Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:21

Buxorolik fermerlar hokimlik tomonidan sardobaliklarga qoramol yuborishga majburlanmoqda


Hokimlik talabiga ko‘ra fermer sardobaliklar uchun bir sigir yoki buzoq berishi shart.
Hokimlik talabiga ko‘ra fermer sardobaliklar uchun bir sigir yoki buzoq berishi shart.

Buxoro viloyat, Peshko‘ tumanidagi fermerlar Sardoba fojiasidan jabr ko‘rganlar uchun qoramol olib berishga majburlanmoqda.

Tuman fermerlar kengashi mulozimi har bir fermerga SMS yuborib¸ sigir va buzoq olib kelishini, aks holda hokimning huzurida javob berishdan ogohlantirgan.

Ozodlikka bu xabarni yuborgan fermerlar bug‘doy rejasini zo‘rg‘a bajargan bir paytda hokimlikning bu talabi o‘zlariga og‘ir tushayotganini bildirdi.

Ozodlik bog‘langan tuman hokimi Amrillo Nazarov sardobaliklarning uylarini ta’mirlab berish ortidan ularning falokatda yo‘qotgan chorvasi o‘rnini to‘ldirish uchun fermerlardan qoramol berishni so‘raganini e’tirof etdi.

SMS-ogohlantiruv

Hokimlik tazyig‘idan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan peshko‘lik fermerlardan biri 5 avgust kuni tuman Fermerlar kengashining chorvachilik bo‘limi boshlig‘i Shavkat Ergashevdan mobil telefoniga yuborilgan SMS suratini Ozodlikka yubordi.

Bugun Sardoba uchun sigir yoki buzoq yuboring yoki kechqurun hokimning yoniga kiring”¸ deyiladi bu ogohlantiruvda.

Fermerlar kengashi bo‘lim boshlig‘i yuborgan SMS
Fermerlar kengashi bo‘lim boshlig‘i yuborgan SMS

Bu xabarning skrinshotini Ozodlikka taqdim qilgan fermerga ko‘ra, Shavkat Ergashev g‘alla va paxtachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarga ham ayni buyruqni yuborgan.

Agar bermasa kechqurun tuman hokimiga shaxsan uchrashishi aytilgan.

“2020 yil dexqonchilik uchun juda og‘ir keldi, g‘alla shartnomasini bir amallab to‘ldirdik, lekin o‘zimizga ham¸ ishchilarimizga ham hech narsa qolmadi. Bu yilgi mehnatimizdan bir so‘m daromad ololmadik. Tuman Fermerlar kengashidan kecha SMS xabar oldim. Unda yozilishicha Sardobaga yuborish uchun bugundan qolmasdan har bir fermer qoramol yetkazib berishi majburiy ekan. Agar bermasa¸ kechqurun tuman hokimiga shaxsan uchrashishi aytilgan. O‘zimiz bug‘doydan daromadsiz chiqqan bo‘lsak, sog‘ib ichadigan sigirimizdan boshqa molim bo‘lmasa, men qayerdan hokimga qoramol topib beraman?”

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermer ham Shavkat Ergashevdan shu mazmundagi SMS olganini tasdiqladi.

Bitta sigir olib berishga endi quvvatim qolmadi.

Agar 5-6ta molim bo‘lsa, mayli sadaqa deb berib yuborardim. O‘zi shunday ham karantin paytida kam ta’minlangan oilalarga qarashib kelyapmiz. Borda bor, yo‘qda yo‘q. Bilmadim¸ suv yaxshi bo‘ldiyu, lekin bu yil bug‘doyimiz o‘tgan yilgidan uch baravar kam hosil berdi. Reja to‘lmadi, boshqa fermerlardan sotib olib, bir amallab rejani bajardim. Bitta sigir olib berishga endi quvvatim qolmadi. Bo‘lmasa hokimning oldiga kiring ¸debdi. Kirsak nima derdi, topib ber, bo‘lmasa yeringni olaman deydi. Shunga boshim qotib qoldi va Shavkat Ergashev qo‘ng‘iroqlariga javob bermayapman, aniqrog‘i qochib yuribman”.

Peshko‘ tumani Fermerlar kengashining chorvachilik bo‘limi boshlig‘i Shavkat Ergashev fermerlarga sigir va buzoq olib kelib topshirish haqida SMS yozganini tan oldi.

- Sardoba uchun xayriyaga imkoniyatlaringiz bo‘lsa yuboringlar¸deb yozganmanda. Har kim o‘zini niyatida bo‘lsa, yuboringlar deganman. O‘zimizda ham kam ta’minlanganlarga fermerlar tomonidan hamma narsa berilyapti. Sardobaga ham xuddi shunday agar imkoniyatingiz bo‘lsa bering, dedikda. Majburiy bo‘lmaydi bu.

Shavkat Ergashev o‘zining SMS xabaridagi “yoki kechqurun hokimning yoniga kiring” so‘zlarini yozganini tan olmadi:

- Yo‘q, men unday deb yozganim yo‘q!.

Shavkat Ergashev Ozodlikning keyingi savollariga javob bermay, aloqani uzib qo‘ydi.

Peshko‘ tumani hokimi Amrillo Nazarov sardobaliklar uchun tuman bitta mahalla uylarini ta’mirlab bergani va aholining falokatda yo‘qotgan chorvasi o‘rnini to‘ldirish uchun chorvador fermerlardan ixtiyoriy ravishda qoramol berishni iltimos qilganini tan oldi.

- Sardobaga yordam uchun o‘zimiz ixtiyoriy ravishda uylarni ta’mirlab berdik. Endi o‘sha mahalladagi oilalarda birorta mol ham qolmaganda. Chorvachilik fermerlarimiz hisobidan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga mol berishga ahd qilganmiz. Shunga faqat chorvachilik fermerlariga tavsiya berganmiz, majburiy degan gap yo‘q. Fermerlar berganini yuboryapmiz.

O‘zbekistonda fermer va tadbirkorlarning turli xil xayriya ishlariga majburlanishi haqida Ozodlik ilgari ham ko‘p xabar bergan.

Jumladan¸ 5 avgust kuni Qashqadaryo viloyat Koson tumanidagi fermer va tadbirkorlar kam ta’minlangan oilalarga hayitlik uchun mol-qo‘y, parranda va quyon berishga majburlanganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG