Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:47

Hukumat viloyatlararo qatnovni ochganiga qaramay, Farg‘onani Andijon bilan bog‘lovchi qisqa yo‘l yopiqligicha qolmoqda


Andijon va Farg‘ona shaharlari o‘rtasidagi eng qisqa magistral yo‘l 26 avgust kuni ham to‘silganicha qoldi.
Andijon va Farg‘ona shaharlari o‘rtasidagi eng qisqa magistral yo‘l 26 avgust kuni ham to‘silganicha qoldi.

Ozodlikka 26 avgust kuni murojaat qilgan farg‘onaliklarga ko‘ra¸ 15 avgustdan mamlakat miqyosida karantin cheklovlari yumshatilganiga qaramay¸ Farg‘onani Andijon bilan bog‘lovchi eng qisqa magistral yo‘l yopiqligicha qolmoqda.

Shahrixon-Quva yo‘li beton plitalar bilan to‘silib¸ blokpostni Milliy gvardiya va IIB qo‘riqlayotgani bois¸ vodiyning ikki gavjum shahri orasida qatnovchi aholi va tadbirkorlar Yozyovon cho‘lidan aylanib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

Ozodlik gaplashgan vodiyliklarga ko‘ra¸ "yo‘l Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning bir tomonlama buyrug‘i bilan" yopiq qolmoqda.

Oqibatda yo‘lovchi va haydovchilar yo‘lkiraning keskin oshgani¸ dehqonlarning oldi-berdisi uchun jiddiy qiyinchilik tug‘ilganini aytmoqda.

Ozodlik 26 avgust kuni Farg‘ona va Andijon viloyat hokimliklaridan magistral yo‘lning nima uchun to‘silganicha qolayotganiga izoh ola olmadi.

Farg‘ona hokimi prezident va hukumat qaroriga bo‘ysunmaydimi?

12 avgust kungi videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoev hukumatga 15 avgustdan boshlab karantin cheklovlarini yumshatish haqida topshiriq berdi.

Har bir fuqaromiz sog‘lig‘i va hayoti uchun kurashni yanada kuchaytirgan holda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini ta’minlash, aholining yashash sharoitini yengillashtirish maqsadida karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish zarur. Xalqimizning o‘zi shuni iltimos qilmoqda, deb iqtibos keltirdi Mirziyoyevdan prezident matbuot xizmati.

Bu topshiriq ortidan 17 avgustdan hududlar o‘rtasida avtotransport qatnovi, jamoat transporti va shahar atrofidagi avtobuslar qatnovi tiklandi.

Ozodlikka bog‘langan farg‘onaliklar¸ viloyat hokimini prezident va hukumatning bu qarorini ijro qilmaslikda ayblamoqda.

Ozodlik suhbatdoshlaridan biri¸ andijonlik tadbirkor. U magistral yo‘l yopiqligi uchun Farg‘onadagi mijozlariga mahsulot yetkazib berish “azobga aylangani”¸ o‘zaro oldi-berdining qimmatlashganini aytdi:

Hamma joyda postlar olindi¸ faqat Farg‘ona hokimi oldirmadi. Prezidentga qarindoshligi uchun hech kimdan qo‘rqmaydi shekilli. Mana bugun yana postga keldim - yana yopiq. Shofyorlar bilan gaplashsam¸ ayrimlari janjal qilgan ekan¸ ichki ishlarga opkirib rosa urishibdi. Andijon hokimi ham kelib ochtirolmapti bu postni. Andijon tomoni ochiq¸ Farg‘ona tomoni ëpiq. Qo‘qon¸ Yozyovon cho‘l bilan aylanib o‘tishyapti. Respublika bo‘yicha biror joyda post yo‘q¸ faqat G‘aniyevniki bor” .

Vodiydagi ikki gavjum shahar - Andijon va Farg‘ona orasida qatnovchi oddiy aholi va tadbirkorlar Ëzëvon cho‘li orqali o‘tishga majbur bo‘lmoqda.
Vodiydagi ikki gavjum shahar - Andijon va Farg‘ona orasida qatnovchi oddiy aholi va tadbirkorlar Ëzëvon cho‘li orqali o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

Bu suhbatdosh "Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning O‘zbekiston prezidentining xotini Ziroat Hoshimovaga jiyan ekani va shuning uchun unga hech kimning gapi o‘tmasligini" ta’kidladi.

Ozodlik Farg‘ona hokimining Birinchi oilaga qarindoshligini tasdiqlash yoki inkor etish imkoniga hozircha ega emas.

"Qisqa yo‘lni yopishdan maqsad aholi hayotini yanada og‘irlashtirishmi?"

12 avgust kuni karantin choralarini yumshatish zarurati haqida gapirgan Shavkat Mirziyoyev¸ uni pandemiya chekinmayotganiga qaramay¸ “aholining yashash sharoitini yengillashtirish maqsadi” bilan izohlagan edi.

Ozodlik gaplashgan vodiyliklar¸ Farg‘onani Andijon bilan bog‘lovchi qisqa yo‘lning to‘sib qo‘yilgani¸ aynan oddiy xalq yashash sharoitini “ataylab qiyinlashtirayotgani”ni aytmoqda.

