26 avgust kuni Belarusda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevich so‘roq qilindi. So‘roq 40 daqiqa davom etdi. Mamlakat rasmiylari 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalari e’lon qilinishi ortidan boshlangan norozilik namoyishlariga javoban muxolifatga bosimni kuchaytirmoqda.
25 avgustda Belarus muxolifati tuzgan muvofiqlashtirish qo‘mitasining ikki a’zosi rasmiy ruxsat berilmagan namoyishlarni uyushtirishda aybdor deb topilib, hibsga olindi.
Belarusda 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan beri mamlakatda norozilik namoyishlari to‘xtamayapti.
Xabarlarga ko‘ra, hukumatni tanqid qilib kelayotgan Aleksiyevich muxolifat kengashi yig‘inlarida qatnashmagan. 72 yoshdagi yozuvchi koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘chaga kamdan-kam chiqishi aytilmoqda.
O‘tgan haftada tuzilgan muxolifatni muvofiqlashtiruvchi kengashni Lukashenko «hokimiyatni bosib olishga urinish», deb baholadi.
21 avgust kuni kengashga qarshi jinoyat ishi ochilganidan beri rasmiylar kengash a’zolariga tazyiqni kuchaytirdi.
Bosimlarga qaramasdan, muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya mamlakatdagi demokratik harakat yengilmasligini ta’kidladi.
25 avgust kuni video orqali Yevropa parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi oldida so‘zlagan Tixanovskaya zo‘ravonlik va qamoq tahdidlariga qaramasdan, «Keyingi ikki hafta davomida beloruslar taslim bo‘lmasliklarini ko‘rsatishganini» aytdi.
Tixanovskaya saylov natijalari e’lon qilinishi ortidan Litvaga qochib o‘tgan.
Bu orada AFP xabar agentligi Yevropa Ittifoqi rasmiysiga tayangan holda Belarusdagi tuzumning saylov natijalarining soxtalashtirilishiga hamda politsiya zo‘ravonligiga aloqador 15-20 nafar a’zosiga qarshi sanksiya joriy qilinishini xabar qildi. Xususan, ularning xorijdagi mulklari muzlatiladi va sayohat qilishiga cheklov qo‘yiladi.
Lukashenko ikki haftadan beri tinchimayotgan norozilik namoyishlariga qaramasdan, lavozimidan voz kechmasligini aytmoqda.
Tixanovskayaning Belarusdagi asosiy namoyandasi Volga Kovalkova hamda namoyishlarni uyushtirishda qatnashgan Sergey Dilevskiy 25 avgust kuni 10 kun qamoq jazosiga hukm qilindi.
Muxolifat kengashining yana bir a’zosi, sobiq madaniyat vaziri Pavel Latushko ham so‘roq qilindi, ammo qo‘yib yuborildi. Latushko kengash hech qanday noqonuniy ishga qo‘l urmaganini aytib, o‘z faoliyatini davom ettirishini aytdi.
Tixanovskaya politsiya qo‘lida bugunga qadar kamida 6 nafar namoyishchi halok bo‘lganini va o‘nlab odam g‘oyib bo‘lganini aytib, Belarus rasmiylarini aholining siyosiy huquqlarini himoya qilishga, barcha siyosiy mahbuslarni qo‘yib yuborishga hamda «zo‘ravonlik va tahdidlarni» to‘xtatishga chaqirdi.
- Belarus uyg‘ondi. Biz endi muxolifatdagi ozchilik emas, balki ko‘pchilikni tashkil qilamiz, - dedi.
Tixanovskaya 23 avgust kuni 200 mingdan oshiq odam norozilik namoyishiga chiqqanini qo‘shimcha qildi.
Muxolifatchi, shuningdek, boshqa davlatlarni mamlakat suvereniteti va hududiy birligini himoya qilgan holda Belarus xalqining ochiq va adolatli saylov natijalariga erishish istagini qo‘llashga chorladi.
Tixanovskaya rasmiylarning namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlikka qo‘l urganini aytar ekan, tartibsizliklarni namoyishchilar keltirib chiqargani haqidagi iddaolarini rad etdi.
Lukashenko mamlakat armiyasini to‘liq jangovar shay holatga kelishni buyurdi. Bu esa avtoritar prezident misli ko‘rilmagan namoyishlarni kuch ishlatib bostirishi mumkinligi haqida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.
Lukashenko Belarusda namoyishlar uyushtiruvchilari bilan sodir bo‘ladigan har qanday to‘qnashuvda Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti uni qo‘llashini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi hamda AQSh saylovni tanqid qilib, namoyishchilarga qarshi ko‘rilgan choralarni qoralab keladi.