Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:18

Fermer: bug‘doy to‘kilib uvol bo‘lyapti, lekin o‘rishga ruxsat yo‘q!


Paxtachilik fermerning o‘rilmay tashlab ketgan bug‘doyi.
Paxtachilik fermerning o‘rilmay tashlab ketgan bug‘doyi.

Samarqand viloyat, Paxtachi tumani fermerlari davlatga g‘alla sotish rejasini ortig‘i bilan bajarib qo‘ygan bo‘lsa-da, rejadan ortiq o‘zlariga qolgan bug‘doyni o‘rib ololmayapti.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, tuman g‘alla rejasi bajarilganidan so‘ng, hokimining buyrug‘i bilan kombaynlarning aksariyati boshqa tumanlarga safarbar qilingan. MTPlarda qolgan 2-3ta kombaynga ham o‘rishga ruxsat berilmayapti.

MTP raisi shunday holat borligini tasdqilar ekan, buning sababini “kattalar biladi”, dedi.

Tuman hokimi Muzaffar Hamdamov Ozodlik bilan bu masalada gaplashishni istamadi.

Ozodlikka paxtachilik fermerlar yuborgan maktubda shunday deb yozilgan:

Pishib yetilgan g‘allani vaqtida o‘rmasak gektaridan kamida 10 sentner g‘alla nobud bo‘ladi.

“Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidan yozmoqdamiz. Paxtachilik fermerlar g‘alla planini oshig‘i bilan bajardik, ammo plandan tashqari g‘allamizni o‘rib olishga hali ham ruxsat berilmayapti. Pishib yetilgan g‘allani vaqtida o‘rmasak gektaridan kamida 10 sentner g‘alla nobud bo‘ladi. Axir g‘alla xalqimiz rizqiku. Bundan tashqari pandemiya davrida tezroq ikkinchi ekin ishlarini boshlash juda muhimdir. Hozir bir kun ham dehqon uchun kechiktirib bo‘lmas palladir”.

“Shamsi Nazarov MTP” hududidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, g‘alla yerga to‘kilib uvol bo‘lyapti:

Taxminimcha yarim hosilimizni yo‘qotib bo‘ldik.

“Bug‘doyni o‘rib topshirdik, rejani to‘ldirishimiz bilan kombaynlar ishni to‘xtatib daladan chiqib ketdi. Qolgan bug‘doy qolib ketdi. G‘alla pishib ketgan, eshilib ketgan. Ikki hafta bo‘ldi saraton issig‘ida to‘kilib ketyapti. Taxminimcha yarim hosilimizni yo‘qotib bo‘ldik. Bu qolgan g‘alla, kechayu kunduz tinmay mehnat qilgan suvchining haqi, qo‘llari qavarib ketgan dehqonning haqi, nega bizning o‘z haqimizni o‘rib olgani qo‘yishmaydi?”

Fermerning aytishicha, tumanda g‘alla rejasi bajarilganidan so‘ng, barcha kombaynlar boshqa, g‘alla kechroq pishadigan tumanlarga safarbar etilgan:

Nahotki Karimov davridan qolgan bu ahmoqgarchilikka haliyam bahram berilmasa.

“Hamma fermerning rejadan orttirgan bug‘doyi qolib ketdi. MTPda 2-3ta kombayn qolgan, lekin shunga ham ruxsat bermayapti. Ichimiz achiydi, yerga non to‘kilyapti, elning rizqiku bu. Nahotki Karimov davridan qolgan bu ahmoqgarchilikka haliyam bahram berilmasa. Hokimlar faqat o‘zini o‘ylaydi, xalq bilan sariq chaqachalik ishi yo‘q”

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermer ham qariyb o‘n gektardagi bug‘doyi o‘rilmay isrof bo‘layotganini aytadi:

Qariyb yigirma nafar ishchilarim ko‘zi mo‘ltirab har kuni so‘raydi.

“Maydonning qoq o‘rtasida g‘allam qolgan. Uni o‘rib ham ololmayapmiz, somonini ham qilolmayapmiz. Bu yoqdan esa hokimlik ikkinchi ekinni tezroq ekinglar, deydi. Mosh ekib, kam ta’minlanganlarga bo‘lib bering degan edi. Bug‘doyni o‘rmay turib qanday qilib ikkinchi ekinni ekamiz. Qariyb yigirma nafar ishchilarim ko‘zi mo‘ltirab har kuni so‘raydi. Chunki bu ularning rizqi, ularning mehnati. Tuman prokurori sektor rahbarimiz bo‘ladi. U odam ham miq etmaydi, chunki ularning qorni to‘q”.

“Shamsi Nazarov MTP” rahbari Hakimali Rahmatov Ozodlikka kombaynlar boshqa tumanlarga olib ketilganini tasdiqladi va buning sababini ikki jumla gap bilan izohladi:

“Kattalar biladi!”

Paxtachi tumani hokimi Muzaffar Hamdamov Ozodlik bilan suhbatda bug‘doy rejasi bajarilganini faxr bilan gapirdi, ammo fermerlarning muammolari haqida gap ochilishi bilan aloqani uzib qo‘ydi. Hokim Ozodlikning boshqa qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

O‘zbekistonda fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyini o‘rib bermaslik, ba’zi hollarda rejadan ortganini ham davlat hisobiga o‘rib olish holatlari Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lib ishlagan yillarda ham, prezidentlik davrida ham kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG