Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, bugunga qadar dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 8 milliondan, qurbonlar soni esa 435 mingdan oshdi. Bemorlarning 4 milliondan oshig‘i esa sog‘ayib ketdi.
Quyida pandemiya Rossiya, Eron va Qozog‘istonda qanday kechayotgani haqida so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Rossiya
Prezident Vladimir Putin Rossiyada pandemiya «minimal yo‘qotishlar» bilan kechdi vaziyat AQShdagidan ancha yaxshi, deb bayonot berdi. Ammo Rossiyada virusga chalinganlar va virus tufayli nobud bo‘lganlarning rasmiy soni haqida shubhalar urchimoqda
Putin televideniye orqali ko‘rsatilgan chiqishida Rossiya «ravon ish olib boryapti, koronavirus vaziyatidan ishonch hamda minimal yo‘qotishlar bilan chiqyapti», dedi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirus keltirib chiqaradigan COVID-19 infeksiyasidan 6 938 nafar odam nobud bo‘ldi. Rossiyada kasallikka chalinganlar yarim milliondan oshiqligi e’tiborga olinsa, bu ko‘rsatkich juda ozdir.
Shu sababdan tanqidchilar Rossiya rasmiylarini pandemiya ko‘lamini ozaytirib ko‘rsatish maqsadida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda ayblamoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xodimi Rossiyadagi o‘limlar soni «shubhasiz, g‘ayrioddiy» ekanligini ta’kidladi.
Tashkilotning Favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan Rossiyadan farqli o‘laroq, boshqa davlatlarda nobud bo‘lganlar soni koronavirusga chalingan, ammo boshqa sabablarga ko‘ra o‘lgan odamlarni ham o‘z ichiga olishini aytdi.
Putinning «Rossiya-1» telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, "Rossiyada federal va mahalliy hokimiyat rasmiylari hamkorlikda ishlagani uchun pandemiya AQShdan ko‘ra yengilroq kechgan".
Putin, shuningdek, AQShda sodir bo‘lgan irqchilikka qarshi aktsiyalarni ilk marotaba sharhladi. Prezident ularni «chuqur ildiz otgan ichki bo‘hronlar» belgisi deya ta’rifladi.
Rossiya prezidenti afroamerikaliklarning tenglik uchun kurashini qo‘llashini qo‘shimcha qildi. Ammo Putinning fikricha, aksiyalar «xaos va tartibsizliklarga» aylansa, mamlakat uchun hech qanday yaxshilik olib kelmaydi.
Putin mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha 1 iyulga belgilangan ovoz berish ortidan prezidentlik diktaturasini mustahkamlashni rejalashtirayotganiga doir ayblovlarni rad etdi.
Taklif qilinayotgan o‘zgarishlar Putinga 2036 yilgacha prezident bo‘lish imkonini beradi.
Eron
Bu mamlakatda so‘nggi ikki oy ichida ilk marotaba koronavirus tufayli bir kunda 100 dan oshiq odam nobud bo‘ldi.
14 iyun kuni Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Sima Sadat Lari so‘nggi 24 soat ichida 107 nafar odam virus tufayli nobud bo‘lganini bildirdi. Bu bilan mamlakatda COVID-19 tufayli o‘lganlar soni 8 837 ga, virusga chalinganlar soni esa 187 427 ga yetdi.
Tanqidchilar bu ko‘rsatkichlar aslida ancha yuqori ekanligini ta’kidlab keladi.
Eronda aprel oyining o‘rtasida karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilina boshlagan edi. Keyingi haftalarda mamlakatda virusga chalinish holatlari ko‘paydi.
13 iyun kuni prezident Hasan Ruhoniy aholi Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga to‘liq amal qilmasa, ayrim cheklovlar qayta joriy qilinishini aytdi.
Qozog‘iston
Sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanovda koronavirus aniqlanishi ortidan bosh vaziri Asqar Mamin uyda o‘zini karantinga oldi.
Bosh vazir matbuot kotibi Zarina Nurlanova Maminda virus aniqlanmaganini va u ishlashda davom etishini bildirdi.
Mamin 12 iyun kuni Birtanov bilan Jambil viloyatiga dori-darmon ishlab chiqaruvchi zavod ochilishida qatnashish uchun xizmat safari bilan borgan edi.
Nurlanova vazirlar safar davomida niqoblarini echishmaganini aytdi,
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar Qozog‘istonda 18 898 kishi koronavirusga chalindi, ularning 77 nafari yostig‘i quridi.
Qozog‘istonda ham virus yuqtirganlar va nobud bo‘lganlar soni aslida bundan yuqori ekanligi aytilmoqda. Mamlakatda koronavirusga chalinib, boshqa kasallik tufayli vafot etganlar rasmiy statistikaga kiritilmaydi.