Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:35

Mulozimdan tahdid: "Chegarani yopaman, janjalchi qishloqni xaritadan o‘chiramiz, So‘xni ta’minotdan uzamiz!"


So‘xliklarga tahdid qilgan mulozim, 31 may, 2020. Bu surat Ozodlikka taqdim qilingan videodan olindi
So‘xliklarga tahdid qilgan mulozim, 31 may, 2020. Bu surat Ozodlikka taqdim qilingan videodan olindi

Farg‘ona viloyati hokimining So‘x chegarasini yopish, tumandagi "janjalchi qishloqlarni xaritadan o‘chirish"ini aytib, tahdid qilgani iddao qilinmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir amaldorning tahdidlari qayd etilgan bir necha video va audiyozuv tarqaldi. Ularda Farg‘ona viloyat hokimi ekani iddao qilingan mulozim norozi so‘xliklarga ustma-ust tahdid qilgani qayd etilgan.

Farg‘ona hokimligi bu iddaolarga hozircha munosabat bildirmadi. Ammo, video va audiolardagi ovozlar hokim Shuhrat G‘aniyevning muqaddam rasmiy manbalarda e’lon qilingan videolardagi ovoziga o‘xshashdir.

Mulozim: chegarani yopaman!

Ozodlikka kelib tushgan videolardan birida yuziga niqob taqqan basavlat mulozim uni o‘rab olgan norozi so‘xliklarga shunday tahdid qiladi:

“Tosh otib yotaverasan bir-biringga? Hokimiyatni ham ko‘chirvoramiz. Nima qilay, chegarani yopib ketaveraymi?.. Bor uyingga bor! A san uyingga bor! Sen otmasang, bu otmaydi, otib-otib ketaveradi!.. 5 daqiqa vaqt beraman. Yo uylaringga kirib ketasizlar, yoki men qaytib ketaman. Qaytib ketganimdan keyin Qadamjoyda chegarani yopaman. Qaysi biriga rozi bo‘lsalaring, bilinglar!” deydi bu videoda aholiga dag‘dag‘a qilgan basavlat mulozim.

Мулозим чегарани ëпиб қўйишини айтиб сўхликларга таҳдид қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:02 0:00

Guvohlar bu video 31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi Chashma qishlog‘ida yozib olinganini aytmoqda. Ammo, bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q. Farg‘ona viloyat hokimligidan bu borada berilgan savollarga hanuz javob olingani yo‘q.

Ayni mulozim: Janjalchi qishloqni xaritadan o‘chiramiz!

Bundan tashqari, ushbu videodagi mulozimning ovoziga o‘xshash ovoz qayd etilgan audio ham 2 iyun kuni tarmoqlarda keng tarqaldi.

Audiodagi ovoz egasi, aftidan, yopiq bino ichida yig‘ilgan so‘xliklar orasidan 74 kishini qamatishini aytib, oshkora tahdid qiladi.

Bundan tashqari, So‘x tumanidagi “janjalkash qishloqlarni” xaritadan o‘chirib tashlashi, ta’minotdan uzib qo‘yishini aytib, qo‘rqitadi:

“74 tasini olib ketaymi Farg‘onaga yoki yo‘qmi?.. Yana bir og‘iz gap chiqsa, bu yerga kelib o‘tirmayman... Lenburgdan kim kelgan? Qaysi qishloq janjalkash bo‘lsa, biz uni So‘x tumani kartasidan nima qilamiz Farhod aka, a? Uni So‘x tumani xaritasidan o‘chirib tashlaymiz, hamma ta’minot to‘xtaydi!.. Sizlar nima, bizga katta tashvish olib bergani o‘tiribsizlarmi?! 74 ta yigitni hozir qamasinmi?! Tayyormi ro‘yxat, Ichki ishlar boshlig‘i, prokurorimiz?! Bo‘ldi, 74 tasini, bo‘lmasam jo‘natvoramiz. Hozir harbiylarni berasizlar, qurolli yigitlardan, Farg‘onaga olib borib qamaysizlar 74tasini!” deb stolni ura-ura dag‘dag‘a qiladi audiodagi mulozim.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:57 0:00
Бевосита линк


Yuqoridagi video va audiodagi mulozimning ovozi muqaddam Ozodlikka ma’lum bo‘lgan va rasman e’lon qilingan videolardagi Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ovoziga o‘xshashdir.

