Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:31

Koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan pullar SEOAda o‘marilgani o‘rganilmoqda


O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida (SEOA) koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan pullar bo‘yicha tekshiruv boshlandi.

Ayni paytda SEOAning barcha viloyatlardagi markazlarida ham xuddi shunday tekshiruv ketmoqda.

Bosh prokuratura 5 ta viloyatdagi tekshiruvlar natijasini e’lon qildi: 1 milliard 753 million so‘m talon-toroj qilingan, o‘ndan ziyod kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

SEOAda tekshiruv

SEOAdagi moliyaviy ishlardan xabardor agentlik xodimining Ozodlikka aytishicha, kuni kecha agentlikda rag‘batlantirish pullari bilan bog‘liq holatlarni tekshirish boshlangan:

“25 million so‘mlik rag‘batlantirish pullarini olganlarni tekshirishmoqda. Masalan, agentlikning bir xodimi 6 marta 25 million so‘m olgan. Keyin virusga musbat chiqib, kasalxonaga yotgan. Endi kasal bo‘lgani uchun ish payti yuqtirganlarga ajratilgan 100 million so‘mni olishi kerak. IIV operlari hozir uning hujjatlarini tekshiryapti, ataylabdan yuqtirgan bo‘lishi mumkin ekan, 100 million so‘mni olish uchun. Rag‘batlantirish pullari olgan boshqalar ham tekshirilmoqda. Yana Bosh prokuratura va Hisob palatasi ham Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan ajratilgan pullar bo‘yicha moliyaviy taftish boshlayapti”.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Moliya vazirligi qoshidagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan pandemiya boshlanganidan 17 iyulgacha SEOAga jami 907 milliiard so‘m mablag‘ ajratilgan.

SEOAda hozirda bo‘layotgan tekshiruvlardan xabardor manba iddaosiga ko‘ra, agentlik rahbariyati tomonidan koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirish holatlari aniqlangan:

“Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi ajratgan puldan agentlik rahbarlaridan biri o‘g‘lining firmasiga 11,5 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgani aniqlangan. Rahbariyat boshqa firmalarga o‘tkazilgan pullardan ham 10 foiz otkat olib turgan”.

SEOAdagi moliyaviy ishlardan xabardor agentlik xodimi iddaosicha, koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish mart oyidayoq boshlangan:

“Aslida koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirish martdayoq boshlangan. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi pullari uchun agentlik va Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘ldi. Boshida agentlikning avvalgi rahbari Almatovning o‘zi pullarni boshqarib turdi. Keyin vazirlik ikkita tibbiyot institutining rahbarini qorovul qilib qo‘ydi. Orada janjal chiqdi va aprelda Almatov ishdan ketdi. Almatov ketgach ham pullarni o‘zlashtirish davom etdi”.

Moliya vazirligi mulozimi vazirlikka qarashli Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan SEOAga berilgan mablag‘ bo‘yicha hozirda agentlik va uning viloyatlardagi markazlarida yoppasiga tekshiruv bo‘layotganini tasdiqladi.

“Tekshiruv nihoyasiga yetgach, Bosh prokuratura o‘zi e’lon qilyapti natijalarini. Hozircha 5 ta viloyat bo‘yicha tekshiruv natijalari matbuotga ma’lum qilindi. Boshqalari ham tugashi bilan e’lon qilinadi. Shu paytgacha SEOMlarining jami o‘ndan ziyod xodimiga nisbatan ish ochildi. Hozircha sizga boshqa narsa ayta olmayman”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

SEOA rahbarlarining birortasiga ham qo‘ng‘iroq qilib bog‘lanib bo‘lmadi. SSVdan ham ushbu holat bo‘yicha ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rasmiysi Ozodlik muxbirining SEOAdagi tekshiruvlar bo‘yicha savolini o‘rganib, yarim soatda aytishga va’da berdi. Biroq rasmiy bilan boshqa bog‘lanib bo‘lmadi.

5ta viloyatda 1 milliard 753 million so‘m talon- toroj qilingan

22 iyul kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati e’lon qilgan xabarga ko‘ra, Andijon viloyat SEOM mansabdorlari inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan.

O‘zbekistonda inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari talon-toroj qilingan viloyat SEOMlari soni beshtaga yetdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi viloyat SEOMida o‘tkazgan tekshiruv natijasida dezinfeksiya vositasini bozor narxidan 159,3 mln so‘mga qimmat narxda sotib olgani aniqlangan.

Holat yuzasidan markaz mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 205-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Shu paytgacha prokuratura tekshiruvlari natijasida 5 ta viloyatdagi SEOMda Inqirozga kurash jamg‘armasining jami 1 milliard 753 million so‘m mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlangan:

  • Qashqadaryo viloyat SEOMda 917,8 million so‘m
  • Namangan viloyat SEOMda 248,9 million so‘m
  • Navoiy viloyat SEOMda 222,3 million so‘m
  • Buxoro viloyat SEOMda 204,6 million so‘m
  • Andijon viloyat SEOMda 159,3 million so‘m

SEOAdagi moliyaviy ishlardan xabardor agentlik xodimi iddaosiga ko‘ra, agentlikdagi ahvol viloyat markazlariga nisbatan yomonroq:

Agentlikdagi talon-torojliklar viloyat markazlariga nisbatan 100 barobar ko‘p. Koronavirusning asosiy to‘lqiniga tayyorlanish o‘rniga SSV va SEOA rahbarlarining vaqti Inqirozga kurash fondini talash bo‘yicha janjal bilan o‘tdi. Pandemiya payti ajratilgan rag‘batlantirish pullari ham tanish-bilishlar o‘rtasida taqsimlandi. Endi hammasi prokuratura tekshiruvi e’lon qilinsa oshkor bo‘ladi, agar bosti-bosti qilishmasa”.

SEOAga o‘tkazilgan 907 mlrd so‘m

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hisobiga 907 mlrd so‘m o‘tkazilgan.

Rasmiy hisob-kitobga ko‘ra, ushbu mablag‘ quyidagicha sarflangan:

  • 375 mlrd so‘m test tizimlari, reaktivlar va himoya vositalarini sotib olish uchun;
  • 202 mlrd so‘m fuqarolarni karantinda saqlash bilan bog‘liq xarajatlarga va 76 mlrd so‘m ularning ovqatlantirish uchun;
  • 25 mlrd so‘m jamoat joylarini dezinfeksiya qilish ishlari uchun;
  • 9 mlrd so‘m epidemiologik holat bilan kurashish bo‘yicha tadbirlar uchun;
  • 301 mlrd so‘m tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun;
  • 11 mlrd so‘m maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish uchun;

XS
SM
MD
LG