16 iyul kuni Toshkent shahar Sergeli tumanining Yangi Choshtepa mahallasida quruvchilar o‘rtasida kelib chiqqan ommaviy mushtlashuvda ayblanib, 9 kishi hibsga olindi.
IIBdan olingan ma’lumotga ko‘ra, hibsga olinganlar sudi 20 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Qurilish asboblari yetishmovchiligi ustida kelib chiqqani aytilayotgan janjal payti 7 kishi jarohatlangan.
Janjal chiqargan quruvchilar White City Construction shirkati olib borayotgan qurilishda ishlashi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu shirkat Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani aytiladi.
Quruvchilar ommaviy mushtlashuvi
Quruvchilar mushtlashuvining bir qismi aks etgan videoda qurilish maydonida o‘nlab yigitning yugurib yurgani, bir yigitni bir nechta odam yerga yotqizib, tepkilayotgani, yigitlarning bir-birini tepayotgani ko‘rinadi. Shuningdek, janjal payti yigitlarning bir-birini toshbo‘ron qilgani ham tasvirda aks etgan.
Videoni Ozodlikka yo‘llagan quruvchi yigitning aytishicha, janjal qurilish asboblari yetishmovchiligi sabab kelib chiqqan:
“16 iyul kuni kechki soat 7lar edi. Ikki ishchi shpaklyovka qiladigan shpatel yetishmasligidan tortishib qoldi. Keyin ularning sheriklari janjalga aralashdi. So‘ng ploshchadkaga chiqishdi. Shu bilan janjal mushtlashuvga aylanib ketdi”.
Xavfsizligini o‘ylab, ismi ochiqlanmasligini so‘ragan quruvchi yigitga ko‘ra, janjal payti 7 ishchi jarohatlangan:
“Hech kim kasalxonaga yotmadi, lekin 7 quruvchi turli xilda jarohat oldi. Kimnidir burni qonagan, kimnidir ko‘zi ko‘kargan. Kimnidir biror joyi shilinib ketgan”.
Quruvchi yigit janjalga sababchi bo‘lgan yigitlarni IIB bo‘limiga olib ketishganini aytdi:
“IIB kelib, hammani dopros qildi. Janjal boshlanishiga sababchi bo‘lganlar va videoga tushib qolganlarni olib ketishdi. Jami 9 yigit. Ularni 2 kundan beri qo‘yib yuborishmadi”.
Quruvchi yigitga ko‘ra, qurilish asboblari yetishmovchiligi doimiy kuzatiladi:
"Hozir qurilishda taxminan 300 ishchi bor. Qurilish materiallari yoki jihozlari yetishmovchiligi har doim bor. Endi ishchilarning ham asabi charchaganda. Yotoq sharoiti yaxshi emas. Dushlarda issiq suv muammo. Yeb -ichish ham maqtaydigan ahvolda emas".
Rasmiy izoh
Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi mushtlashuv payti hech kimga jarohat yetmagani haqida ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 16 iyul kuni soat 19.09 da Sergeli tuman IIBsiga janjal haqidagi xabar kelib tushgan.
“Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aniqlanishicha, janjal 28 yoshli qashqadaryolik O‘lmasbek M. va andijonlik 30 yoshli Mansurbek K.lar o‘rtasida, qurilish asboblari sababli yuzaga kelgan. Janjalga boshqa ishchilar ham qo‘shilganlar”.
18 iyul kuni kechqurin IIB xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, janjalga sababchi bo‘lgan 9 yigitga qarshi ma’muriy ish ochilib, ish sudga oshirilgan. Sud 20 iyulь kuni o‘tishi aytildi.
Ortiqxo‘jayevga tegishli shirkat boshlagan qurilish
Janjal kelib chiqqan qurilish joyi - Yangi Choshtepa mahallasida maxsus loyiha asosida qurilayotgan qo‘p qavatli uylardir.
Loyihaga ko‘ra, 2018 yil avgustida boshlangan qurilish natijasida Yangi Choshtepada 7 qavatli uylardan 66tasi quriladi.
Ikki yil ichida uylarning asosiy qismi qurib, bitkazilgan. Hozirda taxminan 20ta uyda qurilish ketyapti. Dastlabki uylar foydalanishga topshirilgan marosimda prezident Mirziyoyev ham ishtirok etgandi.
Toshkent shahar hokimiyati buyurtmasi bilan boshlangan qurilish White City Construction shirkati tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ushbu shirkat Gazeta.uz surishtiruviga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqadordir.