan boshlangan karantin sabab¸ qo‘shni davlatlar bilan kirib-chiqish yopildi.

O‘tgan oydagi suhbatda Zilola Pakirdin qizi bir necha bor chegaraga qaytib borgani, ammo o‘tishga ruxsat ololmaganini aytgan edi:

- Keyin 26 aprel kuni Ozodlikda chiqdim. 28 aprel kuni menga qo‘ng‘iroq qilishib, tezda chegaraga yetib keling, deyishdi. 28 aprel oqshom men, yana bir qirg‘izistonlik kelinchak va yana 130 dan ortiq odamni chegaradan kiritishdi. Shahrixonda karantinda turdik. Hammamiz sog‘lom chiqdik va 11 may kuni ruxsat berishdi. Uy-uyiimizga olib borib qo‘yishdi.Qo‘shnilarimga katta rahmat! Bolalarimni sog‘-omon qarashibdi. Sizlarga katta rahmat, Tashqi ishlar vazirligiga rahmat, prezidentga rahmat! Hammaga rahmat!

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:03 0:00
Бевосита линк


Zilola Pakirdin qizining bolalari, amakisining qaroviga o‘tguncha, 15 martdan to aprel oxirigacha yon qo‘shnisining qarovida qolib ketgan.

Zilolaning aytishicha¸ amaldagi xorijga chiqish pasporti bo‘lmagani uchun, bolalarini 15 mart kuni o‘zi bilan olib ketolmay, bir necha soatga yon qo‘shnisiga tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘i esa Rossiyaga ishlagani ketgan.

Hozirda karantindan keyingi 10 kunlik tibbiy kuzatuv ostida qolayotgan Zilolaning aytishicha, turmush o‘rtog‘i Rossiyada ishsiz qolgani ortidan¸ oilaning yagona daromad manbai ham yo‘qolgan.

- Men ikki bolam bilan uydaman, ishlamayman. Bolalarimga pul ham olmayman. Faqat xo‘jaynim pul jo‘natardi, o‘shanga yashayotgandik. Lekin karantinlar bo‘lib, u yoqda ham kirim to‘xtab qolibdi. Hozircha amakim bozor qilib berdi, yana 4 - 5 kunga yetib qoladi, shuni yeb turibmiz.

Zilola karantin davrida o‘zi kabi og‘ir ahvolga tushib qolgan yosh bolali onalar uchun davlat va turli xayriya tashkilotlar tomonidan yig‘ilgan moddiy yordam tarqatilayotganidan ham bexabarligi, imkoniyat bo‘lishi bilan, tegishli tashkilotlarga murojaat qilishini aytdi.

O‘zbekiston COVID-19 infeksiyasining mamlakatga kirishi va yoyilishi oldini olish maqsadida, 2020 yilning 16 martidan qo‘shni davlatlar bilan chegaralarini yopgan.

Chegara yopilganidan so‘ng, qo‘shni davlatlardan kira olmaëtgan yuzlab o‘zbekistonliklar Ozodlik orqali hukumatga murojaat qilib¸ vatanga qaytishda yordam so‘ramoqda.

Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mart oyi oxiriga kelib, bu fuqarolarning kattagina qismi O‘zbekistonga kiritilgan va karantinga olingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni davlatlardagi vatandoshlarni guruh-guruh qilib, mamlakatga kiritish amaliyoti hanuz davom etmoqda va kiritilganlar Andijon viloyatidagi turli muassasalarda 14 kun karantinda saqlanmoqda.

XS
SM
MD
LG