Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:53

Turkmaniston koronavirus yo‘qligini iddao qilishda davom etar ekan, buning aksini ko‘rsatuvchi dalil ko‘payib bormoqda


Turkmaniston hukumati bugunga qadar birorta turkmanistonlik koronavirusga chalinmaganini iddao qilmoqda. Ammo mamlakatdagi ko‘plab manbalar vaziyat aslida boshqacha ekanligini aytmoqda.

Ozodlikning Turkman xizmatiga intervyu bergan ikki ashxobodlik poytaxt shifoxonalari birining reanimatsiya bo‘limida har kuni o‘nlab odam o‘layotganini, boshqa bir shifoxonada murdalarni o‘rash uchun ishlatiladigan plastik qoplar tugagani uchun mayitlar xlorli aralashmada ivitilgan matoga o‘ralayotganini aytdi.

Ashxobodliklarning biri koronavirus infeksiyasini yuqtirib, shifoxonada davolangani va shifoxonada kuzatganlari haqida shunday dedi:

- COVID-19ga chalingan odamlarni har kuni olib kelishyapti. Tinmay odam kelyapti. Shifoxona bemorlarga to‘lib ketgan. Hammasiga pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Ashxobodlikning so‘zlariga ko‘ra, vafot etganlar jasadlarini murdaxonaga olib borish uchun transport vositalari yetishmayapti.

Murdalarni o‘rash uchun ishlatiladigan plastik qoplar yetishmovchiligi haqida Ozodlikning Ashxoboddagi muxbiri xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, plastik qop topilgan holatlarda halok bo‘lgan bemorning oila a’zolari uni ochmaslik haqida ogohlantirilmoqda.

Ashxoboddagi yana bir muxbir esa koronavirus alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan kamida 20 kishi haqida bilishini xabar qildi.

Ozodlikning muxbirlaridan biri Ashxobodda bemorlar soni juda ko‘p bo‘lgani uchun mahalliy bolalar shifoxonalarining birida koronavirus alomatlari mavjud bemorlar davolanayotganini aytdi.

Ozodlikning Turkmanobod shahridagi muxbiri shaharda vaziyat og‘ir ekanligini xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi umumiy shifoxonadagi 700 o‘rinning hammasi to‘lgan.

Turkmanobod Lebap viloyatining poytaxti bo‘lib, 20 iyul kuni Turkmen.news nashri viloyatdagi Faryon tumani hokimi Hasan Metkuliyev pnevmoniya tufayli qazo qilganini xabar qilgan edi. Ozodlik Metkuliyev qazo qilganini tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldi. Uning rafiqasi va hokim o‘rinbosari esa shifoxonaga yotqizilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Turkmanistonning neft va gaz sanoatlarini nazorat qilib kelgan rasmiy Yagshigeldi Kakayev ham 8 iyul kuni pnevmoniyadan o‘lgan.

Turkiyalik diplomat Kemal Uchkun ham Ashxoboddagi shifoxonada o‘ldi. Rasmiy manbalar diplomat yurak xurujidan o‘lganini bildirgan bo‘lsa-da, kasalxonaga yotqizilganda unda haroratning ko‘tarilishi, nafas siqilishi va yo‘tal kabi holatlar kuzatilgan.

Bu orada prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning pochchasi Annazaro Rejepov pnevmoniyadan o‘lgani, Berdimuhamedovning singlisi va Rejepovning rafiqasi Durdinabat og‘ir kasal ekanligi xabar qilindi.

Iyul boshida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari Turkmanistondagi epidemiologik vaziyatni baholash uchun mamlakatga xizmat safari bilan bordi. Tashkilot xodimlari Turkmanistonda koronavirus yo‘qligi haqidagi iddaolarga zid hech nimani ko‘rmaganini bildirdi, ammo ularning tashrifi bir oyga kechiktirilgani kuzatuvchilar e’tiboridan chetda qolmadi. Ular bu vaqt ichida Turkmaniston rasmiylari tashkilot xodimlari kiritiladigan inshootlarni tayyorlaganini taxmin qilmoqdalar.

Yuqorida tilga olingan holatlar rasmiylarning raddiyalariga qaramasdan, Turkmanistonda koronavirus tarqalayotganini ko‘rsatuvchi dalillar talay ekanligini ko‘rsatadi. Bugunga qadar juda ko‘plab turkmanistonlik, jumladan, tibbiyot xodimlari ismini oshkor qilmaslik sharti bilan xorij nashrlariga mamlakatdagi vaziyat haqida so‘zlab berdi.

Kuzatuvchilar Turkmaniston hukumatining raddiyasidan maqsad nima ekanligini tushuna olmayapti. Worldometers.info saytiga ko‘ra, bugunga qadar pandemiya 213 davlat va hududga kirib bordi.

Koronavirussiz qolgan davlat yoki hudud hech qanday mukofot bilan taqdirlanmaydi. Ammo Turkmaniston hukumati virus taqalayotganini tan olmagani uchun xorijdan hech qanday yordam olmayapti.

XS
SM
MD
LG