Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:19

"Xalqqa "eshit ey" deb murojaat qilish hurmatsizlik emasmi?"


“Lekin bosim qilmanglar, bosim qiladigan bo‘lsanglar, bu yaxshilik bilan tamom bo‘lmaydi” dedingiz. Bu nima degani? Bu ochiqchasiga xalqqa nisbatan po‘pisaku. “Andijon voqealarini qaytarishimiz mumkin” deganingizmi bu?"

O‘zini fan fidoyisi deb tanishtirgan olimlardan biri O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning Farg‘ona viloyat, So‘x tumanida aholi bilan bo‘lgan uchrashuvida aytgan bu va boshqa gaplariga o‘z munosabatini bildirib, Ozodlikka maktub yo‘lladi.

Xavfsizligini o‘ylab, ismi sir qolishini so‘ragan muallif xatini tahrirsiz, qisqartirishsiz e’tiboringizga havola qilyapmiz. Imlo va stilistika muallifniki.

"Assalomu alaykum janob Bosh vazir!

Sizning So‘x tumanidagi xalq bilan uchrashuvda xalqqa nisbatan aytgan gaplaringizga oliy ma’lumotli inson, xalqning Vatanparvar vakili sifatida o‘z mulohazalarimni bildirsam.

Birinchidan, siz So‘xga nima maqsadda borgandingiz? So‘xlik xalqni dardini eshitish, xalq bilan hamnafas bo‘lish, ularning muammosini hal qilish uchunmi yoki prezidentning saylov oldi maqtov tashviqoti uchunmi?

Gaplaringizdan «prezident aytmasa kelmasdim, men xalqqa emas, prezidentga xizmat qilaman» degan ma’no angladik. O‘zgacha bo‘lsa raxbar odamni ko‘pchilikka, xalqqa, nisbatan hurmatsizlarcha “eshit-ey” deya murojaat qilishi “muxtaram prezidentimiz yubordi” deya siz maddohlik qilayotgan prezidentni saylagan shu xalqqa nisbatan xurmatsizlik emasmi? Prezidentga xam “eshit-ey” deya olarmidingiz?

Bilmasangiz bilib qo‘ying; prezident xam xalq xizmatchisi va shu xalqni o‘zi saylaydi. “Agar eshitsanglar gaplashaman, eshitmasanglar man ketaman” Bu nima deganingiz? Xalq sizni lag‘mon leksiyangizni eshitishi emas, bilaks siz xalqni eshitish uchun kelmaganmidingiz? O‘zingiz “muxtaram prezidentimiz xalqni dardini eshitib bilib kel deya yubordi” dedingiz. Shu sababli sizni jamoatchilik bilan muomala qilish, notiqlik, raxbarlik madaniyati va bilim darajasiga ega emas degan xulosaga bordik. Bo‘lganida xalqni o‘zi jon qulog‘i bilan eshitardi. Xalqimiz yaxshi bilishadi auditoriya mexri va xurmatini qozongan ustoz, raxbar yoki xar qanday lektorni jon qulog‘i bilan tinglashlarini. Aksincha bo‘lsa munosabatingizni kutamiz.

Ikkinchidan, O‘zbekiston huquqiy demokratik davlat. Siz o‘zi “demokratiya”ni ma’nosini bilasizmi? Bilmasangiz demokratiya grekcha “deymos-xalq, kratos-boshqaruv” ya’ni “Xalq xohishiga ko‘ra davlat boshqaruvi” degani bo‘ladi. Xalq nimani xohlayotganini, o‘zlariga kimni raxbar bo‘lishini istashlarini bir ovozdan oshkora aytib turganda, saylov o‘tkazishni yoki “dovlatchilikni o‘zini qonun, qoidasi bor. Buni o‘ylab ko‘ramiz” deya xalq ongini manipulyatsiya qilib, gapni olib qochishdan maqsad nima?

U odamni siz tanimasangizu, xalq tanisa demak u sizga o‘xshagan raxbarlarga paxta qo‘ymasdan xalqqa xizmat qilgan ekanki xalq shunchalik talab qilyapti.

Ajabo g‘alati ishlar... Shu xalq o‘zi saylab, mansabga qo‘ygan prezident kimnidir olishni yoki qo‘yishni xohlasa siz aytgan “dovlatchilikni qonun qoidasi” unutiladi, shu yer, shu Vatan egalari bo‘lgan xalqni o‘zi xohlasa xalqni xohish irodasini ifoda etishi (O‘RK 2-modda) lozim bo‘lgan qoidalar aksincha ularning xohishlariga to‘siq qilib qo‘yilsa.

Prezidentga kimdir yoqib unga rahbarlikni bergisi kelib qolsa, kimnidir “Xalq artisti” qilmoqchi bulsa, yoki kimgadir professorlik, doktorlik unvonini bermoqchi bo‘lsa o‘sha siz aytgan “dovlatchilikni qonun qoidalari borligi” unitilganini ko‘rmaganmisiz?

Uchinchidan, “lekin bosim qilmanglar, bosim qiladigan bo‘lsanglar, bu yaxshilik bilan tamom bo‘lmaydi” dedingiz. Bu nima degani? Bu ochiqchasiga xalqqa nisbatan po‘pisaku. “Andijon voqealarini qaytarishimiz mumkin” deganingizmi bu? Siz xalqqa po‘pisa qilishingiz mumkinu, sizni jo‘natgan raxbaringizni saylagan shu xalq o‘zlariga o‘zi xohlagan hokimni tayinlanishini talab qilishlari mumkin emas ekanda a? Bu bilan fikrimizcha siz o‘zingizni xam xalqqa qarshi qarashlaringizni namoyon qilib qo‘ydingiz.

To‘rtinchidan, So‘x xalqini qay ahvoldaligini, inson uchun eng muxim bo‘lgan or-nomusiga tajovuzlar bo‘layotginini, yerlarini siz aytgandek “dovlatchilikni qonun qoidasiga ko‘ra” qo‘yilayotgan raxbar hokim to‘ralar pora evaziga o‘zi xohlaganiga sotib, xohlaganidan tortib olib o‘yin qilayotganini eshitib, bilib, ko‘rib turib xam “unaqa bumidi bundan keyin” deya vaziyatdan chiqishingizni qarang. Kim kafolat beradi unaqa bo‘lmasligiga?

Xalqqa sizga o‘xshagan rahbarlarni o‘ziyam ishonmaydigan og‘zaki va’dasi emas, ustivor qonuniy asosga tayangan davlat kafolati va qonun ustuvorligi kerak. Chunki eshitib turibsizku “unisi keladi bunisiga sotadi, bunisi keladi unisiga sotadi”. Nima yer har yangi kelgan rahbarga otasidan tushib qoladigan merosmi?

Beshinchidan, “Shuxrat G‘aniyevni yuqoting, G‘aniyev ketsin!” deya oshkora aytayotgan xalqni kurdingiz, buyam yetmasa ijtimoiy tarmoqlarga kiring, FB, You tube, OK, Instagramm….da butun O‘zbekiston axolisi G‘aniyevni tanqid qilib xam, mashara qilib xam o‘z munosabati va fikrini ko‘rsatib turibdi. Nahotki hamma ko‘rib tursada oqni oqligini yoki qorani qoraligini xalqdan isbotlash talab etilsa?! Taajjub. Bu holat filmdagi “Kun-tun bo‘lmas, tun-kun bo‘lmas, Biz-hammamiz bir-birimizni tush ko‘ryapmiz” syujetiga o‘xshaydi. Kino hayotga ko‘chdimi nima balo?

Oltinchidan, nega boshqa rivojlangan davlatlarda korrupsiya va davlat pullarini o‘marishga karshi xukumat qat’iy jazo choralarini ko‘rishadi, xalq ishonchini oqlamagan, jazo olgan sobiq raxbarlarni qaytib xech qanaqa raxbarlik va mas’ul lavozimlarga yakinlashtirilmaydi, lekin O‘zbekistondek konstituttsion demokratik davlatda xalk ishonchini oklamay ishdan ketganlar, xattoki mukaddam korruptsiya va davlat mulkini o‘marishda ayblanganlar, poraxo‘rlik bilan jazoga tortilganlar xam biroz vaqt o‘tib boshka mas’ul, raxbarlik davozimlarga tayinlanadi?

Bundan biz oddiy xalkda xukumatni usha kayta tayinlanayotganlardan tili qisiq joyi bor, yoki xukumat raxbarlarini xammasi shunaka va shu sababli bir-birini aybini "tugri tushunib" xalk kuzi uchun xuddiki "kechirishadi" va kayta imkon berishadi. Sababi uzlarining xam boshiga ertaga shu ish kelib kolsa kechirilishi uchunmikin? Biz bilmadik va tushunmadik. Siz bilsangiz bizga xam bildiringki, biz avom xalkda xukumatdagilarga nisbatan ishonchsizlik va turli xil shubxa, gumonlar qolmasin!

Bizga xalq zehnini manipulyatsiya qiladigan fikrlar, yohud fikr egasini “turli ig‘vogar guruxlarga a’zolikda, yot g‘oyalar ta’siridagi odam yozgan, fikrni o‘ziga emas egasiga e’tibor qiling” degan mazmundagi javob kerak emas. Chunki oldindan aytaman men xech qanday guruhda bo‘lmagan, xech qanaqa yot g‘oyalar ta’siriga tushishi mumkin ham emas ziyoli oilaning farzandi, oliy ma’lumotli, oliy toifali, fan fidoyisiman. Aniq, demokratik tamoyillarga tayangan, xuquqiy asoslarga ega javob kutib qolaman".

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

XS
SM
MD
LG