Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:32

Talabalar kontrakt pulining o‘zgarishsiz qoldirilganiga qarshi onlayn norozilik boshladi (VIDEO)


Internetdagi talabalar guruhlaridan birining logosi.
Internetdagi talabalar guruhlaridan birining logosi.

2020-2021 o‘quv yilida O‘zbekiston oliygohlarida kontrakt miqdori o‘zgartirilmasligi e’lon qilinganidan so‘ng¸ ijtimoiy tarmoqlarda talabalar o‘z noroziligini ifodalashga kirishdi.

Telegram tarmog‘ida ochilgan o‘nlab guruhga qo‘shilgan talabalar pandemiya sharoitida minglab oila duch kelayotgan moliyaviy muammolar sabab kontrakt to‘lovi arzonlashtirilishini talab qilmoqda.

8 avgust kuni Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov yangi o‘quv yilida talabalarning kontrakt to‘lovi o‘zgarishsiz qolishini bildirdi.

Vazir Majidov pandemiya muddatlari uzaytirilib, o‘qish onlayn tarzda davom ettirilgan holatda ham, to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladigan talabalar va ularning ota-onalari xavotirlanishiga hech qanday asos yo‘qligini ta’kidladi.

Talabalarning onlayn harakati

Keyingi bir hafta davomida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida o‘zbekistonlik talabalarning o‘nlab guruhi tashkil qilindi.

O‘n minglab talabani birlashtirgan guruhlarda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidovning kontrakt miqdorini o‘zgartirmaslik qaroriga norozilik bildirilmoqda.

Jumladan, “Yoshlarni qo‘llab- quvvatlash” guruhida e’lon qilingan so‘rovnomada qatnashgan 120 mingga yaqin talabaning 91 foizi “Yangi o‘quv yilida kontrakt miqdori arzonlashtirilishi kerak”, deya ovoz bergan.

“Talabalar harakati” guruhi esa “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga norozilik petitsiyasini joylashtirishni rejalamoqda.

Telegramdagi talabalar guruhlaridan biri
Telegramdagi talabalar guruhlaridan biri

Hozirda petitsiya matni ustida ishlayotgan talabalarga ko‘ra, ular kontrakt to‘lovlari arzonlashtirilishini so‘rab, onlayn ta’lim bilan bog‘liq muammolarga ham e’tibor qaratilishini istamoqda.

“O‘zbekistonda qaryib 30 yil davomida tan olinmay kelinayotgan masofaviy ta’lim shakliga o‘tilishi ta’lim muassasalariga va bu shaklda tajribaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlarga kuchli bosim tug‘dirdi. Islohotlarga qaramay o‘zini o‘nglashi qiyin bo‘layotgan ta’lim tizimini esa bu yanada abgor holatda qoldirdi. Onlayn darslar xo‘jako‘rsinga o‘tkazildi ( to‘rt sahifa kitobni rasmini tarmoqqa joylash - bu ta’lim emas) xolos. Shartnoma pullari miqdorining an’anaviy ta’lim shaklidagi miqdorida qoldirilishi esa hech qaysi qonun hujjatlarida asoslantirilmagan. Bu esa talabalar jamiyatida kuchli norozilik kayfiyatini uyg‘otmoqda”, deyiladi talabalar tayyorlayotgan petitsiya matnida.

Telegramda o‘nlab talabalar guruhlari tashkil qilindi
Telegramda o‘nlab talabalar guruhlari tashkil qilindi

"Talabalar kontraktni to‘lashga qiynalmoqda”

Jizzax Pedogogika instituti Tarix fakultetining 3- kurs talabasi Islombek Po‘latov ham talabalarning onlayn norozilik harakatiga qo‘shilganlardan biri.

Qashqadaryo viloyat Koson tumanida yashovchi 25 yashar Islombek Po‘latov kontrakt to‘lovlari arzonlashtirilmasa, o‘zi singari moliyaviy imkoniyati cheklangan talabalar og‘ir vaziyatga tushib qolishini aytadi.

- Har institutda kontrakt to‘lovlari har xil. Bizning oliygohda 11 million 200 ming so‘m. Biroq men stipendiya olmasligim sababli , kontraktim 6 million 400 ming so‘m. Men ikki yil davomida kontraktimning 70-80 foizini o‘zim topib, to‘ladim. Ota-onam ajrashib ketgan. O‘qishdan keyin ishlardim. Yozgi ta’tilda Toshkentga borib, qurilishda ishladim. Bozorda arava tortdim. Shu paytgacha kunimni ko‘rib kelayotgandim. Hech kimdan yordam so‘ramaganman. Ammo hozir vaziyat boshqa. Hamma 5 oy davomida ishlamadi. Mart oyida onam jigaridan operatsiya bo‘ldi. Ancha- muncha qarzga botib qoldik. Menga o‘xshagan talabalar juda ko‘p. Talabalarning qat’iy talabi kontrakt to‘lovlarini tushirish kerak, deydi 12 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Islombek Po‘latov.

Islombek Po‘latov Ozodlik orqali hukumat vakillariga video murojaat bilan chiqib, mamlakatda ta’lim tizimini isloh qilish lozimligini ta’kidladi va buni eplay olmayotgan mulozimlar, jumladan, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov iste’fosini talab qildi.

Талаба Исломбек Пўлатовнинг ҳукумат вакилларига мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:04 0:00

“Pandemiya sabab kontraktini to‘lay olmagan talabalarga yengillik berilsin”

Vazir Majidovning 8 avgust kuni e’lon qilishicha, endilikda kontraktni to‘lay olmagan talaba oliygohdan haydalmaydi, balki kursdan-kursga qoldirilishi mumkin.

Talabalar Majidovning bu qaroriga ham qarshi chiqib, pandemiya sabab shartnoma pulini to‘lay olmagan talabalarga yengillik berilishini so‘ramoqda.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Rossiyaning Saratov texnika universiteti o‘rtasidagi “qo‘shma ta’lim” fakulteti talabalari orasida ham kontrakt pulini to‘lay olmagani sabab kursida qolish xavfiga duch kelganlar bor. 2-kurs talabasi, namanganlik 24 yashar yigit ham shular qatorida.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan talaba Ozodlikka , karantin sabab ota- onasi ishsiz qolgani bois kontrakt pulini to‘lay olmayotganini aytadi.

“TMO guruhi talabasiman. Kontrakt puli 15,5 million so‘m. Men 5 million so‘mni 15 avgustgacha to‘lamasam, kursda qolaman. Lekin qanday to‘layman. Pandemiya sabab ota- onam ishsiz. Kontraktga pul yo‘q. Hozir kontrakt tugul, odamlar qorniga ovqat topa olmayapti. Oldin o‘quv yilida ikkiga bo‘lib to‘laganmiz. Lekin karantin sabab buni iloji bo‘lmayapti. Bunday muammoga duch kelgan kursdoshlarim ko‘p. Yozmagan joyimiz qolmadi. Ehson qilsin, demayapmiz. Imtiyozli davr bersin, bankdan imtiyozli kredit ajratib bersin”.

Talabalarni deputatlar ham qo‘llab chiqdi

Talabalarning onlayn norozilik harakatlari avj olayotgan bir paytda ayrim deputatlar ham talabalar himoyasiga chiqdi.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova kontrakt to‘lovlarini kamaytirish yoki karantin o‘tgunga qadar imtiyozli vaqt berish taklifini ilgari surdi.

“Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari OTMda to‘lanadigan kontrakt-to‘lovlaridan ozod qilinsa, bu ularga berilgan katta ishonch va imkoniyat bo‘lardi. Ikki yoki undan ortiq farzandlari to‘lov - kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalarimiz bor. Xuddi shunday oila farzandlari uchun ham kontrakt to‘lovlariga chegirmalar qilib berilsa, qanchadan-qancha oilalarning mushkuli oson bo‘lardi. Yoki farzandi super-kontraktda tahsil olayotgan va bugungi kunda pandemiya tufayli daromadidan ayrilgan oilalarga ko‘mak va imtiyozlar joriy etilsa, xalqimizning og‘iri yengil bo‘lib, erkin nafas olardi”.

Avvalroq deputat Farrux Abduhamidov ham OTMlarda kontrakt ta’tillari berish taklifi bilan chiqqandi.

Norozilikka sabab bo‘lgan vazir bayonoti

8 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov 2020-2021 o‘quv yilida talabalarning kontrakt to‘lovi o‘zgarishsiz qolishini bildirdi.

“Oliy o‘quv yurtlari bu yili kontrakt miqdorini o‘zgartirmaydi. Kamaytirmaydiyam, ko‘paytirmaydiyam. Kamaytirmasligining sababi, o‘zi hozirgi xarajat 9 million so‘mdan sal oshiq bo‘lsa, bizda 80% talabalar to‘laydigan kontrakt 6 million 400 ming so‘m, ya’ni o‘zi “minusda”. Kamaytirish mumkinmi? Mumkin. Lekin uni qoplash kerak. Kamaytirish emas, balki qoplash, nimaning hisobidan qoplash haqida gapirish kerak”, dedi Majidov

Vazir Majidov pandemiya muddatlari uzaytirilib, o‘qish onlayn tarzda davom ettirilgan holatda ham, kontrakt asosida o‘qiydigan talabalar xavotirlanishiga hech qanday asos yo‘qligini ta’kidladi:

“Hamma ham kontrakt ham to‘lamaydigan darajada emas, shuning uchun hammaga bir xil yechim qilib bo‘lmaydi. Agar talabaning vaziyati og‘ir bo‘lsa, talabaning qurbi to‘lashga yetmasa, oliy o‘quv yurti vaziyatni o‘rganib chiqib, shu talabaga yordam berib, kontraktni qoplash chorasi ko‘riladi”.

Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining Ozodlik 12 avgust kuni bog‘langan mulozimi vazirlik talabalarning onlayn harakatlaridan xabardorligini bildirdi.

“Internetda talabalar qilayotgan ishdan vazirlik xabardor. Ular kontrakt pulini kamaytirishni talab qilishmoqda. Vazirlik pandemiya sabab talabalarga qiyin bo‘lmaslik yo‘llarini izlayapti. Kontraktni to‘lay olmasa, o‘qishdan haydamaymiz, kursda qoldiramiz. Agar talaba imkoniyati yo‘q bo‘lsa, o‘qiydigan oliygohining rahbariyatiga chiqsin. Vazirimiz buni qa’tiy ta’kidlagan, kerak bo‘lsa, har bir rektor moliyaviy muammosi bor talaba bilan gaplashishi shart. Lekin hozircha kontraktni kamaytirish masalasi yo‘q”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan vazirlik mulozimi.

XS
SM
MD
LG