AQSh Adliya vazirligi sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Bolton qalamiga mansub kitob chop etilishiga to‘sqinlik qilishni so‘rab, AQSh federal sudiga ariza yo‘lladi.
Prezident Donald Tramp ma’muriyati bundan avval ham kitobda maxfiy ma’lumotlar keltirilganini, uning nashr qilinishi milliy xavfsizlikka tahdid solishini aytib, Bolton kitobining dunyo yuzini ko‘rishiga to‘sqinlik qilishga uringan edi.
Adliya vazirligi 17 iyun kuni yo‘llagan shikoyatda iddao qilinishicha, Bolton «o‘zi rozi bo‘lgan tahrir jarayonidan voz kechishga qaror qilgan va buning o‘rniga kitobi orqali foyda ko‘rish maqsadida xohlagancha maxfiy ma’lumotlarni tarqatmoqchi». Vazirlik 19 iyun kuni sud majlisini o‘tkazishni so‘radi.
Boltonning kitobi 23 iyun kuni nashr qilinishi kutilmoqda. Bolton 17 oy davomida Trampga maslahatchi bo‘lgan davri yoritilgan memuarlaridan parchalar The Washington Post, The New York Times va Wall Street Journal gazetalarida chop etildi.
Gazetalar e’lon qilgan parchalarda Tramp Xitoy prezidenti Si Szinpindan qayta saylanishiga yordam berishni so‘ragani, suhbat davomida uyg‘urlar uchun lagerlar qurish fikrini qo‘llashini izhor qilgani aytilgan.
Boltonga ko‘ra, Tramp Sidan 2019 yilning iyunida Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Katta yigirmatalik yig‘ini davomida yordam so‘ragan.
Tramp Xitoyning iqtisodiy qudrati saylovga ta’sir o‘tkaza olishiga shama qilib, «Sidan qayta saylanishiga ko‘maklashishni so‘ragan». Xususan, prezident amerikalik fermerlar yetishtirgan soya loviyasi va bug‘doyni Xitoy tomonidan xarid qilinishi saylovga muhim ta’sir ko‘rsatishini aytgan.
Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlari haqida Bolton AQSh prezidenti o‘zini tajribali muzokarachi qilib ko‘rsatsa-da, Putin uni jiddiy raqib o‘laroq qabul qilmasligini va undan xavotirlanmasligini aytdi.
Bolton 17 iyun kuni ABC telekanaliga bergan intervyusida shunday dedi:
- Putin uni g‘ijjak qilib chala olishiga ishonadi, deb o‘ylayman. Menimcha, Putin aqlli, kuchli. Oldida jiddiy raqib turmaganini tushunib turibdi, deb o‘ylayman.
Tramp Boltonning bu sharhlari ortidan uni yolg‘onchi deb atadi. Shuningdek, prezident Boltonni kitobga maxfiy ma’lumotlarni kiritib, qonunga zid ish tutganini ta’kidladi.
AQSh savdo vakili Robert Laytxayzer Yaponiyadagi uchrashuvda qatnashganini, Tramp Sidan hech qanday yordam so‘ramaganini ta’kidladi.
- Bo‘lmagan gap. Unday bo‘lmagan. Men ham bor edim. Bu gapni umuman eslamayman. Chin emas bu. Bu gapga ishonmayman, - dedi Laytxayzer.
Boltonning yozishicha, Tramp uyg‘urlar lagerlari haqidagi fikrini faqat tarjimonlarga aytgan.
«Umuman olganda, Si Shinjonda nima uchun konsentratsiya lagerlarini qurayotganini tushuntirib berdi, desa bo‘ladi. Tarjimonimizga ko‘ra, Tramp Si lagerlarni qurishda davom etishi kerakligini, bunday qilish juda to‘g‘ri deb hisoblashini aytgan».
Bolton Trampning Si bilan suhbati prezidentning xavotirga sabab bo‘ladigan ko‘plab suhbatlaridan biri ekanligini aytib, Kongress o‘z impichment surishtiruvi davomida shunga o‘xshash boshqa holatlarini ham ko‘rib chiqishi kerak edi, dedi.
Tramp Kiyev 2020 yilgi prezident saylovidagi asosiy raqibi Jo Bayden va uning o‘g‘lini tergov qilmasa, yordamni bermasligini aytib, tahdid qilgan. Aynan shu holat tufayli AQSh Namoyandalar palatasi Trampga impichment e’lon qildi. Joriy yilda tergov o‘z yakuniga yetdi – senatorlar Trampni oqlab, uni lavozimidan chetlatmaslikka qaror qildi.
Bu orada AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Gavayida yuqori lavozimli Xitoy rasmiysi bilan uchrashib, savdodan tortib, koronavirus pandemiyasigacha bo‘lgan mavzularni muhokama qilishi kutilmoqda.
Pompeoning Xitoy kommunistik partiyasining eng yuqori lavozimli diplomati bo‘lmish Yan Szechi bilan uchrashuvi Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Pekinga bo‘sh kelmaslik Tramp saylovoldi kampaniyasining muhim komponentlaridan biridir. 17 iyun kuni AQSh prezidenti Shinjonda 1 millionga yaqin etnik uyg‘urning konsentratsiya lagerlariga yuborilishiga aloqador Xitoy rasmiylariga qarshi sanksiya joriy qiluvchi qonunni imzoladi.