Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:49

So‘xda "Chashma" bulog‘i suvi ustida yana janjal chiqdi, uylar yondi. Har ikki tomondan kamida 31 kishi jarohatlandi (VIDEO)


O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Chashma qishlog‘i hududida ro‘y bergan janjal, 31 may, 2020
O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Chashma qishlog‘i hududida ro‘y bergan janjal, 31 may, 2020

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi, Qirg‘izistonning Botken viloyatiga tutash, Chashma qishlog‘ida suv ustida yana katta janjal bo‘ldi.

Ozodlikka bog‘langan so‘xliklar va Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbirining xabar qilishicha, har ikki tarafdan ko‘plab odam chegaraga yig‘ilgan. Ikki tomondan bir necha uyga o‘t qo‘yilgan.

Ozodlikka yo‘llangan videolarda aks etishicha, qarshi taraflar bir-birini toshbo‘ron qilgan, chegara simto‘siqlarini ko‘chirib olishga uringan.

O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari xizmati vaziyat to‘liq nazoratga olindi, deb bayonot berdi. Jarohatlanganlar soniga oid guvohlar bergan xabarlar hanuz rasman tasdiqlanmadi.

Ozodlik muxbiriga ko‘ra, O‘zbekiston tomonida 2 ta, Qirg‘iziston tomonida 1 ta uyga o‘t qo‘yilgan.

O‘zbek-Qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni ikki davlat hamkorlikda nazorat qiladi

Bu borada 31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston mahalliy hokimiyatlari rasmiylari uchrashuvida qaror qabul qilindi.

Muzokarada O‘zbekiston tomonidan Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev va So‘x tuman hokimi ishtirok etgan. Qirg‘iziston tomonidan esa hukumatning Botken viloyatidagi muxtor vakilining birinchi o‘rinbosari Jarkinbay Maksutov va Qadamjoy tumani hokimi qatnashgan.

Qadamjoy tumani hokimi Alginbay Imarovning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga aytishicha, uchrashuvda tomonlar chegaradagi vaziyatni hamkorlikda barqarorlashtirish masalasini muhokama qilgan. Shu maqsadda O‘zbekiston va Qirg‘iziston huquq-tartibot tuzilmalari hamkorligi rejasi ishlab chiqilgan.

Chashmadagi janjalda jarohatlangan ikki qirg‘izistonlikning ahvoli og‘ir

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi 1 iyunga o‘tar kechasi O‘zbekistonning So‘x viloyati Chashma qishlog‘idagi chegara hududida chiqqan janjal oqibatida jarohatlangan 15 nafar fuqaro Haydarkon shahar kasalxonasiga olib kelinganini bildirdi.

Kasalxonaga olib kelingan qirg‘izistonliklarning 4 nafari kasalxonaga yotqizilgan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. Qolganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgach, uylariga qaytishga ruxsat berilgan.

Avvalroq Ozodlikka mojaro haqida xabar bergan so‘xliklardan biri janjal oqibatida 16 nafar o‘zbekistonlik turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilganini bildirgan edi.

So‘xlik: 16 kishi jarohatlandi

Ozodlikka xabar qilgan so‘xliklardan birining aytishicha, mojaro 31 may kuni tushga yaqin Chashma bulog‘ining suvi ustida chiqqan.

So‘ngra ikki tomon bir-birini toshbo‘ron qila boshlagan.

"So‘xliklar buloqdan suv olamiz, deb borganda janjal chiqqan. Qirg‘iziston tomondagilar hozir suvni biz olamiz, deb turib olgan. Janjallashib ketishgan, bir-birini toshbo‘ron qilishgan. Ancha odam jarohatlandi. 16 kishi shifoxonaga tushdi, deb aytishdi. Bu safargi janjal juda katta bo‘ldi", dedi ismini sir saqlagan so‘xlik.

So‘xliklar O‘zbekiston tomoniga yig‘ilgan o‘nlab odam chegaraning u tarafiga tosh, kesak uloqtirayotgani aks etgan videolarni Ozodlikka yo‘lladi.

Muxbir: 3 ta uy yondi

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining voqea joyidagi muxbiri xabar qilishicha, 31 may mahalliy vaqt bilan kechki soat 19:30da ham chegaraning ikki tarafiga yig‘ilgan odamlar tarqalmagan, bir-biriga tosh otishlar davom etgan:

"Militsiya xodimlari odamlarni to‘xtatishga harakat qilmoqda, lekin bo‘lmayapti. Qurol qo‘llanmadi, lekin tomonlar bir-biriga tosh otmoqda. Odamlar boshi, qo‘li va oyoqlaridan jarohat olgan. Ularga tibbiyot xodimlari yordam bermoqda. Men uch joyda yong‘in ko‘ryapman - O‘zbekiston tomonida 2 ta, Qirg‘iziston tomonidan 1 ta uy yonmoqda", deb xabar qildi qirg‘iz xizmati muxbiri.

Chegaradagi nizoda jarohatlatganlardan biri, 31 may, 2020
Chegaradagi nizoda jarohatlatganlardan biri, 31 may, 2020

O‘zbekiston DXX: vaziyat to‘liq nazoratga olindi

Har ikki tomondan ham hodisada jarohat olganlar bor. Ammo, jarohatlanganlar aniq soni haqida ikki tomon davlat idoralari aniq ma’lumot bermayotir.

DXX Chegara qo‘shinlarining Telegramdagi rasmiy kanalida, ushbu ziddiyat bo‘yicha bayonot berildi.

Bayonotga ko‘ra, ushbu hududdagi vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Ikki davlatning chegaraoldi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari voqea joyida uchrashgan.

"Mojaroning sabab va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda", deyiladi rasmiy bayonotda.

Tarmoqlarda Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘aniyevning So‘xga yetib borgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo, Farg‘ona viloyati va So‘x tumani hokimlik idoralaridan bu borada hozircha biror rasmiy ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Qirg‘iziston mulozimi: bu - bahsli hudud

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Akram Madumarov janjalga "Chashma" bulog‘i suvi sabab bo‘lgani va ikki taraf bir-birini toshbo‘ron qilganini tasdiqladi.

"Har yili ikki taraf aholisi shu buloqni birga tozalaydi. Noma’lum sabablarga ko‘ra, bu yil tomonlar o‘rtasida dahanaki janjal chiqqan. Hozir mahalliy hokimiyat vakillari voqea joyida", dedi mulozim Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga.

Uning aytishicha, toshbo‘ronda jarohatlanganlar haqida aniq ma’lumot yo‘q:

"Jarohatlanganlar haqida menda aniq ma’lumot yo‘q. Mahalliy hokimiyat vakillari muzokara olib bormoqda. Bu - bahsli hudud, buloqdan ikki taraf ham foydalanadi, shuning uchun mojaro ko‘p chiqadi. Lekin, vaziyat keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaymiz".

Chegaraning 5 foizi hanuz bahsli

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara chizig‘ining umumiy uzunligi 1379 km.ni tashkil qiladi. Bu chegaraning 5% qismi tomonlar o‘rtasida hanuz bahsli bo‘lib qolmoqda. Shu bois, So‘xda ham suv va yer ustida tez-tez mojarolar sodir bo‘lishi kuzatiladi.

1 may kuni bu hududda mol boqiladigan maydonlar ustida janjal chiqqan, natijada qirg‘izistonlik chegarachilar ogohlantiruvchi o‘q uzgandi.

"Chashma" suvi yillardan buyon janjalli bo‘lib qolmoqda

So‘x va Botken tumani aholisi o‘rtasida bunga qadar ham bir necha yillar mobaynida “suv urush”lari bo‘lib kelgan.

Aynan O‘zbekistonning Chashma va Qirg‘izistonning Birlik qishloqlari o‘rtasidagi suv janjali yillab davom etgan.

XS
SM
MD
LG