1 iyul kuni 23 yashar asakalik ayol Andijon viloyat, Asaka tuman Kujgan MFY Mo‘day mahallasida sodir bo‘lgan qotillikda gumonlanib¸ qamoqqa olindi.
21 iyun kuni 9 yashar qiz jasadi o‘z uyida qonga belangan holda topilgan va Bosh prokuratura u pichoq bilan urilgan 16 ta zarbadan o‘ldirilganini xabar qilgan edi.
Qotillikda ayblanayotgan 23 yashar ayolning qamalgani haqida Ozodlikka xabar bergan mahalliy huquq tizimi mulozimiga ko‘ra¸ o‘ldirilgan qiz bilan ayni mahallada yashagan yosh ayol 29 iyun kuni Andijonga so‘roqqa olib ketilgan. 30 iyun kuni¸ go‘yo yosh ayol o‘z aybiga iqror bo‘lgani ortidan¸ 1 iyul kuni sud hukmi bilan unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ozodlik bilan suhbatda gumonlanuvchining yaqinlari¸ 3 oylik chaqaloqning onasi bo‘lgan yosh ayol¸ qattiq bosim va qo‘rqitish orqali “iqror” haqidagi xatga qo‘l qo‘yib bergani va qotillikni yosh ona sodir qilganiga ishonmasligini bildirdi.
Mahalliy huquq tizimlari bilan bu voqea xususida bevosita suhbatlashgan asakalik bloger Otabek Nuriddinovning Ozodlikka aytishicha¸ tergovchilar “yosh ayolning qotillik qilgani isbotini topgani”nini iddao qilgan¸ ayni paytda tafsilotlarni ochiqlamagan.
Asaka tuman IIB va prokuraturasi mulozimlari Ozodlik savollariga “tergov siri” degan asosda javob berishni istamadi.
Gumonlanuvchi qo‘shni ayol bo‘lib chiqdi
21 iyun kuni Asaka tumanidagi Mo‘day mahallasida shafqatsizlarcha chavaqlab o‘ldirilgan 9 yashar qizning qotili ekanlikda gumonlanib qamoqqa olingan 23 yashar ayol¸ marhumaning mahalladoshidir.
(Ozodlikka o‘ldirilgan va gumonlanayotganlar shaxsi¸ aniq manzili ma’lum¸ ammo shaxsiy ma’lumot va aybsizlik prezumpsiyasi bois ularni ochiqlamayotir - tahr.)
Bu haqda Ozodlikka mahalliy huquq tizimi mulozimi xabar berdi.
“Viloyatdan kelgan tergovchilar¸ kriminalistlar Kujgandagi 1000 dan oshiq odamni so‘roq qildi¸ har-xil analizlar oldi. Qotillikdan uch kun o‘tib¸ qo‘shni erkaklardan biri olib ketilgan. U bilan so‘roq-savoldan keyin¸ xotinini olib ketishgan. Andijon SIZOsida ikki kun tergov qilinganidan keyin¸ ayol qotillikni bo‘yniga oldi deb¸ kecha qamab qo‘yishdi. Kecha uni voqea joyiga olib kelishdi. Hammasini aytib beribdi. Pichoqni ham topishibdi”¸ dedi tergov tafsilotlaridan bilvosita xabardor mahalliy mulozim.
Asakalik bloger Otabek Nuriddinov¸ ko‘pchilikni larzaga solgan bu qotillikda gumonlanayotgan yosh ayolning 1 iyul kuni qamoqqa olingani haqida birinchilardan bo‘lib xabar topganini aytdi.
Ozodlik bilan suhbatda ham marhuma¸ ham gumonlanayotgan ayol yaqinlari bilan gaplashganini aytgan mahalliy bloger¸ o‘zi o‘rgangan voqea tafsilotlarini shunday hikoya qildi.
“Jabrlanuvchi taraf suhbatda, qotillik sodir bo‘lgan kuni qotillikda ayblanayotgan ayol, qo‘shnisi - 9 yoshli qiz onasini, chaqalog‘iga qarab turishini so‘rab uyidan chaqirib chiqqan. Keyin qo‘ng‘iroq qilish uchun telefonini so‘ragan. Qo‘shnisi telefoni uyda qolganini aytgan. Qotillikda ayblanayotgan ayol chaqalog‘iga qarab turishini so‘rab, o‘zi qo‘shnisinikiga telefonga kirgan va go‘yo qotillikni sodir etgan. Marhumaning qarindoshi bir yilcha oldin bu uydan 4000$ pul yo‘qolgani va o‘shanda olingan barmoq izlari qotillikda ayblanayotgan ayol barmoq izlariga to‘g‘ri kelgani, 9 yoshlik qiz qarshilik ko‘rsatganida tirnoq oralaridan yumdalangan teri parchalari topilgani, qotillik quroli pichoq topilib, aybi isbotlangani xaqida gapirib berdi”.
Otabek Nuritdinov bu xabar ortidan Andijon viloyat IIB bilan bog‘lanib, holatga aniqlik kiritmoqchi bo‘lgani¸ tergovchilar o‘ziga “ayblanuvchi ayolning aybi isbotlangani va Bosh prokuratura bu haqda rasmiy bayonot berishini bildirganini” aytdi.
Gumonlanuvchi ayol yaqinlari “aybiga iqror bo‘lgani”ga shubha qilmoqda
Ozodlik 2 iyul kuni 9 yashar qo‘shni qizni kamida 16 marta pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanib qamoqqa olingan 23 yashar ayol yaqinlari bilan gaplashdi.
Oila a’zolari¸ uch oylik chaqalog‘idan ajratilib¸ ikki kun SIZOda advokatsiz so‘roq qilingan yosh onaning bosim va qo‘rquv ostida jinoyatga iqror bo‘lganini iddao qildi.
“Biz umuman ishonmaymiz bu ishni qilganiga. Bolamni ko‘rishga ruxsat bersin¸ deb nima desa shunga qo‘l qo‘yib bergan u. Qo‘shni bilan bir yaxshi munosabatda edi¸ o‘lgan qizchaning onasi buning chaqalog‘iga qarab turganda¸ chiqib shunday vahshiylik bilan o‘ldirib¸ go‘yo hammomga kirib yuvinib¸ pichoqniyam o‘sha joyga bekitib kelganmish. Keyin yana hech narsa ko‘rmagandek¸ o‘tirganmish. Shu aqlga to‘g‘ri keladimi? Unga dori berishgan¸ qo‘rqitishgan¸ balki urib¸ qiynashgandir. Toshkentdan gruppa kelib¸ 10 kun ichida topsang ham topasan¸topmasang ham topasan¸ deganiga¸ bu sho‘rlikni ushlab¸ aybdor qilishdi”.
Gumonlanuvchi yaqinlariga ko‘ra¸ Andijon tergov izolyatoridagi so‘roqqa advokat qo‘yilmagan¸ 1 iyul kuni ham 7 soat uchrashuvni kutgan advokatga mijozi bilan ko‘rishishga ruxsat berilmagan.
"Kecha Asaka prokuraturasiga olib kelishdi. Ayasi mashinadan tushirishganda uzoqdan otini aytib¸ rosa baqirdi. Umuman reaksiya qilmadi¸ unga dori berishganga o‘xshayapti"¸ dedi gumonlanuvchi yaqinlaridan biri.
Gumonlanuvchi yaqinlari¸ qotillikni yosh ayol sodir qilmaganining asosiy tasdig‘i sifatida marhumaning zo‘rlanganini keltirmoqda.
“Sudmedekspertiza qizchaning o‘ldirilishdan oldin zo‘rlanganini tasdiqlagan. Buni tergovchilarning o‘zi aytib¸ yon-atrofdagi erkaklardan DNK analizi uchun sperma ham olishgan. Qanday qilib yosh ayol qizni zo‘rlab¸ unda sperma qoldiradi¸ desak¸ qizcha o‘limidan bir kun oldin zo‘rlangan¸ deyishyapti. Bir kun oldin 9 yashar qiz zo‘rlansa¸ bundan uyidagilar xabar topmasligi mumkinmi? Qiz qo‘rqib aytmagan taqdirdayam¸ uning yurishi-turishidan onasi bilmasligi mumkinmi? Unda qizni kim¸ nimaga zo‘rlagan¸ qani u odam? Biz portalga chiqamiz¸ Bosh prokuraturaga boramiz¸ qabrni ochib¸ boshqatdan ekspertiza qilishsin".
Ozodlik Asakadagi qotillik bo‘yicha borayotgan tergov¸ xususan¸ qotillikda gumonlanib 23 yashar yosh onaning qamoqqa olingani haqidagi tafsilotlarni o‘rganish uchun Asaka IIB va prokuraturasiga bog‘landi.
Telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bergan mulozimlar¸ “tergov siri” bois ma’lumot berilmasligi¸ bu haqdagi tafsilotlarni Bosh prokuratura jamoatchilikka ma’lum qilishini bildirdi.
Hozircha Bosh prokuratura bu qotillik yuzasidan borayotgan tergov jarayoni haqida yangi ma’lumotni ochiqlamadi.