Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:24

Hukumat taklifi bilan qo‘shni davlat universitetlaridan qaytgan talabalar o‘qishga qabul qilinmayapti


Samarqand Davlat Universiteti qabul komissiyasi.
Samarqand Davlat Universiteti qabul komissiyasi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining fevraldagi buyrug‘i asosida o‘qishlarini qo‘shni davlatlardan o‘z yurtiga ko‘chirish uchun vataniga qaytib kelgan minglab o‘zbekistonlik talaba hanuz o‘qishga qabul qilinmagan.

Bu haqda Ozodlikka o‘tgan o‘quv yilining o‘rtasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning oliy o‘quv yurtlaridagi o‘qishini tashlab o‘z yurtiga qaytib kelgan talabalar bildirdi. Ularning aytishicha, o‘z viloyatlaridagi oliygohlar chet davlat OTMlarida o‘qiganini tasdiqlovchi hujjatlar yetarli emasligini aytib, ularni o‘qishga qabul qilmagan.

Ozodlik suhbatlashgan oliy o‘quv yurtlari mutasaddilariga ko‘ra, qaytib kelgan talabalarning xujjatlarini ular tahsil olgan oliygohlardan olish O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli cho‘zilmoqda.

Shu yilning 7 fevralidan O‘zbekistondagi oliygohlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalardan o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qila boshlagan, mutasaddilar o‘qishni ko‘chirishda hech qanday qo‘shimcha talablar va byurokratik muammolar bo‘lmasligini va’da qilgan edi.

Namanganlik Ahror (ismi talabaning iltimosiga ko‘ra o‘zgaririldi -tahr.) Qozog‘istonning Chimkent shahridagi Muxtor Avezov nomidagi universitetga o‘tgan yili o‘qishga kirgan.

U aksariyat o‘zbekistonlik talabalar qatori O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i asosida 2019-2020 o‘quv yilining yarmida Chimkentdagi o‘qishini tashlab, fevral oyida Namangan Davlat muhandislik texnologiya institutining Fizika-Matematika fakultetiga hujjat topshirgan.

- Oldiniga kechki bo‘limga qabul qilamiz deyishgandi. O‘qiganim haqidagi spravkalar falshivka emasmi, deb rosa savolga tutishgandi. Keyin yana chaqirib, pasportimdagi Qozog‘istonga kirdi-chiqdi pechatning nusxasini ham olishdi. Kutasizlar deyishdi, kutdik. 26 avgust kuni yana chaqirib, "ikki kun srok sizlarga, o‘qigan universitetlaring rektori nomidan firmenniy blankga spravka yozdirib kelasizlar, dedi. Bundan tashqari xorijdagi OTMdan o‘qishga qabul qilingan buyruqning notarius tasdiqlagan kopiyasini olib kelasizlar, u yerdagi delolaringni ham yig‘ishtirib kelasizlar deyapti, - deydi Ahror.

O‘zbekistondagi birgina Namangan Davlat muhandislik texnologiya institutiga qo‘shni davlatlardan qaytib kelgan 300dan ziyod talaba qabul komissiyasiga topshirgan arizalariga javob kutmoqda.

Institut qabul komissiyasi xodimlaridan biri 27 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalarning hujjatlarini oldirish kechikayotgani sababli ularni qabul qilish ham cho‘zilayotganini aytdi:

- Ko‘pchiligini hujjatlari qo‘shni davlatlardagi oliygohlarda qolgan. Shular oldirilmagunicha bu yerda ularni talabalikka qabul qilingani haqida prikaz chiqarib bo‘lmaydi.

Namanganlik Ahror esa institut qo‘ygan muxlat ichida hujjatlarni oldirish imkonsizligini aytadi:

- Bularni bir-ikki kunda olib bo‘lmaydi. Yo‘llar yopiq, karantinku hamma yer. Dekanga telefon qilsam, o‘zi jonimga tegdilaring, sizlarni problemang bu, dedi. Kechiksa keyinroq qabul qilinmaysizlar deyapti. Shunga hammani boshi qotgan.

O‘zbekistonning boshqa ba’zi viloyatlaridagi oliygohlarda ham shu ahvol. Xorazmdagi Urganch Davlat universitetiga qo‘shni davlatlardan qaytib kelib, hujjat topshirgan talabalar ham hanuz o‘qishga qabul qilinmagan.

Urganchlik talaba Guliston ham fevral oyida Janubiy Qozog‘istondagi Muxtor Avezov nomidagi xalqaro universitetdagi o‘qishini tashlab vataniga qaytib kelishga majbur bo‘lgan minglab talabaning biri:

- Olti oydan buyon kutamiz. U yoqqa aytsak O‘zbekiston bizlarni o‘qishga qabul qilganini tasdiqlovchi hujjat so‘raydi. O‘zbekistondagi OTMga borsak u yoqdan tasdiqnoma olib kel, deydi. Shuni Oliy ta’lim vazirligi o‘z kanallari orqali tashkillashtirsa bo‘ladiku. Ular o‘qishga qabul qilinishimiz haqida va’da berishgan, lekin hali hech birimiz o‘qishga qabul qilinganimiz yo‘q.

Qo‘shni davlatlarda tahsil olgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishini o‘z yurtiga ko‘chirishlari uchun o‘qigan joyidan transkript, ya’ni birinchi o‘quv yilida topshirgan imtihonlari haqida muhrlangan qog‘oz, ariza va pasportining nusxasini O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga taqdim etishlari kerak.

Urganch Davlat universiteti qabul komissiyasi xodimi bu haqda Ozodlikka shularni aytdi:

- Ularning orasida har xili bor. OTMga bormay onlayn o‘qigani bor, umuman o‘qimaganlari ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun talabalar xorijdan o‘qishni ko‘chirayotganda bizda tan olingan o‘quv shakllarida o‘qigan bo‘lishlari kerak. Masofaviy tarzda o‘qiganlar umuman qabul qilinmaydi. Shuning uchun biz ular o‘qigan oliygohlardan shuni so‘rayapmiz, qanday shaklda o‘qitilgan, deb spravka so‘rayapmiz. Ayrimlar Qozog‘iston yoki boshqa joydagi qarindoshlarini o‘rtaga solib, shu hujjatlarni oldirishyapti.

Shu patgacha qo‘shni davlatlardan qaytib kelgan qancha talaba qabul qilindi, degan Ozodlik savolini UrDU xodimi javobsiz qoldirdi.

Urganch Davlat universitetining rektori Bahrom Abdullayev ikki oy avval Ozodlik balan suhbatda 1000dan ziyod talabadan hujjat qabul qilingani, ularning hech biri ko‘chada qolmasligini aytgandi.

- Hech bir talaba ko‘chada qolmaydi. Bizda muammo yo‘q, joy yetarli, - degandi Abdullayev.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta’lim vazirining fevralda chiqargan buyrug‘i asosida, qo‘shni davlat oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik minglab talaba o‘qishlarini tashlab yurtiga qaytib keldi.

Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning oliy o‘quv yurtlarida,O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus vazirligiga ko‘ra, fevral oyiga qadar 35 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olgan.

Qo‘shni davlatlardan qancha talaba qaytgani va O‘zbekistondagi oliygohlarga o‘tkazish uchun qanchasi hujjat topshirgani, qaytgan talabalar uchun oliygohlarda o‘rinlar yetarlimi¸ degan savollarga O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta’lim vazirligidan ma’lumot olib bo‘lmadi.

Namangan Davlat muhandislik texnologiya instituti xodimi yuqori bosqich talabalarga o‘qish sentabr boshidan boshlanishi, yangi qabul qilingan talabalarga davlat test natijalari e’lon qilinganidan keyin, taxminan oktyabrdan o‘qishni boshlash rejalanayotganini aytdi.

Ozodlik qo‘shni davlatlarda o‘qigan talabalar o‘qishini O‘zbekistonga nega ko‘chirolmayotgani yuzasidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi rasmiylaridan izoh ololmadi.

Vazirlik rasmiy saytidagi matbuot xizmati telefon nomeriga kun davomida qo‘ng‘iroq qilindi, lekin hech kim telefonni ko‘tarmadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG