Линклар

Шошилинч хабар
20 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:20

Chegaradagi o‘zbekistonlik migrantlar Rosgvardiya chizig‘ini yorib o‘tishga urindi (VIDEO)


Rosgvardiya va politsiya o‘zbek muhojirlarini chegaraga yaqinlashtirmaslik buyrug‘ini olgan.
Rosgvardiya va politsiya o‘zbek muhojirlarini chegaraga yaqinlashtirmaslik buyrug‘ini olgan.

Samara viloyatining Qozog‘iston bilan chegaradosh hududida yig‘ilgan bir guruh mehnat muhojiri Rosgvardiya harbiylari qurshovini yorib o‘tishga urindi. Rossiya nashrlarining yozishicha¸ qozoq chegarasi tomon o‘tishga uringanlar O‘zbekiston va tojikistonlik muhojirlardir.

Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ Qozog‘iston hukumati bilan 1 avgust kungi kelishuvga binoan, bu hududda yig‘ilib qolganlar o‘zbeklarning konsullik ro‘yxatiga kiritilgan 500 nafari temir yo‘l transporti orqali vatanga qaytariladi.

Elchixonaga ko‘ra¸ hozircha ro‘yxatdagi o‘zbekistonliklarni olib chiqish sanasini aniqlashtirish jarayoni tugamagan.

Muhojirlar Qozog‘iston chegarasiga o‘tmoqchi bo‘ldi

Joriy yilning 3 avgust kuni Samara viloyati Bolshaya Chernigovka tumanida yig‘ilgan bir guruh o‘zbek muhojiri Qozog‘iston chegarasi tomon o‘tishga urindi.

- Kecha (3 avgust kuni) soat 09:00 da odamlar o‘z vaziyati yuzasidan rasmiy javob e’lon qilinishini kutgan. Ammo javob berilmadi. Shunda ular Orenburg viloyati hududi orqali chegarani kesib o‘tishga urindi. Kuchishlatar tizim vakillari ularni Samara viloyati hududiga qaytardi, deya xabar qildi Interfaks Rossiya politsiyadagi manbasiga tayanib.

Rossiya nashrlariga ko‘ra¸ hozirda 425 nafar muhojir O‘zbekistonga qayta olmasdan chegara hududida qolib ketgan. Orenburg viloyatining Qozog‘iston bilan chegaradosh hududida jami 840 markaziy osiyolik muhojir qolayotgani aytilmoqda.

“Mash” Telegram kanali e’lon qilgan videoda bir necha yuz migrantning Rosgvardiya harbiylari qurshovini yorib o‘tishga urinayotgani va gvardiyachilarni toshbo‘ron qilayotgani aks etgan.

Ayni paytda Samara viloyati Rosgvardiya rasmiylari mehnat muhojirlari bilan hech qanday to‘qnashuv bo‘lmaganini aytmoqda.

Samara Milliy gvardiya boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi chegara tomon o‘tmoqchi bo‘lganlar bilan muzokara olib borilgani va keskinlik tinch yo‘l bilan bartaraf etilganini bildirdi.

Ozodlikka kelgan 2 avgust kungi videomurojaatda ayni hududda qolayotgan o‘zbek migrantlari Toshkent rasmiylariga murojaat qilib, o‘zlarini olib chiqishni tashkillashtirish, aks holda rus-qozoq chegarasini buzib o‘tishga majbur bo‘lishidan ogohlantirgan edi.

"Chegaradagi o‘zbekistonliklarni olib ketishga Qozog‘istondan ruxsat olindi!"

Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasining Ozodlik bog‘langan mulozimi 1 avgust kuni Qozog‘iston hukumati bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida chegarada qolayotgan 500 ga yaqin o‘zbekistonlikni olib chiqishga ruxsat olinganini bildirdi.

5 avgust kungi bu suhbatdan ayon bo‘lishicha¸ chegarada qolayotgan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonning Tataristondagi bosh konsuli Fariddin Nasriyevning bevosita nazoratida. Aytilishicha¸ Nasriyev bir necha kundan beri Qozog‘iston va Rossiya chegara rasmiylari bilan muzokara olib bormoqda.

Konsullik mulozimiga ko‘ra¸ O‘zbekistonga olib ketish oldindan tuzilgan ro‘yxat asosida amalga oshiriladi va "bundan buyon Rosgvardiya va OMON chegara ochilmaguncha odamlarni chegaraga yaqinlashtirmaydi".

Ayrim nashrlar chegarada qolgan o‘zbekistonliklarning ro‘yxat asosida 6 avgust kuni temir yo‘l orqali olib chiqilishini bildirdi¸ ammo konsullik vakili bu sananing uzil-kesil aniqlanmagani¸ bu masalasida muzokaralar davom etayotganini ta’kidladi.

Ayni paytda¸ Orenburg gubernatorligi matbuot xizmati Orenburg va Samara viloyatlari hududida to‘planib qolgan 3,5 ming o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik mehnat muhojiri 6 avgustgacha uylariga qaytarilishini bildirdi.

Mahalliy hokimiyatning ma’lum qilishicha, Orenburg viloyatining Buzuluk tumani va Samara viloyatining Bolshaya Chernigovka qo‘rg‘onida chegaradan o‘tolmay to‘planib qolgan muhojirlarning 3000 nafari Qirg‘iziston, 500 ga yaqini esa o‘zbekistonlikdir.

Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari koronavirus pandemiyasi tufayli kiritgan karantin cheklovlari va chegaralarning yopilishi ortidan may oyidan buyon Samaraning Bolshaya Chernigovka qo‘rg‘oni yaqinida 1000 nafardan ziyod o‘zbekistonlik to‘planib qolgan edi.

Bu hududda avvaliga ular uchun maxsus palatkali shaharcha barpo etildi, biroq keyinroq u mahalliy hukumat talabi bilan buzib tashlandi.

Shu yilning 18-19 may kunlari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya hukumatlari kelishuviga binoan, 1200 nafar o‘zbekistonlik uchun Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranzit yo‘lagi ochib berildi.

O‘zbekiston hukumati bu yo‘lning ochilishi, muhojirlarning quruqlik orqali qaytarilishiga 125 ming Rossiya rubli miqdorida mablag‘ sarflanganini bildirgan.

O‘shanda O‘zbekistonning Tataristondagi bosh konsuli Fariddin Nasriyev 17 may kuni mahalliy matbuotga Qozog‘iston chegarasida to‘planganlarga O‘zbekistonga o‘tish uchun istisno tariqasida bir marta ruxsat berilganini bildirgan edi.

Qozog‘iston tomoni chegarada ikki hafta turib qolgan o‘zbekistonliklar uchun istisno tariqasida tranzit yo‘lagi ochib berishi ortidan Rossiyadagi boshqa muhojirlar ham chegaraga kela boshlagan va muhojirlarning chegara tomon yurishi hanuz davom etmoqda.

6 iyun kuni chegarada to‘plangan yana 350 yaqin o‘zbek muhojiri mintaqadagi O‘zbekiston Bosh konsulligi tashkil etgan avtobuslar yordamida Qozog‘iston orqali olib chiqilgan edi.

Joriy yilning 16 iyul kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” Samara viloyatining Kinel bekatidan Rossiya-Qozog‘iston chegarasida bir necha oydan ko‘proq qolgan 1400 nafar o‘zbekistonlikni olib ketgan edi.

O‘shanda turli sabablarga ko‘ra ketolmasdan qolgan 400 ortiq o‘zbek muhojiri yana Mashtakovo nazorat punktiga qaytib kelgan edi.

XS
SM
MD
LG