Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:45

Koronavirus infeksiyasining olti turi aniqlandi


Britaniyalik olimlar bemorlardagi COVID-19 infeksiyasini qayd etuvchi ilova yordamida to‘plangan ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, koronavirus infeksiyasining o‘ziga xos alomatlarga ega olti turi borligini aniqladi.

Tadqiqotni o‘tkazgan Qirollik kolleji xodimlari infeksiya turlari bilan kasallik qanday kechishi va shifoxonaga yotqizilgan bemor sun’iy nafas oldirish moslamasiga ulanishi ehtimoli o‘rtasida bog‘liqlik borligini kuzatdilar.

Tadqiqot natijalari pandemiyaning kelajakdagi to‘lqinlarida shifokorlarga qaysi bemorlar eng katta xavf ostida ekanligini va shifoxonaga yotqizilishi kerak bo‘lishini bashorat qilishda qo‘l kelishi mumkin.

Tadqiqotga yetakchilik qilgan olimlarning biri doktor Kler Stivz:

- Agar bemorlarning besh kundan keyingi ahvolini bashorat qila olsangiz, ularga yordam ko‘rsatishni hamda qondagi kislorod va shakar miqdorini kuzatish, ular yetarlicha suyuqlik ichishini ta’minlash kabi dastlabki intervensiyalarni boshlashingiz mumkin, - dedi.

Ilova yordamida bemorlarda yo‘tal, yuqori tana harorati va hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi kabi eng muhim uch alomatdan tashqari bosh og‘rishi, mushaklar og‘rishi, charchoq, ich ketishi, esankirash, ishtaha yo‘qolishi hamda nafas olishga qiynalish kabi alomatlar kuzatilayotgani qayd etilgan.

Turli bemorlarda turli alomatlar qayd etilgan: ayrimlarda kasallik grippga o‘xshash alomatlar yoki allergiya bilan kechgan bo‘lsa, boshqalarda o‘tkir alomatlar paydo bo‘lgan va natijada bemor nobud bo‘lgan.

Tadqiqot natijalari 16 iyun kuni onlayn e’lon qilindi. Uning natijalarini tadqiqotga aloqasi bo‘lmagan olimlar taqriz qilgani yo‘q. Maqolada COVID-19 infeksiyasining quyidagi olti turi yoritildi:

1. Grippga o‘xshash va yuqori tana haroratisiz: kasallikning mazkur turiga chalingan bemorda infeksiya bosh og‘rishi, hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi, mushaklar og‘rishi, yo‘tal, tomoq og‘rishi, ko‘krak og‘rishi bilan kechadi, ammo tana harorati ko‘tarilmaydi.

2. Grippga o‘xshash va yuqori tana harorati bilan: bosh og‘rishi, hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi, yo‘tal, tomoq og‘rishi, ovoz xirillab qolishi, yuqori tana harorati va ishtaha yo‘qolishi kuzatiladi.

3. Oshqozon-ichak trakti: bosh og‘rishi, hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi, ishtaha yo‘qolishi, ich ketishi, tomoq og‘rishi, ko‘krak og‘rishi bilan kechadi, ammo yo‘tal kuzatilmaydi.

4. Birinchi darajali o‘tkir (charchoq bilan): bosh og‘rishi, hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi, yo‘tal, yuqori tana harorati, xirillab qolish, ko‘krak og‘rishi, charchoq bilan kechadi.

5. Ikkinchi darajali o‘tkir (esankirash bilan): esankirash, bosh og‘rishi, hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi, ishtaha yo‘qolishi, yo‘tal, yuqori tana harorati, xirillab qolish, ko‘krak og‘rishi, charchoq, mushaklar og‘rishi kabi alomatlar kuzatiladi.

6. Uchinchi darajali o‘tkir (qorin va nafas olish yo‘llari kasallanadi): bosh og‘rishi, hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi, ishtaha yo‘qolishi, yo‘tal, yuqori tana harorati, xirillab qolish, tomoq og‘rishi, ko‘krak og‘rishi, quvvatsizlik, esankirash, mushaklar og‘rishi, nafas olishga qiynalish, ich ketishi hamda qorin bo‘shlig‘i og‘rishi kabi alomatlar bilan kechadi.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, infektsiyaning 4,5 – 6- darajadagi tiplariga chalingan bemorlarning shifoxonaga yotqizilish ehtimoli hamda ventilyatorga ulanish ehtimoli yuqori ekanligi aniqlangan.

XS
SM
MD
LG