Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:32

Toshkentda koronavirusga qarshi kurashayotgan "Tez yordam"chilar hukumatdan noroziligini bildirdi


Shifokorlarga ko‘ra, hukumat bergan va’dalar bajarilmayapti.
Shifokorlarga ko‘ra, hukumat bergan va’dalar bajarilmayapti.

Toshkentdagi Tez tibbiy yordam markazining maxsus brigadasi shifokorlari 19 iyulda tarmoqlarda ochiq xat e’lon qilib, unda Covid-19 ga qarshi kurashayotgan tibbiyotchilarga nisbatan nohaqlik bo‘layotganidan norozilik bildirildi.

Shifokorlarga ko‘ra, ularga bo‘layotgan e’tiborsizlik oqibatida koronavirusga chalinayotgan xodimlar soni oshib bormoqda.

Ochiq xatda yozilishicha, 4 oy davomida prezident va’da qilgan rag‘batlantirish pullarini ular biror marta olmagan.

Xat mualliflarining Ozodlikka aytishicha, ish payti virusni yuqtirgan tibbiyot xodimlariga va’da qilingan tovon pullari ham berilmayapti.

Prezident Mirziyoyev ham shifokorlar bilan bog‘liq ushbu muammolarni tan olib, rag‘batlantirish pullari vaqtida berilishiga yana bir bor va’da berdi.

Toshkentdagi Tez tibbiy yordam markazining 10-maxsus brigadasi xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ochiq xatda shifokorlar o‘zlariga nisbatan bo‘layotgan nohaqliklarga norozilik bildirib, jumladan bunday degan:

“Ishlayotganimizga 4 oy bo‘lyapti. Ammo, rag‘batlantirish puli qolib, gohida maoshimiz ham kechiktirib berilgan holatlar bo‘ldi. Shuningdek, har 14 kunda biz — shifokorlar koronavirusga test topshirishimiz kerak edi. 4 oy davomida esa bizdan atigi bir marta test olishdi. Ehtimol epidemiyani yuqtirib, uni tik oyoqda o‘tkazib yuborgandirmiz, organizmimizda unga qarshi immunitet ham shakllanib bo‘lgandir, bu yog‘ini bilmadik. Axir biz ham insonmiz, oilamizning bag‘riga borishimiz bor, qachongacha o‘zimizdan qo‘rqib, xavfsirab, gumonda yashashimiz kerak?”.

Ozodlikka ham nusxasi yuborilgan maktub tagiga "Toshkent shahar Tez tibbiy yordam markazi xodimlari nomidan", deyilgan, biroq shifokorlar imzosi qo‘yilmagan.

28 yashar Baxtiyor ham “tez yordam"chilarning 10-maxsus brigadasida 4 oy davomida koronavirusga qarshi kurashuvchilar safida bo‘ldi.

5 kun avval o‘zi virusga chalingan Baxtiyor ham hamkasblari tarmoqlarda e’lon qilgan ochiq xatni qo‘llashini aytadi.

- 4 oy ichida navbatchilikka tushgan kunlarimiz hisoblansa, bizga prezident 14 kunlik ish uchun va’da qilgan rag‘batlantirishdan 3 marta olishim kerak edi. Keyin maxsus qaror bilan koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar oyligiga har oy 6 foizlik qo‘shimcha qo‘shilishi lozim edi. Bu pulni ham faqat ikki oygina oldik. Keyin ish payti koronavirus yuqtirgan shifokorlar uchun 100 million so‘mlik kompensatsiya ham va’da qilingandi. Men bir tiyin ham olmadim.

Baxtiyorning hisob-kitobicha, unga 4 oy davomida hukumat va’da qilgan jami 177 million 200 ming so‘mlik pul berilmagan:

  • ish payti virus yuqtirgani uchun 100 million so‘mlik tovon puli;
  • 4 oy davomidagi 75 million so‘mlik rag‘batlantirish puli;
  • oylikka qo‘shimcha 6 foiz - 2 million 200 ming so‘m (2 oy uchun);

Ayni paytda Baxtiyor nafaqat o‘zi balki oilasi sog‘ligidan ham xavotirda:

- O‘zim 8 iyulda test topshirib, 14 iyul kuni urush-janjal qilib, test javobini toptirdim. Test musbat chiqdi, 15 iyul kuni kasalxonaga yotqizishdi. Oilamni ham tanish-bilish qilib, zo‘rg‘a test qildirdim. 6 kun bo‘ldi, test javobi chiqqani yo‘q. Ikki yashar qizim va xotinimning mazzasi yo‘q, uyda yotibdi.

Baxtiyorning aytishicha, keyingi ikki oy ichida u va hamkasblari hukumat va’da qilgan pulni olish uchun turli tashkilotlarga murojaat qilgan, biroq natija bo‘lmagan:

- Prokuraturaga, Ombudsmanga, portalga yozdik. Turli gazetalarga murojaat qildik. Hech qanday natija bo‘lmadi. Avval portalga yozilgan shikoyatlar tekshirilardi. Hozir esa umuman e’tibor ham qilishmaydi. Biz o‘z haqqimizni so‘rayapmiz. O‘z jonimizni riskka qo‘yib, 4 oy ishladik. Keyin shifokorlarni himoyalashni ham yo‘lga qo‘yish kerak. Ulardan tez-tez test olish kerak. Aks holda shifokorlarning o‘zi tarqatuvchi bo‘lib qolishi mumkin. Bir kunda nechta bemor bilan uchrashamiz, ularga yuqtirish xavfimiz kattaku, agar o‘zimizda virus bo‘lsa.

Baxtiyor Ozodlik bilan suhbat davomida “tez yordam” mashinalarining vaqtida yetib bormayotgani sababi va aholi orasida koronavirusga oid tarqalgan vahimalarda asos borligini ham aytdi. Bu haqda u bilan suhbatda tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:31 0:00
Бевосита линк

Ozodlik muxbiri Toshkentdagi Tez tibbiy yordam markaziga bog‘lanib, 10-maxsus brigada xodimlari shikoyati borasida so‘radi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan markaz mulozimi bu muammoni yechishni so‘rab, Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilishgani, biroq natija bo‘lmaganini aytdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan bu borada biror izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Keyingi kunlarda Ozodlikka shifokorlar tomonidan bo‘layotgan norozilik shikoyatlari soni ko‘payotgani kuzatilmoqda.

Jumladan, poytaxtning Yunusobod tumanidagi kasalxonalardan birining xodimlari tomonidan Ozodlikka bo‘lgan murojaatda ham yuqorida Baxtiyor tilga olgan muammolar aytilgan.

“Biz jonimizni xavfga qo‘yib ishlashni istamayapmiz. Koronavirus boshlanganidan beri oylikdan boshqa narsa berishmadi. Na rag‘batlantirish va na oylikka qo‘shimcha 6 foizlik qo‘shimcha. Ko‘pchilik turli bahona bilan uyida o‘tiribdi. Ayniqsa, hamkasblarimiz orasidagi yosh qizlarni ota-onalari ishlashiga ruxsat bermayapti. Ishdagi shifokorlar bir necha odamning nagruzkasini olib ishlayapti. Lekin oylik o‘sha-o‘sha. Tibbiyot xodimlarining asabi charchadi. Bu ketishda uzoqqa borilmaydi”, dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan shifokor yigit.

So‘nggi paytda tarmoqlarda ham o‘zbek shifokorlarining noroziliklari oshib borayotganini ko‘rish mumkin.

O‘zini tibbiyot xodimi deb tanishtirgan ayol Feysbuk tarmog‘i orqali jonli chiqishlar qilib, tibbiyot sohasidagi kamchiliklarni ochiqcha gapirdi:

Ayni paytda prezident Mirziyoyev tibbiyot sohasida yuzaga kelgan muammolar, jumladan, soha xodimlari bilan bog‘liq vaziyat achinarli ekanini tan oldi.

15 iyul kuni o‘tgan yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.

19 iyul kuni prezident Mirziyoyev koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlayotgan har bir maxsus shifoxonada alohida tijorat bankining kassalari tashkil qilinib, shifokorlarning 14 kunlik ish xaqini joyida olish tizimi joriy etilishiga va’da berdi.

20 iyul kuni esa "tez yordam" xodimlarini rag‘batlantirishga oid maxsus qaror qabul qilinib, oylikka qo‘shimcha 6 foiz o‘rniga 2,5 million so‘mdan rag‘batlantirish belgilandi.

Endilikda normativga qo‘shimcha ravishda kechayu-kunduz navbatchilik qiladigan 1 nafar tibbiyot xodimi va 1 nafar haydovchidan iborat mobil tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi.

XS
SM
MD
LG