Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:37

AQShda zo‘ravonlikka aylangan namoyishlarni bostirish uchun 75 yilda birinchi marta Milliy Gvardiya jalb qilindi (VIDEO)


Yakshanba, 31 mayga o‘tar kechasi AQShdagi norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylanib ketgani ortidan bir qator shaharlarda komendantlik soati joriy etildi.

Namoyishlar Minneapolis shahrida​ oq tanli politsiyachi afroamerikalikni bo‘g‘ib, uning o‘limiga sabab bo‘lgani ortidan boshlanib ketgan edi.

Bu namoyishlar ortidan tartibsizliklar va zo‘ravonliklar sodir etildi. Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta Milliy Gvardiya namoyishlarni bostirish uchun jalb qilindi.

Bosh prokuror Bill Bar bu voqealarni "ichki terrorizm" sifatida baholadi.

Namoyishlar Minneapolis shahrida oq tanli politsiyachi kamida 20 kishi guvohligida afroamerikalik Jorj Floyni bo‘g‘ib qo‘ygani ortidan boshlanib ketdi. Tinch namoyishlardan tashqari, ayrim norozilar binolarga va avtomobillarga o‘t qo‘ydi, politsiyaga qarshilik ko‘rsatdi va do‘konlarni talon qildi.

So‘nggi xabarlarda aytilishicha, namoyishlar AQShning kamida 75 shahrida bo‘lib o‘tdi. Ayrim shtatlar tartibsizliklarga aylanib ketgan namoyishlarni tarqatish uchun Milliy Gvardiyaga murojaat qildi.

Minneapolis, Atlanta, Los-Anjeles, Sietl, Chikago, Filadelfiya, Pittsburg, Denver, Mayami va boshqa shaharlarda Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta Milliy Gvardiya namoyishlarni bostirish uchun jalb qilindi.

Milliy Gvardiya besh ming askar va uchuvchi 24 shtatda tartib o‘rnatishga kirishgani haqida bildirdi. Kamida 40 shaharda, jumladan, Los-Anjeles, Chikago va Detroytda komendantlik soati muddati uzaytirildi.

Nyu-York, Vashington, Atlanta, Chikago va Los-Anjelesda eng yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Besh kun davom etgan namoyishlar ortidan 30 may kuni AQShning 20dan ortiq yirik shaharlarda komendantlik soati joriy etilgan edi.

46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyni oq tanli politsiyachi Derek Shovin qalbaki dollardan foydalanganlikda gumonlab qo‘lga olgan edi. Qo‘lga olish jarayonida u Jorj Floyni yerga yiqitib, qo‘liga kishan urgan va tizzasi bilan uning tomog‘ini bosib turgan.

Jorj Floy politsiyachiga bir necha marotaba “Men nafas ololmayapman”, deb aytgan. Bu voqeaga guvoh bo‘lgan 20dan ortiq kishi politsiyachini tartibga chaqirmoqchi bo‘lgan. Ammo ularga boshqa politsiyachilar to‘sqinlik qilgan.

Jorj Floyd Minneapolis kasalxonasida 25 may kuni vafot etdi. Politsiyachi Derek Shovin “qasd qilmasdan odam o‘ldirishlik” ayblovi bilan hibsga olindi.

So‘nggi ma’lumotlarda aytilishicha, AQShning 22 shahrida norozilik namoyishlarida tartibni buzgan 1669 odam hibsga olindi.

AQSh prezidenti Donald Tramp norozilik namoyishlari paytida tartibsizliklarni sodir etganlarga nisbatan jiddiy jazo choralari qo‘llanishi haqida aholini ogohlantirdi.

Tramp Tvitter sahifasida namoyishlarni uyushtirishda gumonlanayotgan “Antifa” antifashist tashkilotini terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritish niyatida ekanini bildirdi.

Bosh prokuror Bill Barr “Antifa” va boshqa shu kabi guruhlar tomonidan “uyushtirilgan va amalga oshirilgan zo‘ravonlik ichki terrorizm hisoblanadi hamda tegishli darajada ko‘rib chiqiladi”, deb bildirdi.

Tramp 30 may kuni Jorj Floydning o‘limini mamlakatni g‘azabga keltirgan va musibatga tushirgan “jiddiy fojia”, deb atagan edi. Tramp norozilik namoyishlari “olomonning zo‘ravonligiga” aylanib ketishiga yo‘l qo‘yilmasligini aytgan.

XS
SM
MD
LG