O‘zbekiston dorixonalarida bir haftadirki, koronavirusga qarshi dorilar taqchilligi kuzatilayotgani to‘g‘risida xabarlar kela boshladi.
Ozodlik bog‘langan dorixonalarda virusga qarshi asosiy dorilar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Mavjud ayrim dorilar esa, epidemiyagacha bo‘lgan narxdan 3-4 barobar qimmatga sotilmoqda.
Prezident Mirziyoyev ham dori yetishmovchiligi muammosi mavjudligini tan olib, dori vositalarining uch oylik zaxirasini yaratishga topshiriq berdi.
Ozodlik muxbiri 15 iyul kuni Toshkentning turli xududlarida joylashgan o‘ndan ziyod dorixonaga mijoz sifatida qo‘ng‘iroq qilib, virusga qarshi dorilarni so‘radi:
- Arbidol bormi?
- Yo‘q.
- Ergoferon bormi?
- Yo‘q, qolmagan.
- Lopinavir bormi?
- Yo‘q, tugadi.
- Avigan bormi?
- Yo‘q.
- Gidroksixloroxin?
- U ham yo‘q.
Covid-19 aniqlangan bemorlarni davolashda ishlatilayotgan ushbu dorilar qo‘ng‘iroq qilingan o‘ndan ziyod dorixonaning birortasida ham yo‘q.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirusdan uyda davolanish uchun tavsiya qilgan Azitromitsin, Plakvenil, Remdesivir, Umifenovir, Favipiravir dorilari ham Toshkent dorixonalarida yetishmayapti.
Shamollashga qarshi qo‘llaniladigan Paratsetamol ham Ozodlik bog‘langan Toshkent dorixonalarida yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Aspirin dorisining ham poytaxt dorixonalarida taqchilligi kuzatilmoqda.
Dorixona xodimlari ushbu dorilar yetishmovchiligi keyingi bir hafta ichida kuzatilayotgani va qachon taqchillikka barham berilishidan bexabarligini aytishdi.
Dorilar taqchilligi nafaqat Toshkentda balki butun mamlakat bo‘ylab kuzatilmoqda.
Ozodlik muxbiri Samarqand, Guliston, Termiz shaharlaridagi bir nechta dorixonalar bilan bog‘lanib, ularda ham tilga olingan dorilar taqchilligini aniqladi.
Xabar.uz nashri “bugungi kunda virusga qarshi samarali vosita hisoblangan Ergoferon dorisi Buxoro viloyati hududlaridagi dorixonalarining birortasida qolmagani” haqida yozdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham virusga qarshi dorilar yetishmovchiligi keskin tanqid qilinmoqda.
Jumladan, Feysbuk tarmog‘idagi postlardan birida Arbidol va Ergoferon dorilarining taqchilligi va qimmatligidan shikoyat qilingan.
Postdagi izohlardan ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning fevral oyida 30-35 ming so‘m atrofida sotilgan Arbidol bugungi kunda 502 ming so‘mdan sotuvga qo‘yilgan.
Ozodlik bu haqda Internet orqali berilgan e’londagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmadi.
Dori taqchilligi masalasini prezident Shavkat Mirziyoyev ham 14 iyul kungi videoselektor yig‘ilishida tilga olib, dori vositalarining uch oylik zaxirasini yaratishga topshiriq berdi.
«Dori vositalari qimmatlashsa, odamlarimizning noroziligiga olib keladi. Ana shuni qattiq nazoratga olish kerak. Yana bir marta aytaman: zaxiramizda hammasi bor, nima yo‘q bo‘lsa — olib kelamiz. Shu bilan birga, joylarga yetkazib berish borasida qiyinchiliklar yuzaga chiqmoqda. Har bir hududda narxlar farq qiladi. Shuning uchun zaxira tayyorlash va narxlarga e’tibor qaratish kerak», dedi Mirziyoyev.
Ozodlik O‘zbekistondagi dori-darmon ishlab chiqarilishi uchun mas’ul hisoblangan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga bog‘landi.
Agentlik matbuot kotibi Qizlarxon Xo‘jayeva dori taqchilligi bilan bog‘liq vaziyatga oid 16 iyul kuni maxsus brifing o‘tkazish rejalangani va aholini qiziqtirgan savollarga shu brifingda javob berilishini bildirdi.