O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turmush o‘rtog‘i Ziroat Mirziyoyrva 21 may kuni Sirdaryo viloyatiga borib, Sardoba suv omborida yuz bergan avariyadan talafot ko‘rgan aholi bilan uchrashdi.
Shu paytgacha prezidentning chet el safarlarida yoki oila davrasida tushgan suratlari orqali jamoatchilikka ko‘rinish bergan “Birinchi xonim”ning Sirdaryo safari uning jamoat arbobi sifatida ilk ko‘rinishidir.
Ziroat Mirziyoyeva joriy oy boshida muhtoj ayollarga yordam ko‘rsatish maqsadida tuzilgan Zamin jamg‘armasi vasiylik kengashi raisidir.
Prezident turmush o‘rtog‘ining “Birinchi xonim”lik mas’uliyatini o‘z zimmasiga ola boshlaganini Ozodlik suhbatdoshlari - ayollar olqishladi, ayni paytda ulardan biri bu holatni Shavkat Mirziyoyevning o‘z imijini shakllantirish jarayonini davom ettirayotgani sifatida baholadi.
O‘zbekiston Birinchi xonimining Sirdaryoga safari aks etgan suratlarni uning katta qizi Saida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi.
Ziroat Mirziyoyevaning aholi bilan muloqoti aks etgan suratlarga “Ziroat Mirziyoyeva va qizi Saida toshqindan zarar ko‘rgan oila bilan muloqot qilmoqda”, “Ziroat Mirziyoyeva qizchasini ko‘tarib olgan ayolning shikoyatini eshityapti”, “Ziroat Mirziyoyeva va Saida toshqindan zarar ko‘rgan oilaning bolalariga sovg‘a ulashdi” degan tagxatlar yozish mumkin.
“Birinchi xonim” iborasi o‘zbeklar uchun yangilik - inglizcha First Ladydan so‘zma-so‘z tarjimadir. Avvaliga AQSh prezidentining xotiniga, keyinroq boshqa davlatlar rahbarlari turmush o‘rtoqlariga nisbatan ham ishlatila boshlanib, atamaga aylangan bu iborani ilk bor AQShda 1849 yili prezident Zakari Teylor To‘rtinchi prezident Jeyms Medisonning xotini Dolliga nisbatan ishlatgan edi.
Endilikda G‘arb davlatlarida “Birinchi xonim”lik maqomi odatiy ko‘rinishdir. 13 yildan beri Fransiyada yashab, muhojirlarga fransuz tilidan dars berayotgan o‘zbekistonlik Farida o‘zi yashab turgan mamlakatning Birinchi xonimi haqida bunday dedi:
“Fransiyaning Birinchi xonimi, Emmanuel Makronning ayoli Brijit jamoatchilik ishlariga, xayriya ishlariga aralashishga harakat qiladi. Lekin siyosatga aralashmaydi, deb o‘ylayman. Jak Shirakning xotini ancha faol bo‘lgan edi. Shirak betob bo‘lib jamoatchilikka kam ko‘rinib qolganida televideniyeda faqat Bernadet Shirak ko‘rinadigan bo‘lib qolgan edi”.
Asrlar davomida “Xotinning o‘rni o‘choqboshida” degan aqida bilan yashab kelgan o‘zbeklar uchun “Birinchi xonim” hodisasi yot edi.
O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov Ozodlikka bergan intervyusidan keyin o‘zaro suhbat chog‘ida “xotinini yetaklab yuruvchi prezidentlarni tushunmasligini” aytganini muxbirimiz hanuz eslab yuradi. Shunday esada, diplomatik protokol talabidan kelib chiqqan bo‘lsa kerak, Islom Abdug‘anievich Tatyana Akbarovnani ba’zida o‘ziga hamroh qilganini o‘zbekistonliklar eslaydi.
Davlat rahbarlari turmush o‘rtoqlari nafaqat O‘zbekistonda, umuman sobiq SSSR da bir umr “parda ortida" yashagan. Xotinini birinchi bo‘lib parda ortidan chiqargan rahbar Mixail Gorbachev bo‘lganini eslar ekan, toshkentlik faol jamoatchi, shoira Dilorom Ishoqova bunday dedi:
“Ziroat Mirziyoyeva haqida so‘rarkansiz, birdan Raisa Gorbacheva esimga tushib ketdi. Mixail Gorbachev o‘zidan oldingi rahbarlardan farqli barcha safarlarga Raisa bilan birga borib yurdi. Gorbachevdan oldingilarning xotini qanaqaliginiyam xalq bilmasdi. Raisa Maksimovna o‘zi ham juda faol edi. Chiroyli edi. Chiroyli kiyinardi. Eng qizig‘i, Raisani xalq yomon ko‘rdi. Hatto xalq nafratiga uchradi, deyish mumkin. Chunki xalq davlat rahbari xotinining bunday faol bo‘lishiga ko‘nikmagan edi”.
Yana bir suhbatdoshimiz, farzandlarini ko‘rish uchun Rossiyaga borib, koronavirus tufayli vataniga qaytolmayotgan adabiyotshunos Xosiyat Bekmirzayeva o‘zbek jamiyatida ayolning o‘rni haqida fikr yuritishni boshlashdan oldin millat o‘tmishiga bir nazar tashlash foydadan holi bo‘lmaydi, der ekan, fikrini bunday davom ettirdi:
“O‘tmishimizdagi biz juda faxrlanib bot-bot takrorlaydigan Bibixonim, Nodirabegim, Gulbadanbegimlar yaxshi siyosiy maslahatchi bo‘lgan, podshohlar qarorlarini o‘zgartirib yuboradigan darajada ta’sirga ega bo‘lganlar. Shular kabi xalq va davlat hayotida hozirgi Birinchi xonim ham tub burilishlarga sabab bo‘lar, balki”.
Bugungi suhbatdoshlarimizdan O‘zbekistonning bir fuqarosi sifatida Ziroat Mirziyoyevaning nafaqat prezidentning turmush o‘rtog‘i, balki mustaqil jamoat arbobi sifatida bo‘y ko‘rsata boshlaganini qanday qabul qilyapsiz, deb ham so‘radik.
Jurnalist Sharifa Madrahimova: Yaxshi qabul qilyapman. (kulib) Men ham Prezidentning xotini bo‘lganimda¸ shunday qilgan bo‘lardim.(yana kuladi) Yaxshi ishlar qilishyapti. Ayniqsa, “Zamin” degan fond ochishgani yaxshi bo‘ldi.
Adabiyotshunos Xosiyat Bekmirzayeva: ”Ziroat Mirziyoyeva jarayonning oliy nuqtasida turibdi, xalq unga nisbatan xayrixohlik bilan qarayapti. Har holda, hozircha shunday. Yaqin o‘tmishdagi Viktoriya Petrovna Brejneva, Tatyana Akbarovna Karimovalardan farqli ravishda siyosiy savodli, dunyoqarash va tashqi ko‘rinishda ilg‘or. Birinchi xonim sifatida jamiyatda o‘z o‘rniga, nufuziga ega bo‘lishi o‘zbek ayollariga ham bir turtki bo‘lsa ajab emas”.
Fransuz tili o‘qituvchisi Farida: "Balki Yevropada ko‘nikib qolganimdandir, men uchun Ziroat Mirziyoyevaning faolligida hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q".
Uch suhbatdoshimizga berganimiz savolni shoira Dilorom Ishoqovaga boshqacharoq qilib, xotinlar gapda Ziroat Mirziyoyeva to‘g‘risida nima deyapti, deb berdik.
Dilorom Ishoqova (kulib): Xotinlar gap-gashtakda Ziroatxonning naqadar chiroyli ekanini gapirishadi. Haqiqatan juda kelishgan ayol. Hamma kiyimi yarashadi.
Ozodlik (kulib): Bir ayol ikkinchi ayolni maqtamasdiku?!
Dilorom Ishoqova (kulib): Men maqtayveraman...
Ozodlik: Shavkat Mirziyoyev bir o‘zbek sifatida "o‘zbekcha" ish tutib, turmush o‘rtog‘ining jamoat ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligi ham mumkin edi, xalq hayron ham bo‘lmas edi. Nega buning aksi bo‘lyapti?
Dilorom Ishoqova: Bu tutumi bilan Mirziyoyev jamiyatga qandaydir chuqur ma’noli mujda bermoqchi emas. U imij yaratyapti, xolos. Haligacha u o‘z imijini yaratyapti. Men dunyoviy odamman, men boshqachaman. Karimovga o‘xshagan bo‘lmayman. Sovet liderlariga o‘xshagan bo‘lmayman, degan mujdani bermoqchi jamiyatga. Bundan ortiq maqsad yo‘q.
Dilorom Ishoqova javob bergan savolga boshqa uch suhbatdoshimizdan javob ololmadik.
Biroq to‘rttala suhbatdoshimiz ham “kelajakda o‘zbek ayoli, xususan, Ziroat Mirziyoyeva O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi mumkinmi?” degan so‘nggi savolga xuddi kelishib olganday, xuddi yillar davomida o‘ylab, bir xulosaga kelganday, savolni eshitiboq, o‘ylab o‘tirmay bir xil javob berishdi: Yo‘q!
Bir suhbatdoshimiz hatto uch marta takrorladi: Yo‘q, yo‘q, yo‘q!
Maqola so‘nggi nuqtani qo‘yish oldidan shuni ham aytib o‘tish kerakki, Ziroat Mirziyoyeva Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi Birinchi xonim emas.
Bu ibora ilk bor Qirg‘izistonning Birinchi prezidenti Asqar Aqayevning turmush o‘rtog‘i Mayram Aqayevaga nisbatan ishlatilgan. 2005 yilgi Mart inqilobi oqibatida Asqar Aqayev Qirg‘izistonni tashlab chiqib ketgach, uning tanqidchilari hanuzgacha sobiq Birinchi xonimni ham ayblab keladi. Tanqidchilar fikricha, Mayram Aqayeva eri – Prezidentning ishlariga, kadrlar masalasiga aralashgan.