Odamlar yosh bolalari bilan issiqning kunida ovorai sarson. Andijondan kelib, postda tushib, piyoda o‘tib, uyog‘iga yana qimmatga boshqa mashinaga o‘tirib ketyapti. Yo‘l kiralar qimmatlagan. Andijon-Farg‘ona 15 000 so‘m edi. Hozir yukingiz bo‘lsa¸ Yozyovon orqali 50-70000 gacha olib o‘tib qo‘yishyapti.”

Bu ma’lumotlar ortidan Ozodlik Andijon-Farg‘ona yo‘nalishida taksichilik qiluvchi ikkita haydovchi bilan bog‘landi. Bir-biridan mustaqil ravishda ikkala haydovchi ham Quva orqali o‘tuvchi qisqa magistral yo‘lning 26 avgust kuni ham to‘silganicha qolayotganini tasdiqladi.

“Bugun ham obyezddan odam tashiyapman. Yo‘l kirani men 20-30 mingga qimmatlatdim¸ ilojim yo‘q. Ko‘p so‘rayotganlar ham bor. Blokpostga bittasini yuki bilan oborgandim¸ juda qo‘pol gvardiyachi turgan ekan. Mashinadagi yukni blokpostning naryog‘idagi mashinaga ortish uchun beton to‘siqqacha haydashga qo‘ymadi. “Shuncha yukni 100 metrga qanday tashiydi”¸ desam¸ menga desa uchib o‘tsin¸ dedi. Blokpost yonidagilar yangi biznes boshlashipti¸ aravachilar turibdi¸ o‘shalarga pul berib¸ bir mashinaga ortilgan yuklarni blokpostdan aravada o‘tkazib¸ boshqa taksiga ortayapti odamlar. Xalqni bunaqa qiynashning kimga¸ nimaga keragi bor¸ biz kichkina odamlar¸ tushunmaymiz!"¸ dedi Ozodlik gaplashgan haydovchilardan biri.

Andijon va Farg‘ona viloyatlari o‘rtasiga qo‘yilgan beton to‘siqlar sabab¸ yo‘lning ikkala tomonidan kelganlar Quva postida tushib¸ yukini oradagi 100 metrlik "bufer zona"dan tashib o‘tib¸ safarini boshqa mashinada davom ettirishga majbur.
Andijon va Farg‘ona viloyatlari o‘rtasiga qo‘yilgan beton to‘siqlar sabab¸ yo‘lning ikkala tomonidan kelganlar Quva postida tushib¸ yukini oradagi 100 metrlik "bufer zona"dan tashib o‘tib¸ safarini boshqa mashinada davom ettirishga majbur.

Boshqa bir haydovchi esa¸ Shahrixon-Quva yo‘lidagi “Niyozbotir” postining 26 avgust kuni yopiq qolganiga shaxsan o‘zi guvoh bo‘lganini bildirdi.

Karantin desa¸ baribir aylanib o‘tishyapti. Bir mashinadan tushib¸ blokpostning naryog‘ida boshqasiga chiqish bilan koronavirus yuqtirish xavfi kuchaymaydimi? Hech kim odamlarga yo‘l nimaga to‘silganini aytmayapti”¸ dedi bu suhbatdosh.

Mahalliy matbuot yozdi¸ hokim qarorini o‘zgartirmadi

23 avgust kuni kun.uz muxbirlari Shahrixon-Quva yo‘liga o‘rnatilgan blokpostdan maxsus reportaj tayyorlab¸ oddiy xalqning ayni shikoyatlari o‘rin olgan videosuhbatlarni e’lon qilgan edi.

Ertasiga¸ “andijonliklar rasmiy Telegram kanali”da quyidagi “rasmiy xabar” tarqatildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona va Andijon viloyatlari o‘rtasidagi yo‘lga blokpost qo‘yib avtomobil harakati to‘xtatilgani haqida axborot tarqatilgan edi. Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Farg‘ona va Andijon viloyatlarini bog‘lab turuvchi A-373 xalqaro magistral yo‘li ochiq bo‘lib, bu yerdan har qanday transport vositalari harakati davom etmoqda. Xalqaro yuklar, ichki bozorga mo‘ljallangan yuklar ortgan va shaxsiy avtomobillar biron bir muammosiz kunning 24 soati davomida xarakat qilyapti.Mazkur yo‘lda avtotransportlarga hech qanday cheklov qo‘yilmaganini bildiramiz" .

“Rasmiy xabar”da tilga olingan A-373 xalqaro magistral yo‘li¸ aynan oddiy vodiylik va haydovchilar tilga olgan aylanma yo‘ldir.

Xalq e’tiroziga sabab bo‘layotgan Farg‘ona shahrini Andijon shahri bilan bog‘lovchi eng qisqa Shahrixon-Quva yo‘lining nega yopiq qolayotgani haqida na Andijon¸ na Farg‘ona hokimliklari hozirgacha jamoatchilikka biror izoh bergan emas.

26 avgust kuni Ozodlik Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot kotibi Muhammadjon Obidovga Telegram orqali yo‘lning yopiq qolayotgani sabablarini izhlashni so‘rab murojaat qildi.

Mulozim¸ Ozodlik savollarini o‘qiganiga qaramay¸ ularga javob bermadi.

Andijon va Farg‘ona viloyat hokimliklarining Ozodlik bog‘langan boshqa mulozimlari¸ Quva yo‘lining yopiq qolayotganini tasdiqlagan holda¸ uning sababidan bexabarligini aytish bilan cheklandi.

XS
SM
MD
LG