2 iyun kuni tarmoqlarda tarqalib ketgan bu audioning qachon, qayerda va kim tomonidan yozib olingani haqida Ozodlikda rasmiy ma’lumot yo‘q. Farg‘ona viloyat hokimligidan bu borada berilgan savollarga hozircha javob berilmadi.

Ayni mulozimni toshbo‘ron qilishdimi?

31 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda So‘xdagi olomon tomonidan viloyat hokimi toshbo‘ron qilingani aytilgan ko‘plab videolar tarqaldi.

Videolarda harbiylar qurshovidagi niqob taqib olgan basavlat mulozimni odamlar toshbo‘ron qilayotgani aks etgan.

Toshbo‘ronga guvohlar harbiylar pinjiga yashirinishga uringan mulozimning Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ekanini iddao qilmoqda.

Videodan, bino yoniga yig‘ilgan yuzlab odam, So‘x tumani xalqini qiynayotgan yo‘l, suv va yopiq turgan chegara muammosi yillardan buyon yechilmayotgani uchun ayblab, mulozimni toshbo‘ron qilgani tushuniladi.

Bundan tashqari, o‘sha kezda So‘x tumaniga borgan sobiq hokim Tavakkal Raximov ham toshbo‘ron qilingani iddao qilingan.

Farg‘ona hokimi matbuot kotibi Muhammadjon Obidovning izohi

Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot kotibi Muhammadjon Obidov, 2 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda, kaltaklangan havorang ko‘ylakdagi mulozim Shuhrat G‘aniyev ekani haqidagi iddaolarni rad etdi.

Suhbatda Obidov: ​"Shuhrat G‘aniyev toshbo‘ron qilinmadi. U kishi ham olomon ichida yurdi, odamlarni tinchlantirishga urindi. Ammo toshbo‘ron qilingan odam Shuhrat G‘aniyev emas", dedi.

Uning aytishicha, toshbo‘ron qilingan mulozim 31 may kuni So‘x tumaniga borgan sobiq hokim Tavakkal Rahimovdir.

"U oxirgi hokimdan avvalgi hokim edi, Tavakkaljon, degan yigit. U qaysi sababdan So‘xga borib qolganini men bilmayman. Lekin, shu odam boshiga tosh tegib, o‘sha odamlarni tinchitmoqchi bo‘lganda, odamlarni chegaradan uzoqroqqa siljitmoqchi bo‘lganda, Qirg‘iziston tomonidan kelib tushgan tosh boshiga tegdi. Shuning uchun uni qurshab olishdi. Ozgina tibbiy yordam oldi, hozir ahvoli yaxshi", dedi Obidov.

Muhammadjon Obidov bilan suhbat 2 iyun, kunning birinchi yarmida (Toshkent vaqti bilan) qurildi.

G‘aniyevning So‘x chegarasini yopish, janjalchi qishloqni xaritadan o‘chirish, 74 kishini qamatishni aytib, tahdid qilgani iddao qilingan video va audio haqidagi savollar, bu suhbatdan so‘ng paydo bo‘ldi.

Ozodlik muxbiri Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot kotibiga qo‘shimcha savollarni yo‘lladi. Hozircha bu savollarga kotibdan javob kelmadi.

G‘aniyevning iste’fosi talab qilindi

Norozi so‘xliklar 1 iyun kuni So‘xga borgan Bosh vazir Abdulla Aripovdan G‘aniyevning iste’fosini talab qildi.

Bosh vazir o‘sha kuni minglab so‘xlik qarshisiga chiqib, ularning savollariga javob berdi. Bu uchrashuv muhrlangan qariyb 40 daqiqalik video tarmoqlarda tarqaldi.

Chashma qishlog‘idagi maktablardan birining yaqinida o‘tkazilgan uchrashuvda bir necha mahalliy faol so‘zga chiqib, Farg‘ona viloyati hokimidan aholining qattiq norozi ekanini aytdi.

Faollar hokim "So‘xni xaritadan o‘chirib tashlayman, chegarani yopaman!" deb tahdid qildi, deb norozi bo‘ldi.

Buning ortidan norozi olomon “G‘aniyev ketsin!” deya takror-takror qichqirdi:

Uchrashuvda Bosh vazir Aripov viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning iste’fosi haqidagi talablarga javob bermadi.

Ammo, So‘x tumanidagi muammolarga sababchi bo‘lgan va xatoga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga chora ko‘rilishini aytib, umumiy javob berish bilan cheklandi.

So‘x tumanidagi 31 may kungi to‘qnashuv va bundan keyingi voqealar rivojini quyidagi jonli blogda kuzatishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG