Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:18

Samarqandda aliment to‘lamagani uchun ushlangan 34 yashar erkak IIB hibsxonasida o‘ldi


Samarqand viloyat, Qo‘shrabot tuman, Qo‘rg‘on MFY hududidagi Navbahor qishlog‘ida yashagan 34 yashar Orif Nazarov tuman ichki ishlar bo‘limida vafot etdi.

5 iyul kuni jasadi oilasiga topshirilgan Nazarovning ota-onasi uning IIBdagi kaltaklanishdan o‘lganini aytmoqda.

Ozodlik gaplashgan Samarqand viloyat IIB mulozimi esa¸ aliment to‘lamagani uchun qidiruvga berilgan Nazarovning “yurak xuruji”dan o‘lganini iddao qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlik so‘rovidan bir necha soat o‘tib mahalliy matbuotga bergan bayonotga ko‘ra¸ mahbus 4 iyul kuni tuman hibsxonasida "tutqanoq"dan o‘lgan.

O‘zbekiston ichki ishlar tizimida qo‘lga olingan va so‘roq qilinganlarga nisbatan jismoniy bosim ko‘rsatish¸ xususan¸ qiynoq qo‘llanilishining jiddiy muammo ekanini o‘tgan oy oxirida prezident Mirziyoyev ham tan olgan va bu jarayonni to‘xtatishga qaratilgan hujjat va qarorlar chiqargan.

Shunga qaramay¸ IIB hibsxonasida qiynoqlar qo‘llanilayotgani¸ xususan¸ ularning mahbus o‘limi bilan tugayotgani holatlari¸ rasmiylarning o‘z e’tiroficha¸ ko‘payishda davom etmoqda.

"O‘g‘limizni IIBda urib o‘ldirishdi"

8 iyul kuni Ozodlikka Orif Nazarovning o‘limi haqida xabar yuborgan yaqinlari¸ bu fojianing qachon va qanday sodir bo‘lgani haqida hozirgacha o‘zlariga hech kim aniq rasmiy ma’lumot bermaganini bildirdi:

-5 iyul¸ yakshanba kuni uchastkovoy meni Qo‘shrabot IIBsiga chaqiryapti. Borsam¸ 2-etajdagi bittasi¸ o‘zini tanishtirmay turib¸ akam haqida so‘roq-javob qildi. Juda qo‘pol ohangda¸ xuddi jinoyatchi bilan gaplashgandek gaplashdi. Nima gap desam¸ akangni aliment to‘lamagani uchun ushlashganda¸ tili orqaga tortib o‘lib qoldi deydi. Qachon¸ qayerda¸ qanday o‘ldi¸ boshqa biror ma’lumot berishmadi.

Marhumning ukasi Ma’ruf Nazarov bu xabardan ota-onasi butunlay shokka tushgani¸ ular nima bo‘lganini anglamay turib¸ o‘likni ko‘mishga majbur bo‘lishganini aytarkan, bunday dedi:

-Akamning ikki oilasi ham o‘xshamagan. Ikkalasidan uchta bolasi bor. Ishsiz edi¸ ba’zida mening yonimda savdoga yordam berib yurardi¸ asosan¸ Samarqand shahriga borib¸ mardikorchilik qilardi. Bir oycha oldin yana Samarqandga ketgandi. Uni shaharda¸ mardikor bozorda ushlab¸ Qo‘shrabotga olib kelishgan. Uchastkovoyning gapiga qaraganda¸ u Qo‘shrabotga kelganda tirik bo‘lgan. Qachon olib kelishgan¸ qachon¸ aynan qayerda o‘lgan¸ hech narsani bilmaymiz. O‘lgandan keyin ekspertizaga yana Samarqandga olib ketishgan¸ bizga xulosasini berishmadi. O‘likni 5 iyulda qo‘limizga tutqazishdi¸ o‘sha kuniyoq ko‘mdik.

Ozodlikka yuborilgan videomurojaatda marhumning yaqinlari IIBdan o‘ligi chiqqan 34 yashar Orif Nazarovning o‘z ajali bilan o‘lganiga ishonmasliklarini aytadi. Xususan¸Orif Nazarovning soppa-sog‘ bo‘lganini ta’kidlagan otasi Qo‘shrabot tuman IIBsini o‘g‘lini "urib o‘ldirganlik"da aybladi.

ИИБда ўлган Ориф Назаровнинг отаси ўлим юзасидан адолатли текширув ўтказилишини сўрамоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:37 0:00

IIB nima deydi?

Ozodlik 8 iyul kuni Orif Nazarov o‘limi tafsilotlariga oydinlik kiritish maqsadida o‘lim tafsilotlariga bevosita aloqador mahalla uchastka noziri Hasan Ashurov bilan bog‘landi. Savolni eshitishi bilan mobil telefonini o‘chirib qo‘ygan nozir¸ keyingi qo‘ng‘iroqlarga umuman javob bermadi.

Samarqand IIBning Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan gaplashgan mulozimi Orif Nazarovning aliment to‘lamagani uchun qidiruvga berilgani ortidan ushlangani va IIB hibsxonasida o‘lganini tasdiqladi.

Birinchidan¸ u qidiruvdagi shaxs bo‘lgan. O‘lim sababi yurak xuruji, shu vaqtning o‘zida “Tez yordam” chaqirilib¸ muolajalarga qaramay vafot etgan. Yuragida muammo bor ekan aslida. Har bir vafot etgan shaxs ekpertizadan o‘tkaziladi. Agarda xodimlarning aybi bo‘lganida¸ prokuratura zudlik bilan jinoyat ishi ochar edi. Jinoyat ishi ochilgani yo‘q”¸ dedi Samarqand IIBsining voqea tafsilotidan bevosita xabardor mulozimi.

U mahbusning IIBdagi kaltak oqibatida o‘lgani haqida oilasi bildirgan iddaoni rad qilishga urindi:

Xavotir olmang¸ bu Andijondagi holatga o‘xshash emas (Andijon IIBsida 30 may kuni mahbusning qiynoqlardan o‘lgani nazari tutilmoqda -tahr.) Samarqand IIBsida qiynoq qo‘llaydigan xodimlar yo‘q”.

IIB mulozimi Orif Nazarov o‘limi yuzasidan Qo‘shrabot tuman prokuraturasi tergovgacha surishtiruv o‘tkazayotgani¸ boshqa ma’lumotlar¸ xususan¸ o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasini ham prokuraturadan so‘rashni tavsiya qildi.

Prokuratura bayonoti

Ozodlik 8 iyul kunning birinchi yarmida Bosh prokuratura matbuot xizmatiga Qo‘shrabot tuman IIBsida so‘roq paytida sodir bo‘lgan o‘lim holati bo‘yicha ma’lumot so‘rab murojaat qildi.

Kunning ikkinchi yarmida mahalliy nashrlarda paydo bo‘lgan Bosh prokuratura bayonotida¸ Orif Nazarovning hibsxonada tutqanoqdan o‘lgani aytildi.

Bayonotga ko‘ra¸ Nazarov voyaga yetmagan farzandlariga aliment to‘lamaganlik uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudi ajrimi bilan 2020 yil 13 may kuni qidiruvga berilgan.

Prokuratura bayonotida yozilishicha¸ Nazarov 2020 yil 2 iyulda ushlanib, Qo‘shrabot tuman IIBning vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan va 4 iyulda soat 21:00 lar atrofida to‘satdan vafot etgan.

"Marhum O.N. 4 iyul kuni soat 10:00 larda ko‘zlariga turli narsalar — ilon, chayonlar ko‘rinayotganini aytib, hibsxona xodimiga shikoyat qilgan. Shundan so‘ng tuman tibbiyot birlashmasi psixiatr-narkologi U.Abduvohidov hibsxonaga chaqirilgan. U bemorga surunkali alkogolizm, abstinek sindromi tashxisini qo‘yib, 2 mahal «Galopril» tabletkasini berishni tavsiya qilgan.

O.N. hibsda saqlanayotgan hujra kuzatuv kameralari videoyozuvlari ko‘zdan kechirilganida ham bemorda talvasa kuzatilgani ma’lum bo‘lgan. O.N.ning yaqin qarindoshlari ham unda oldindan tutqanoq kasalligi bo‘lgani, u avval tez-tez bu kabi talvasa holatlarida bo‘lganini bildirgan. Murda mutaxassis ishtirokida tekshirilganida ham tananing tashqi tarafida tan jarohatlari aniqlanmagan"¸ deyiladi Bosh prokuratura baënotida.

Bosh prokuratura bayonotidan so‘ng Ozodlik qayta bog‘langan marhum yaqinlari¸ Orif Nazarovda tutqanoq kasali bo‘lgani haqidagi ma’lumotni inkor qildi.

"Biz bunaqa gapni aytmaganmiz"¸ dedi marhumning ukasi.

Mahbusning urib o‘ldirilgani haqidagi taxminlar qanchalik asosli?

Orif Nazarov oilasi marhumning dafn qilinishdan oldin olingan videosini Ozodlikka taqdim qildi. Bu videoda marhum tanasida bo‘ynidan to qorin pastki qismigacha qilingan vertikal tikish borligi¸ o‘ng qulog‘i orqasiga ham shunday tikish tushgani va undan qon sizib chiqayotgani ko‘riladi.

