Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:56

Gulistonlik tadbirkorlar bozor yopilganiga qarshi norozilik aksiyasi o‘tkazdi (VIDEO)


Sirdaryo hokimligi binosi oldida norozilik aksiyasi o‘tkazgan tadbirkorlar.
Sirdaryo hokimligi binosi oldida norozilik aksiyasi o‘tkazgan tadbirkorlar.

22 iyun kuni Sirdaryo viloyat hokimiyati oldida yuzdan ziyod tadbirkor norozilik aksiyasi o‘tkazib, Gulistondagi kiyim-kechak bozori yopilganiga qarshilik bildirdi.

Hokimlik rasmiylari norozilar bilan uchrashganidan so‘ng bir haftadan beri yopiq turgan bozor hududiga boradigan yo‘llar shu kunning o‘zida ochildi.

Ozodlikka bog‘langan tadbirkorlar iddaosicha, hokimlik kiyim-kechak bozorini butunlay yopib, yangi ochilgan savdo markazi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirgan.

Guliston shahar hokimligi rasmiylari bozor yopilganini koronavirus tarqalish xavfi bilan izohladi.

22 iyun kuni ertalab Guliston shahridagi kiyim-kechak (yoyma) bozorining yuzdan ziyod tadbirkori bozor yopilganiga norozilik bildirib, aksiya o‘tkazdi.

“Bir haftadan buyon bozorga keladigan yo‘llarni yopib qo‘yishdi. Lekin do‘konlarimiz ochiq turdi. Yo‘llar yopilgani sabab, xaridorlar bozorga kira olmadi. Shunga bugun norozilik bildirib, avval Guliston shahar hokimiyatiga bordik. Hokimlikdan hech kim chiqmagach, Sirdaryo viloyat hokimiyatiga bordik. 100 dan ko‘p tadbirkor bordi", dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan tadbirkor.

Boshqa bir tadbirkor iddaosicha, norozilar baqirib-chaqirganidan so‘ng, IIB xodimlari tadbirkorlarga kuch qo‘llagan.

"Biz bozorga keladigan yo‘llarni ochishni talab qilib, "Ochilsin" deb xor bo‘lib, qichqirdik. Keyin militsiya xodimlari videoga olayotganlar telefonlarini tortib ola boshladi. Janjal bo‘lib ketdi. Videoga olganlardan bir nechta odamni ichkariga olib kirib, ketishdi".

Гулистон бозор
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:18 0:00

Aksiya ishtirokchilarining Ozodlikka aytishicha, ular tarqalmasdan¸ o‘z talabida qat’iy turgani uchun Guliston shahar hokimi To‘lqin Dadabayev norozilar bilan uchrashishga majbur bo‘lgan.

"Biz trassa yo‘lini to‘samiz, deb turgandik. Shahar hokimi Dadaboyev keldi. Avval o‘ntacha tadbirkorni hokimlik ichkarisiga olib kirib, gaplashdi. Keyin hokim chiqib, bozorga boradigan yo‘llar ochilishini aytdi".

Tadbirkorlarga ko‘ra, bir hafta davomida yopiq turgan bozorga kirish yo‘llarining barchasi 22 iyun kuni ochilgan.

"O‘zi karantin payti bozor yopiq edi. Iyun boshida ochishdi. Lekin bir hafta avval bozorga keladigan hamma yo‘llarga blok post qo‘yib, odamlarni bozorga o‘tkazishmadi. To‘rtta blokpost qilishdi, hamma postlarda Milliy gvardiya va militsiya xodimlari turishdi. Axborot kolleji oldidagi trassani yuk mashinasi bilan yopib qo‘yishdi. 5-maktab oldi, stomatologiya oldi, Sayxun ko‘chasiga blokpost qo‘yib, yo‘llarni beton bilan yopib qo‘yishdi. Hokimiyatga borganimizdan keyin hammasini ochishdi".

Norozilik bildirgan tadbirkorlar iddaosiga ko‘ra, mahalliy hokimlik yoyma bozorini butunlay yopishni rejalashtirmoqda.

"Shahar chetida "Humo" degan yangi savdo markazi ochishgan, bizning bozorni yopib, shaharliklarni faqat o‘sha joydan savdo qilishini yo‘lga qo‘yishmoqchi. O‘sha savdo markazi hokimlikda ishlaydigan mulozimning qarindoshiga tegishli. Shuning uchun bizning bozorga xaridorlar kelishini kamaytirish maqsadida yo‘llarni yopib qo‘yishdi. Shunga biz norozilik aksiyasi o‘tkazdik".

Norozi tadbirkorlar hisob-kitobicha, Guliston kiyim-kechak bozorida taxminan 500dan ziyod do‘konda 1000ga yaqin tadbirkor savdo qiladi.

Guliston shahar hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi yoyma bozoriga boradigan yo‘llar yopilganini koronavirus tarqalish xavfi bilan izohladi.

"Sirdaryo viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining joriy yil 21 iyundagi 830-sonli xatida Guliston shahrida kasallik tarqalish xavfi yuqori bo‘lgani sabab shaharni “qizil” zonaga kiritish rejalangan. Shu munosabat bilan bozor hududini dezinfeksiya qilish maqsadida vaqtincha yopish rejalangandi. Lekin bugun shahar hokimi Dadaboyev tadbirkorlar bilan uchrashib, bozorni ochishga ruxsat berdi. Agar Guliston shahri "qizil" zonaga kirsa, baribir bozor vaqtincha yopiladi", dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan hokimlik mulozimi.

Mulozim Guliston kiyim-kechak bozorining butunlay yopilishi haqidagi tadbirkorlar xavotirini izohlashni istamadi.

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishini oldini olish maqsadida mart oyida karantin e’lon qilindi.

May oyidan boshlab, kasallik tarqalish ko‘rsatkichlaridan kelib, chiqib hududlar yashil, sariq va qizil zonalarga bo‘lindi. Yashil zonalarda bozorlar faoliyatiga ham ruxsat berildi.

15 iyundan xorijga aviaqatnov qisman ochildi, sariq va yashil hududlararo poyezd qatnovi tiklandi va xususiy bog‘chalar ochildi.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, dezinfeksiya majburiy bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG