Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorati Xonobod shahar inspeksiyasi binosini o‘z hisobidan kapital ta’mirdan chiqargan tadbirkor Doniyor Azimov 3 oydan buyon xizmat haqini ololmayotir.
Ozodlik bilan suhbatda tadbirkor davlatga tegishli bino ta’miri evaziga shahar hokimligi unga 16 sotix yer maydoni va’da qilgani, ammo ish bitgach, yer berilmayotganidan arz qildi.
Tadbirkor arziga javoban, shahar prokuraturasi hokim bilan kelishuv og‘zaki bo‘lib, hujjatlashtirilmaganini bildirgan. Shahar hokimi esa yer berish vakolati bekor bo‘lgani va endi yerni faqat auksion orqali sotib olishi mumkinligini aytmoqda.
Bu holda tadbirkor mehnat haqini pul ko‘rinishida olishi mumkinmi va umuman, nega davlatga tegishli bino tadbirkor hisobidan ta’mirlandi, degan savollarga rasmiy idoralardan hozircha javob olishning imkoni bo‘lmadi.
Andijon viloyatining Xonobod shahrida yashovchi 38 yashar yakka tartibdagi tadbirkor Doniyor Azimovning aytishicha, u otasining nomiga rasmiylashtirilgan va tayyor yegulik mahsulotlarini tayyorlash hamda sotish uchun berilgan guvohnoma asosida, shaharda yegulik sotish bilan shug‘ullanib keladi.
Azimovning Ozodlikka aytishicha, shu yilning yanvarida unga hokim Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorati Xonobod shahar inspeksiyasi binosini 16 sotix yer evaziga ta’mirlab berishni taklif qilgan.
Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish niyatida, shahar ichidan yer olishni rejalagan Azimov, taklifni qabul qilgani va oilaviy sarmoyasi hisobidan binoni kapital ta’mirdan chiqarib berganini atymoqda.
- Hokimning qabuliga kirganimda, shuni Navro‘z bayramigacha bitirib bersang, senga 16 sotix yerni ajratib beraman, deb aytdi. Smetaning ustiga qo‘l qo‘yib berdi. Bayramga bitsin, deb aytganiga ishni yanvardayoq boshladim, - deydi Doniyor Azimov.
Azimovning iddao qilishicha, ta’mirni boshlashidan oldin hokim bergan og‘zaki va’dadan tashqari, dastlabki sarf-xarajat aks etgan bir varaq qog‘ozga: "21 mart oyiga Navro‘zga ochilish bo‘ladi" deb dasxat yozib bergan:
Tadbirkor dastlabki rejaga binoan kapital ta’mir ishlari taqriban 74 yarim millionga so‘mga yaqin summaga baholangan:
- 25 martda topshirdim. Mana shundan beri 3 oy o‘tdi, yer berilgani yo‘q. Endi hokimiyatni aytishicha, hokimda menga yer berish vakolati yo‘q ekan, - dedi Doniyor Azimov.
Doniyor Azimov tahririyatga yo‘llagan hujjatlarda kapital ta’mir bitgach, binoning inspeksiya tomonidan qabul qilib olingani aks etgan va unga inpeksiya rahbari Alisher Siddiqov imzo chekkan:
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorati Xonobod shahar inspeksiyasi rahbari va Doniyor Azimov o‘rtasida imzolangan bu dalolatnoma shahar hokimi Musoxon Mamadaliyev tomonidan tasdiqlanishi lozim, ammo hanuz tasdiqlanmagan.
Tadbirkor ispeksiya binosining kapital ta’mirdan keyingi ko‘rinishi aks etgan suratlar va videoni ham Ozodlikka yo‘lladi:
Inspeksiya rahbari Alisher Siddiqovdan bu borada biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Inspeksiya ma’muriyati tomonidan rahbarga tegishli, deb taqdim qilingan qo‘l telefoni raqami kun davomida o‘chiq turdi.
Xonobod shahar hokimining Ozodlikka kelib tushgan hujjatda qayd etilgan telefon raqamiga ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Tadbirkor Andijon viloyat hokimiga ariza yozganidan so‘ng, Xonobod shahar prokuraturasi va hokimligi bergan yozma javoblarni Ozodlikka taqdim qildi.
Prokuratura bergan javobda, hokim va’dasi og‘zaki kelishuv asosida berilgani bois, yer berilmasligi aytilgan:
Hokim imzo chekkan javob xatida esa yer Majburiy ijro byurosi tasarrufida ochilgan E-Jjro auksion yagona elektron savdo maydonchasida o‘tkaziladigan auksion vositasidagina olinishi mumkinligi aytilgan. Shahar hokimi bu tartib 2018 yilda joriy etilishini bilgan holda, nega tadbirkorga yer va’da qilganiga - shahar hokimning o‘zi yoki idorasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
Davlat qo‘mitasiga tegishli bino nega bir oddiy usta hisobidan, shu oddiy ustaning o‘ziga kapital ta’mirdan chiqarildi, nega ish tegishli tartibda tasdiqlanmagan hujjatlar asosida boshlandiyu bino ta’miri qabul qilindi - Ozodlik bu savollarga Xonobod shahar hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorati Andijon viloyati boshqarmasi va Xonobod shahar inspeksiyasidan rasman javob ololmadi. Telefon go‘shagini ko‘targan qabulxona xodimlari tavsiya qilgan rasmiylar bilan gaplashishning imkoni bo‘lmadi.
Shahar hokimligiga qarashli idoralardan birida ishlaydigan bir mulozimning ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha, hozir shahar hokimi inspeksiyadan tadbirkorga mablag‘ o‘tkazib berishni talab qilmoqda.
Inspeksiya bu topshiriqni bajarish uchun tadbirkordan to‘liq rasmiylashtirilgan hujjatlar bilan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorati Andijon viloyat boshqarmasiga murojaat qilishni so‘ragan:
"Lekin Doniyor Azimov pulni perechisleniye (bank hisobiga o‘tkazib berish - tahr. ) orqali to‘lashimizga rozi bo‘lmayapti".
Buni tasdiqlagan tadbirkor Doniyor Azimov esa bu shakldagi to‘lov oylarga surilib ketishidan xavotir qilayotganini aytmoqda.
Bundan tashqari, u hokimiyatdan va’dasini bajarishni talab qilayotgani, aks holda o‘zini hokimiyat tomonidan aldangan, deb hisoblashini aytmoqda:
- Pul ko‘rinishida ham naqd berisholmas ekan, uni hisobimga o‘tkazib berisharkan, lekin bunaqada pulni olish muddati uzayib ketadida! Biz uch aka-uka bor pulimizni sarflab, qilgandik bu ishni. Bular meni aldab vaqtni cho‘zishyapti. 16 sotix yerni beraman, deb menga va’da qilgan paytidayoq hokimning yer berish vakolati bo‘lmagan ekan, endi bilsam. Nega menga bunaqa va’da berdi, nega endi bajarmayapti? Men 3 oydan beri juda sarson bo‘ldim, hozir qo‘lim ishga bormayapti. 3 nafar farzandim bor, juda og‘ir ahvolga tushib qolganman.