Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:27

Ayrim pillakorlar rejani pul to‘lab, qog‘ozda bajarmoqda


Namangan va Andijondagi ayrim pillakor fermerlar pilla rejasini qog‘ozda bajarmoqda.

Buning uchun fermerlar pillaning bir kilosi uchun 40 ming so‘mgacha pul to‘layapti.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rasmiysi rejani bajara olmagan pillakorlardan pul olinayotganini tasdiqladi.

Uyushma rasmiysining Ozodlikka bildirishicha, bu pul “Agropilla” shirkatlari harajatini qoplash uchun olinmoqda.

Pillakor fermerlar shikoyati

Namangan viloyatining Pop tumanidagi bir guruh fermerlardan Ozodlikka kelgan xatda pilla rejasini pul to‘lab, qog‘ozda bajarish holati tilga olingan:

“24 maydan boshlab fermerlar tilida “magazin” deb ataladigan pilla bilan bog‘liq holat boshlandi ya’ni naqd pul evaziga pilla rejasini bajarish uchun korrupsion sxema ish boshladi. Fermerlar bir kilo pilla o‘rniga 40000 so‘mdan majburan to‘layapmiz. Ikki kundan keyin to‘langan puldan har kilo pilla uchun 20400 so‘mdan o‘zimizga qaytarilyapti. Qolgan 19600 so‘m qayerga ketyapti? 120 tonna pilla rejasi qo‘yilgan tumanimiz rejani arang 50 foizini bajarganini inobatga olsak, qolgan 60 tonna pilla uchun fermerlardan ortiqcha olingan 1 milliard 176 million so‘m kimlarning cho‘ntagiga tushadi?”.

Poplik fermerlar Ozodlikka taqdim qilgan telefon so‘zlashuvlarida mahalliy rahbarlar pilla uchun fermerlardan pul so‘ragani va bu pulni fermerlar berayotganiga oid ma’lumotlar mavjud.

Ozodlik fermerlar iltimosiga ko‘ra, ular shaxsini va telefon so‘zlashuvlarini ochiqlamayapti.

Pop tumanidagi pilla qabul qilish punkti.
Pop tumanidagi pilla qabul qilish punkti.

Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanidan Ozodlikka bog‘langan fermerlar ham rejani qog‘ozda bajarganini aytdi.

“Hokim turli noqonuniy talablar bilan faoliyatimizga g‘ov bo‘lib kelmoqda. Bahorda rahbarlar talabi bilan tut ko‘chati sotib olib, qurib ketgan ariq bo‘yiga ekdik – ko‘karmadi! Tut bargi yaxshi bo‘lmagach ayrimlarimiz rejani bajara olmadik. “17000 so‘mdan pilla sotib olamiz, pul yig‘ib beringlar”, deyishdi, yig‘ib berdik”, deydi xavfsizlik bois ismi ochiqlanmasligini so‘ragan to‘raqo‘rg‘onlik fermer.

Bo‘ston tumanidagi pilla qabul qilish punkti
Bo‘ston tumanidagi pilla qabul qilish punkti

Pilla rejasini qog‘ozda bajarish holati Andijonda ham kuzatilyapti. Bu haqda viloyatning Bo‘ston tumanidagi fermerlar Ozodlikka ma’lum qildi.

“Ariqlar chetida ozgina tut daraxtlari bor. Lekin pilla uchun fermerga katta-katta reja qo‘yishgan. Ko‘pchilik rejani bajara olmadi. Svodka uchun fermerlardan bir kilo pilla uchun 15 ming so‘mdan pul olishdi. “Agropilla” xodimlariga berdik pulni. Ayrim fermerlar 400 kilogacha sotib oldi. Bu har yili svodka uchun qilinadigan ish. Necha yildan beri pilla boqsam, har yili rejani qog‘ozda bajaraman. Shuni qilmasam, yerimni olib qo‘yadi. Majburman​”, deydi anonim qolish sharti bilan gapirgan bo‘stonlik fermer.

Ozodlikka har pilla mavsumida shu kabi shikoyatlar ko‘plab bo‘ladi.

Rasmiylar tasdig‘i

Ozodlik pilla yetishtirish bo‘yicha mas’ul tashkilot – “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rasmiylaridan biri bilan 15 iyun kuni telefon orqali bog‘landi.

Ismini ochiqlamayotganimiz mulozim pilla rejasini bajara olmagan fermerlardan pul olinayotganini inkor qilmadi:

“Hozir ipakchilik korxonalari davlatdan yordam olmaydi. Ular pilla urug‘ini olib kelib, uni jonlantirib, qayta ishlab, to ipakka keltirguncha harajat qiladi. Korxona fermerlarning boqib bermagan pillasi uchun 40 ming so‘mdan pul olsa, buni harajati uchun olyapti. Majburlikdan olyapti. Korxona pul o‘rniga pilla olgani ma’qul. Agar korxona bu pulni olmasa, u o‘z harajatlarini qoplay olmaydi. Stanoklar to‘xtab qoladi. Ishchilar ketib qoladi”.

Pilla yetishtirishni oshirish rejasi

2017 yili prezident Mirziyoyev 2021 yilgacha O‘zbekistonda pilla yetishtirish hajmini 50 foizga ko‘paytirish haqidagi maxsus farmonni imzoladi.

Ushbu farmondan kelib chiqib, joriy yilda to‘rt mavsumda ipak qurti boqish belgilangan bo‘lib, jami 21 ming tonna pilla topshirish rejalangan.

“Bu yil sovuq kelgani uchun birinchi mavsum kechikdi. Bahorgi tabiiy ofatlar sabab urug‘ni jonlantirmay turdik. Lekin yomg‘ir ko‘p yoqqani sabab tut barglari yaxshi rivojlandi. Bu yil hosil mo‘l bo‘lyapti. Biz 1-2 mavsumning o‘zidayoq rejani bajaramiz, deb turibmiz. Fermerlar Ozodlikka murojaat qilgani uchun uyalsin. Fermerlarga yordam beramiz, deb biz faqat komandirovkada yuribmiz. Biz fermerlardan pul olmaylik. Ular pillani qilib bersin. Ularning o‘zlari dangasalik qilgani sabab pilla rejasini bajara olmaydida, keyin Ozodlikka shikoyat qiladi”, dedi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rasmiysi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha O‘zbekiston ipak tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoy va Hindistondan keyin 3-o‘rinni egallaydi, aholi jon boshiga pilla ishlab chiqarish bo‘yicha esa dunyoda 1-o‘rinda.

XS
SM
MD
LG