Videodagi marhum tanasida biror qiynoq izlari yoki shubhali jihatlari bor-yo‘qligi borasida fikr bildirishni so‘rab Ozodlik O‘zbekiston huquq tizimi mutaxassislaridan biriga murojaat qildi.

Videoni ko‘rgan mutaxassis¸ marhum tanasidagi tikishlar uning tibbiy ekspertiza uchun yorib ko‘rilgani belgisi ekanini bildirdi.

Marhumning urib o‘ldirgan-o‘ldirilmaganini tasdiqlash uchun¸ o‘lim sababini aniqlash kerak. Bu sababni ekspert o‘z xulosasida o‘likni yorgandan keyin yozadi. Muammo¸ ana shu xulosaning qanchalik obyektivligi bilan bog‘liq. Ular ko‘pincha IIB va prokuratura nimani yoz desa¸ shuni yozib beradi. Bu o‘likni yorib bo‘lib¸ o‘lim sababi o‘z-o‘zidan yiqilish natijasida olgan jarohat¸ yoki yurak xuruji deb yozib berish ehtimoli juda katta. Aslida¸ so‘roq paytida orqa bo‘yin tepasiga - gardaniga (zatilok)ga qattiq urilsa, boshiga qon quyilib o‘ladi. Lekin boshiga urib o‘ldirishgan bo‘lsa ham, “yuragi ushlab qolib¸ boshi bilan yiqilgan” deb soxta xulosa yozilish holatlari juda ko‘p. Sudmedekspertiza bunday xulosa berganidan so‘ng¸ o‘lim bo‘yicha hech qanday jinoyat ishi ochilmaydi¸ hammasi bosti-bosti bo‘lib ketadi”.

IIV tizimidagi qiynoqlar

Joriy yil 30 may kuni 32 yashar A.Abdukarimov Andijon shahar IIBsida qo‘llanilgan qiynoqlar oqibatida vafot etganidan so‘ng¸ ichki ishlar tizimidagi zo‘ravonliklar muammosi yana bir bor jamoatchilik muhokamasi markaziga tushdi. Bu o‘lim ortidan Andijon shahar IIBsining uch nafar xodimi mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, qonunga xilof ravishda hibsga olish, gumonlanuvchini qiynoqqa solish hamda shafqatsiz muomala qilishda ayblanib, qamoqqa olindi.

Bu voqea arafasida 29 may kuni Bosh prokuraturada prezident Mirziyoyevning «Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tgan edi.

Unda O‘zbekiston tergov va jazoni o‘tash muassasalarida qiynoqlarning ko‘payib borayotgani e’tirof etilgan¸ xususan¸ Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova 2017 yilda 7 ta, 2018 yilda 10 ta, 2019 yilda esa 16 ta qiynoqqa solish jinoyati qayd qilingani aytilgan edi.

Mahalliy matbuot Svetlana Ortiqovadan keltirgan iqtibosda “so‘nggi uch yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilinganligi yuzasidan 757 ta (2019-208, 2018-352, 2017-197) ariza va xabarlar kelib tushgan”i¸ ularning 33 tasi (2019-16, 2018-10, 2017-7), ya’ni 4,4 foizi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Ozodlik gaplashgan IIV tizimi mulozimi¸ bunday e’tirof va qarorlarga qaramay¸ qiynash¸ qo‘rqitish va boshqa jismoniy tazyiq holatlarining kamaymaganini aytadi.

Qarorlar chiqariladi¸ ko‘rsatmalar yuborilaveriladi, lekin unga hech kim amal qilmaydi. Sababi¸ hozir O‘zbekistonda jinoyatni fosh etadigan mutaxassislar qolmagan. Qolganlarining ko‘pchiligi¸ urishdan boshqasini bilmaydi. Oldinlari IIV akademiyada 4 yil bakalavr va 2 yil magistraturada o‘qitishardi va ularga tergov, surishtiruv va jinoyat qidiruv yo‘nalishi bo‘yicha dars berilardi. Mirziyoyev kelib o‘qishni 3 yil qilib, srazu magistr beradigan qilib qo‘ydi. 3 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri magistr qilish umuman Bazel prinsipiga to‘g‘ri kelmaydi. Prezidentning bu qarorini bekor qilib¸ IIV xodimlarini xalqaro standartlarga mos prinsipda o‘qitishga o‘tish kerak”¸ deydi ichki ishlar tizimi o‘rta bo‘g‘in zobitlaridan biri.

XS
SM
MD
LG