Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:40

Andijon viloyatida ta’mirdan chiqqan maktablarni qayta ta’mirlash buyurildi. Xarajatlar o‘qituvchilar zimmasida


Andijondagi maktablardan biriga o‘rnatilgan dezinfeksiya tunneli.
Andijondagi maktablardan biriga o‘rnatilgan dezinfeksiya tunneli.

27 iyul kuni maktab ta’mirini endigina yakunlagan andijonlik o‘qituvchilar zimmasiga maktablarni qayta ta’mirlash vazifasi yuklatildi.

Ikki kunlik muhlat ichida maktablar fasadini rangli bo‘yoqlar bilan bo‘yash, zinalarga karra jadvallari, devorlarga kimyoviy formulalar chizish topshirildi.

Shuningdek, har bir maktab oldiga dezinfeksiya tunnellari o‘rnatila boshlandi.

Ozodlikka bog‘langan maktab direktorlari bu vazifalarni amalga oshirish xarajati ular zimmasiga yuklanganidan shikoyat qilishdi.

Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi yangi topshiriqlarni bajarish uchun maktab direktorlari homiylar topishi kerakligini ta’kidlab aytdi.

Andijon maktablarini qayta ta’mirlashga oid yangi topshiriq haqida Ozodlikka Asakadagi maktablardan birining direktori ma’lum qildi:

“Bu o‘quv yilida maktab direktorlari ta’mirlash ishlarida juda qiynaldi. Avvallari ota-onalardan homiyliklar bo‘lardi, bu yil deyarli bo‘lmadi. Ammo topshiriq ekan amallab qilindi ta’mirlar. Endi zo‘r-bazo‘r remontni yakunlaganimizda yangi “g‘oya” paydo bo‘lib qoldi. Maktablarimizda 100 yildan beri bo‘lib kelgan bir xillik o‘quvchilarimizning OTMlarga kira olmayotganiga bosh aybdor ekan. Endi fasadlarni, koridor, yo‘laklarni rang-barang qilishimiz kerak ekan. Zinalarga karralar, devorlarga turli ko‘rgazmalar chizarkanmiz”.

Ishdan haydalish xavfi bois ismi ochiqlanmasligini so‘ragan maktab direktori yangi topshiriq haqidagi tuman xalq ta’limi boshlig‘i Sh.Qosimov imzolagan hujjatni Ozodlikka taqdim qildi.

Hujjatda qayd qilinishicha, 27 iyul kuni tuman maktab direktorlari zimmasiga 18 ta topshiriq yuklatilib, ularni bajarish uchun ikki kun muhlat berilgan. Biroq hujjatda xarajat kimning hisobidan ekani ochiqlanmagan.

Maktablarni noan’anaviy usulda jihozlash lozimligi ta’kidlangan hujjatda, jumladan, maktab zinalariga karra jadvallari yozib chiqish, boshlang‘ich sinf va o‘quv zallarini bolalarga xos ravishda bo‘yash va jihozlash lozimligi ta’kidlangan.

“Mayli bular yordam berar o‘quvchilarimizga. Ammo buni remontdan avval aytmaydimi? Biz hozir qayerdan qilamiz, o‘zi arang yakunlagan bo‘lsak. Shaxmat burchagi tashkil qilib rasmini topshirishimiz ham so‘ralgan. Xo‘p, burchak qilarmiz. Ammo kimga? O‘quvchilar qachon qaytishi noma’lum, o‘qituvchilar onlayn ishlashyapti. Shaxmat burchagi kimga xizmat qiladi? Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun dam olish xonalari tashkil etish buyrug‘i berilyapti. Zo‘r g‘oya! Ammo qanday qilinadi? O‘zi o‘quvchilar soni maktab quvvatidan 2-3 barobar ko‘p bo‘lsa! 2-3 navbat qilib o‘qitilsa, yana bitta xonani dam olish xonasi qilinadimi? Sport zalga 5 ta meshok ilish kerak ekan! Zo‘r-ku! 5 tadan meshokli bo‘lib qolarkanmiz, desak, unday emas ekan, o‘zimiz topib ilarkanmiz. Qayerdan olamiz? Nimaga kerak bu meshoklar? Andijonda hammani bokschi qilmoqchimizmi yoki shaxmatchimi? Hozir topib osib qo‘ysak ham kim foydalanadi?”, deydi Asakadagi maktab direktori.

Asakadagi vaziyat viloyatning barcha tumanlarida kuzatilyapti. Paxtaobod tumanidagi maktablardan birining direktori “Umumta’lim maktablarining hovli, foye, koridorlarini bezatish bo‘yicha namunaviy tavsiyalar” deb nomlangan videoni Ozodlikka yo‘lladi.

Мактабларни безатиш бўйича намунавий тавсиялар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:53 0:00
Бевосита линк

Videoda maktab fasadi rangli bo‘yoqlar bilan bo‘yalgani, zinalariga karra jadvallari yozilgani, devorlarga kimyoviy formulalar yozib qo‘yilgani aks etgan.

Xavfsizligi sabab anonim qolish istagini bildirgan Paxtaoboddagi maktab direktoriga ko‘ra, bu narsalarni ikki kun ichida qaysi mablag‘ hisobiga amalga oshirishni bilmay boshi qotgan:

“Bularga qo‘shimcha maktab oldiga dezinfeksiya tunneli o‘rnatyapmiz. 1 million 500 ming so‘mdan o‘rnatib berishdi. Pulini o‘qituvchilarning avgust oyi oyligidan olib qolish lozimligi aytildi. Keyin har oyda dezinfeksiya uchun kamida 20 ming so‘mlik xlor ishlatilar ekan. Uning puli ham maktab zimmasida. Bu degani yana o‘qituvchilar va maktab xodimlaridan pul yig‘iladi degani”.

Andijondagi maktablardan biriga o‘rnatilgan dezinfektsiya tunneli.
Andijondagi maktablardan biriga o‘rnatilgan dezinfektsiya tunneli.

Asaka tuman xalq ta’limi bo‘limi hujjatida dezinfeksiya tunneli har bir maktabga o‘rnatilishi qayd qilingan.

Asakadagi maktab direktori ham berilgan topshiriqlarni bajarish uchun xarajatni qayerdan olishni bilmayotganini aytdi:

“Bu topshiriqlarni qilish uchun kamida 10-15 million so‘m pul ketadi. Bu pullar qayerdan olinadi? O‘quvchilardanmi? O‘qituvchilardanmi? Yoki yangi o‘qishni bitirib kelganlardan birinchi taassurotni pora berishdan boshlataylikmi? Nima deysiz? Nima qilaylik? Qachongacha keraksiz ishlar bilan shug‘ullanamiz?”

Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi yangi topshiriqlarni bajarish uchun homiylar izlanishini ta’kidladi.

“Topshiriqlarni bajarish uchun o‘qituvchilardan pul yig‘ilsin yoki maktab direktorining cho‘ntagidan to‘lab qilinsin degan joyi yo‘q. Bunaqa gapni hech kim aytmaydi. Maktab fondining kuchi yetmasa, har bir maktab joylashgan hududda tadbirkorlar bor. Maktab direktorlari dangasalik qilmasdan harakat qilishsa, homiy topish qiyin ish emas. Bu ishlar o‘quvchilar saviyasini oshirish, maktablarimizni zamonaviylashtirish maqsadida qilinyapti. Bundan yomonlik izlash kerak emas”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Andijon maktablarida bo‘layotgan o‘zgarishlar mamlakatning boshqa hududlaridagi maktablarda ham kuzatilyaptimi yoki yo‘q – bunisi Ozodlikka hozircha ma’lum emas.

O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligidan bu borada biror izoh olish imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG